Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatini har bir ishda moʻtadil boʻlgan, adolatli ummat ekanligini taʼriflab:
﴿وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ﴾
“Shuningdek (yaʼni haq yoʻlga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh boʻlishingiz va paygʻambar sizlarning ustingizda guvoh boʻlishi uchun oʻrta (adolatli) bir millat qildik”[1] deydi.
Yaʼni bu ummat oʻz aqidalarida, amallari va hukmlarida moʻtadil boʻlgan ummatdir. Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatlarini oʻz kalomi sharifida alohida ulugʻlab, ularni haq yoʻl sari hidoyat qildi va amallarida moʻtadil ummat qildik, deb taʼrifladi. Chunki dinda chuqur ketish hamda dinning qatʼiy boʻlmagan ahkomlarida mutaassibona amalda boʻlish toʻgʻri yoʻldan adashish va halokatning omilidir. Ularga shayton amallarini chiroyli koʻrsatib qoʻyganligi sababli turli bidʼat, xurofot va hatto shirk amallar sodir boʻladi.
Bu holatni salaf avliyolar, piru ustozlarga sigʻinish, ularning soʻzini oʻzining voqelikdagi holatiga toʻgʻri kelsa-kelmasa-da hayotiga tatbiq qilishda ham kuzatish mumkin. Biz bu soʻzlarimiz bilan piru murshid azizlarimizga taʼna toshi otishdan yiroqmiz. Ularning islom dini rivoji, xalqimizning milliy oʻzligini shakllantirish uchun qilgan va qilayotgan xizmatlari beqiyosdir. Ular Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xulqu siyratlarini oʻz hayotlariga tatbiq qilib, bu siyratni musulmonlarga amaliy namoyon qilgan ummatning gultojlaridir. Bunga tarixdan misollar juda koʻp. Soʻzimizning isboti oʻlaroq hamda tariqatning asl mohiyatini yanada yaqqolroq namoyon qilmoq uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislaridan keltirishni lozim deb topdik.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يَوْمًا بَارِزًا لِلنَّاسِ، إِذْ أَتَاهُ رَجُلٌ يَمْشِي فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ! مَا الْإِيمَانُ؟ قَالَ: الْإِيمَانُ أَنْ تُؤْمِنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَلِقَائِهِ وَتُؤْمِنَ بِالْبَعْثِ الْآخِرِ. قَالَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ مَا الْإِسْلَامُ؟ قَالَ: الْإِسْلَامُ أَنْ تَعْبُدَ اللَّهَ وَلَا تُشْرِكَ بِهِ شَيْئًا وَتُقِيمَ الصَّلَاةَ وَتُؤْتِيَ الزَّكَاةَ الْمَفْرُوضَةَ وَتَصُومَ رَمَضَانَ. قَالَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ! مَا الْإِحْسَانُ؟ قَالَ: الْإِحْسَانُ أَنْ تَعْبُدَ اللَّهَ كَأَنَّكَ تَرَاهُ، فَإِنْ لَمْ تَكُنْ تَرَاهُ فَإِنَّهُ يَرَاكَ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir kuni odamlar bilan suhbatlashib turgan edilar. Bir notanish kishi kelib: “Ey Rasululloh! Imon nima?” deb soʻradi. “Imon Allohga, uning farishtalariga, paygʻambarlarining haq ekanligiga, Allohni qiyomat kunida koʻrishga, oʻlgandan keyin tirilishga ishonishingdir”, dedilar. “Ey Rasululloh! Islom nima?” dedi. “Islom Allohga (shirk keltirmasdan) ibodat qilmogʻing, besh vaqt namoz oʻqimogʻing, farz zakotni bermogʻing va Ramazon roʻzasini tutmogʻingdur”, deb javob qildilar. “Ey Rasululloh! Ehson nima?” dedi. “Allohga uni koʻrib turganingdek ibodat qilmogʻingdir. Agar sen Uni koʻrmayotgan boʻlsang, U seni koʻrib turibdi”, dedilar[2].
Darhaqiqat, barcha musulmonlar imon va islom taʼriflari berilgan ibodatlarni ado etadi. Ammo musulmonlarning hammasi ham oʻz ibodatlarini hadis soʻngida keltirilgan ehson taʼrifida aytilganidek ado etolmaydi. Tariqatning mohiyati va maqsadi esa musulmonlarning ibodatini mana shu darajaga yetkazishdir.
Shubha yoʻqki, tariqat peshvolari sababli bu din ahkomlari, shariat odoblari qon-qonimizga singib, bizning milliy oʻzligimizga aylanganligini alohida eʼtirof etish lozim. Biroq oʻzini tariqat sohibi, yoxud dinning asl jonkuyari sifatida koʻrsatib, shariat ilmidan bexabar holda tariqatda peshvolikni daʼvo qilayotgan, Alloh va paygʻambarining buyrugʻi bir chetda qolib, dinda boʻlmagan, toqatdan tashqari amallarni targʻib qilayotgan kimsalarning “tariqat” nomi bilan ish yuritayotgani ham koʻz yumib boʻlmas holatdir. Zero, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda sarvari olam Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
عن أنس رضي الله عنه قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: “يكون في آخر الزمان عباد جهال و قراء فسقة”. رواه البيهقى والحاكم
“Oxirgi zamonga kelib johil obidlar[3] va fosiq olimlar paydo boʻladi,” deb ogohlantirganlar.[4]
Asl maqsadi din rivoji, jamiyat musaffoligidan boshqa narsa boʻlgan bunday “pir”larning yoʻli kesik, oxirati xorlikdan boshqa narsa emas.
