Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganiga 32-yil toʻlishi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsoli” shiori ostida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev Vatanni muhofaza qilishning maʼnaviy jihatlariga toʻxtalib, shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bugungi globallashuv sharoitida uning qurolli himoyadan ahamiyati kam emasligini taʼkidladi.
Darhaqiqat, yurtimizdagi bayramlar orasida 14-yanvarda nishonlanadigan Vatan himoyachilari kunining ijtimoiy hayotimizda alohida oʻrni bor. Baxtli, farovon va osuda turmushimiz uchun Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlayotgan harbiylarimizning munosib xizmatlarini har qancha qadrlasak, eʼtirof etsak, arziydi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Vatan himoyasining diniy-maʼrifiy asoslarini keltirib, inson ongi va qalbi uchun gʻoyaviy kurash va vayronkor fitnalar avj olgan bugungi kunda mafkuraviy tahdidlarga qarshi munosib javob qaytarishga qaratilgan faoliyat bilan mashgʻul jamoani “Maʼnaviyat va maʼrifat qoʻriqchilari” sifatida eʼtirof etdi. Mazkur eʼtirof ilmiy xodimlarni yanada samarali mehnat qilib, oʻzini takomillashtirib, yuksak natijalarga erishishi uchun kuch-gʻayrat bagʻishlashi taʼkidlandi.
Ishtirokchilar tomonidan Vatan qadri, uning himoyasida turish sharafi bir necha hayotiy misollar asosida ulugʻlanib, tarix va boy madaniyatimiz, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros asosida Ona Vatanimizga sodiq, qatʼiy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega yoshlarni tarbiyalash zarurati qayd etildi.
Tadbir joʻshqin kayfiyat va bayramona ruhda oʻtdi.