Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan AQSH Tinchlik instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari Kongressi tomonidan asos solingan institut zoʻravonlik va toʻqnashuvlarga qarshi hamda global xavfsizlik uchun ish olib boradigan mustaqil tashkilot boʻlib, faoliyat maqsadi kelajakdagi ziddiyatli holat va inqirozlarning oldini olish, hukumatlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan nizolarni tinch yoʻl bilan hal qilish uchun mahalliy imkoniyatlarni yaratishdan iborat.
Markaz bilan mazkur muassasa oʻrtasida ilk bor 2018 yilda aloqa oʻrnatilgan. Institutning Markaziy Osiyo va Afgʻoniston dasturlari boʻyicha direktori Skot Vorden, katta ilmiy xodim Barmak Pajvak va AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimlaridan iborat delegatsiyaning Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrifi qoʻshma loyihalarni birgalikdagi amalga oshirish uchun amaliy imkoniyatlar yaratdi.
Oʻtgan davr davomida Tinchlik instituti bilan birgalikda “Tinchlik uchun pedagogika”, “Strategik rejalashtirish va tatbiq etish” mavzulari doirasida, shuningdek, ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish va targʻibot usullari boʻyicha yangi pedagogik metodlarni oʻqitishga qaratilgan qator seminar-treninglar tashkil etildi.
Ikki ilmiy muassasa oʻrtasida tuzilgan memorandum istiqbolda ham oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalar salmogʻi va qamrovini kengaytirishga xizmat qiladi.