عَنْ عَائشَةَ أُمِّ المؤْمِنِينَ رَضي الله عَنْها أنَّ الحَارثَ بْنَ هشَام رضي الله عَنْه سَأَلَ رَسُولَ الله صَلى الله عَلَيه وَسَلم فَقَالَ: يَا رَسُولَ الله، كَيْفَ يَأْتِيكَ الوَحْيُ؟ فَقَالَ رَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم: أحْيَانًا يَأْتِيني مِثْلَ صَلْصَلَة الجَرَس، وَهُو أَشَدُّهُ عَلَيَّ، فيُفْصَمُ عَنِّي وَقَدْ وَعَيْتُ عَنْهُ مَا قَالَ، وأَحْيَانًا يَتَمَثَّلُ لي الملَكُ رَجُلًا فَيُكَلِّمُني فَأَعِي مَا يَقُولُ.
قَالَتْ عَائشَة رَضي الله عَنْها : وَلَقَدْ رَأَيْتُهُ يَنْزِلُ عَلَيْه الوَحْيُ في اليَوْمِ الشديدِ البَرْدِ، فيَفْصِمُ عَنْهُ وَإنَّ جَبِينَهُ لَيَتَفَصَّدُ عَرَقًا.
Moʻminlar onasi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
“Horis ibn Hishom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Ey Allohning Rasuli! Sizga vahiy qanday keladi?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gohida qoʻngʻiroqning jarangi kabi keladi, shunisi eng ogʻiridir. Soʻng ariydi, men esa aytilganlarni singdirib olgan boʻlaman. Gohida farishta menga inson qiyofasida koʻrinib gapiradi, shunda aytayotganini singdirib olaman”, dedilar”.
Oisha roziyallohu anho aytdilar: “Darhaqiqat, u zotga qattiq sovuq kunda vahiy nozil boʻlayotganini, soʻng u zotdan ariganida peshonalaridan ter chiqqanini koʻrganman”.
* * *
Ulamolar vahiyni quyidagicha taʼriflaydi: “Vahiy Alloh taoloning bandalari orasidan Oʻzi tanlab olgan shaxsga Oʻzi iroda qilgan hidoyatni tez
va maxfiy ravishda bildirishidir”.
Boshqacha aytganda, Alloh taoloning Oʻz anbiyolaridan biriga koʻrsatmalar yuborishi vahiydir. Bu yuborish tezlik bilan, boshqalardan maxfiy ravishda boʻlgani bois unga “vahiy” soʻzi qoʻllangan. Vahiyni, yaʼni diniy koʻrsatmalarini nabiylarga tezlik bilan va boshqalardan maxfiy ravishda yuborishning bir necha uslubi boʻlgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Horis roziyallohu anhuning savoliga javoban vahiyning qanday kelishini – uning ikki koʻrinishini bayon etdilar: qoʻngʻiroq jaranglashi va farishtaning inson qiyofasida kelishi. Oisha roziyallohu anhoning mazkur gapi vahiyning shiddatidan dalolat beradi. Vahiy koʻpincha ana shu ikki shaklning birida nozil boʻlardi. Biroq u faqat shu ikki koʻrinish bilan chegaralanmagan. Boshqacha holatlarda ham tushgan.
Bu oʻrinda toʻxtalish lozim boʻlgan yana bir jihat vahiyning ogʻir va mashaqqatli ekanidir. Alloh istaganda uni hech qanday mashaqqat va ogʻirliksiz nozil qilgan boʻlar edi. Vahiyning bu tarzda tushirilishi uning azamati, jaloli, qadri va darajasi naqadar yuqori ekanini ifodalaydi.
Shuningdek, bu bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maqom-darajalarini yuksaltiradi. Buni quyidagicha tushunish mumkin: oddiy
bir inson dunyoda dini uchun qancha koʻp mashaqqat chekib, qiyinchiliklarga sabr qilsa, oxiratdagi ajri shuncha ziyoda boʻladi. Demak, afzali koinot
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu mashaqqat yetadigan boʻlsa, u zotning ajrlari, darajalari ham chandon-chandon ziyoda boʻlishi turgan gap. Bundan boshqa hikmatlarini esa Alloh taoloning Oʻzi biladi.
“Sahihi Buxoriy” sharhi (1-jild) kitobi asosida tayyorlandi