Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 5 mart kuni AQSHning Sivilizatsiyalar almashuvi va hamkorligi jamgʻarmasi (CECF) asoschisi va rahbari doktor Muhammad Bashor Arafot mehmon boʻldi.
Olim bilan uchrashuvda direktor oʻrinbosari O.Muhammadiyev yurtimizdagi diniy-maʼrifiy islohotlar va ularning samarasi oʻlaroq tashkil etilgan yangi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari haqida soʻz yuritib, mehmonni Markaz faoliyati va ilmiy xodimlar olib borayotgan tarjima va tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Bashor Arafot oʻzi rahbarlik qiladigan jamgʻarma haqida soʻzlar ekan, bugungi kunda CECF turli din va madaniyat vakillari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, dinlararo muloqotni shakllantirish va kengaytirish, “diniy diplomatiya”ni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator loyihalar ustida ishlayotganini qayd etdi.
Muloqot chogʻida tomonlar oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, xodimlar malakasini oshirish kabi masalalarni muhokama qildilar. Mehmonga Markaz tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdim etildi.