Aslida shariat ahkomlarini joriy qilish yoki biror ibodatni farz qilish Alloh taologa va Uning izni bilan paygʻambarlariga xosdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda, eʼtiqodda qay darajada boʻlish lozimligini koʻrsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning oʻrtachasidir”, dedilar[5]. Sarvari olam paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deb turganlarida, oʻziga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishni soʻrab kelgan muridga toqatidan tashqari vazifalarni yuklash, tarkidunyochilikni targʻib qilib, ibodatlarga mukkasidan ketishga buyurish sunnati mutahharoga zid yoʻldir. Holbuki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
عن أنس رضي الله عنه قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «خَيْرُكُمْ مَنْ لَمْ يَتْرُكْ آخِرَتَهُ لِدُنْياهُ ولا دُنْياهُ لآخِرَتِهِ ولَمْ يَكُنْ كَلاًّ على النَّاسِ».
“Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk boʻlmaganlaringizdir,”[6] deganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini belgilab berganlaridan keyin ham tarkidunyochilikka targʻib qilib, “pirsiz yashashni dinsizlik” deb daʼvo qilayotganlar shariatning qaysi daliliga suyanmoqda?
Darhaqiqat, islom dini navqiron, bagʻrikeng dindir. Allohning dargohida shoh ham, gado ham, faqiru dunyodor ham, gunohsizu gunohkor ham, olimu johil ham, sogʻlomu bemor ham najot izlab, oʻz ehtiyojini topish ilinjida ibodatga yuzlanadi. Islom esa ularning barchasining toqatidagi dindir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
عن أنس بن مالك، عن النبي صلى الله عليه وسلم، قال: يسروا ولا تعسروا، وبشروا، ولا تنفروا.
“Dinni boshqalarga yengil qilib tushuntiringlar, ogʻirlashtirmanglar. Hamda dindagi yaxshilik bashoratlarini yetkazinglar, ularni nafratlantirib qoʻymanglar,”[7] deb marhamat qilganlar va bu dinni barcha bilan barobar baham koʻrish lozimligini uqtiradilar.
Baʼzan ayrim masjidlarda jamoadagi tariqat daʼvosidagi ayrim odamlarning oʻz imomlari ustidan shikoyat qilishlarini eshitib hayron qolamiz yoki ayrim namozxon birodarlarning boshqalarga “bosh kiyiming yoʻq, boʻyningda galstuk bor ekan, sening ibodating unaqa ekan, masjidga kelma”, “meni yonimda namoz oʻqima”, “sening ibodating ibodat emas”, degan soʻzlarni aytib, dil ogʻritganlarini yoxud tasavvuf daʼvosidagi ayrim kimsalarning boshqalar qoʻlidan, hatto onasi, xotini qoʻlidan taom yemasligi-yu oʻz tariqatida boʻlmaganlarni “kofir” deb aytishlari kishining hayratini yanada oshiradi.
Oʻzlarini tariqatga mansubligini daʼvo qilayotgan ayrim kimsalar mutaassiblikning shu qadar chuqur nuqtasiga yetganki, hatto bosh kiyimsiz namoz oʻqiydiganlarni, tariqatda boʻlmaganlarni kofir deyish darajasiga borib yetgan[8].
Dinda mutaassibona yoʻl tutib, faqat musulmon birodarini ayblaydigan, oʻziga maʼqul boʻlmagan ishi sabab uni kofirga chiqaradigan bunday kimsalarning masjidga kelishidan, islom arkonlarini bajarish, ibodat qilishdan maqsadi nima? Jamoada bir-biriga nisbatan nafrat uygʻotishmi? Yoki oʻzini din sohasida bilimdon, taqvodor qilib koʻrsatishmi? Yoki kimnidir ayblab, jamoada fisqu fasod qoʻzgʻashmi? Avvalo, ibodatdan maqsad Alloh taoloning roziligini topish, oxirat saodatiga erishish ekan, demak, bunday kimsalar birinchi navbatda oʻz niyatlarini, maqsadlarini toʻgʻrilab olishi kerak.
Aziz Birodarim! Tariqat, yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, ahdi qatʼiy, taqvosi mustahkam ulugʻlar yoʻli. Yuqoridagi tanqidlarimiz esa sof tariqatning asl sohiblariga emas, yosh yigit-qizlarni ilm-maʼrifatdan toʻsib, farz va sunnat ibodatlardan tashqari yana bir qancha vazifalarni yuklab tashlaydigan, qoʻshtirnoq ichidagi tariqatning soxta “pirlari”ga tegishli. Sof tariqat va uning asl mohiyati hamda maqsadi alohida bir ulkan mavzu. Bu mavzuda soʻzimizni muxtasar qilsak, chunki kishi imonning nimaligini taʼriflash uchun avvalo iymonga kirmogʻi lozim boʻlganidek, tariqat haqida xolis soʻz yuritish uchun tasavvufdan yetarli darajada boxabar boʻlish lozim. Bu boradagi tavsiyamiz, tariqat istaganlar shariat ilmini mukammal egallagan, ustozlik maqomidagi ulugʻlarimizga murojaat qilsalar maqsadga muvofiq boʻlur edi.