27-fevral kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Qoraqalpogʻistonda ish olib borayotgan targʻibot guruhi tomonidan Qoʻngʻirot, Moʻynoq, Qonlikoʻl va Shumanay tumanlari rahbar xodimlari va jamoatchiligi vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Ijtimoiy soha vakillari, davlat tashkilotlarining joylardagi boʻlimlari mutasaddilari, mahalla raislari, hududlardagi hokim yordamchilari, mahalla xotin-qizlar faollari, diniy soha olimlari, maktabgacha taʼlim muassasalari mudirlari, umumtaʼlim maktab direktorlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari qatnashgan tadbirda alloma ajdodlarimiz ega boʻlgan yuksak ilmiy salohiyat, ularning ulugʻ maʼnaviy siyrati va buyuk insoniy fazilatlari haqida soʻz bordi.
Targʻibotchilar “Buyuk allomalarimiz ilmiy merosida yuksak insonparvarlik gʻoyalari tarannumi”, “Yoshlarimizni yot oqimlarning buzgʻunchi gʻoyalaridan himoya qilish” va “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar” mavzularida maʼruzalar qildi.
Shuningdek, “Jaholatga qarshi maʼrifat – asosiy maqsadimiz” nomli film namoyish qilinib, markazlar tomonidan nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti tashkil etildi.