Home / FOTO LAVHALAR / TAQDIRLANGANLARGA MUKOFOTLAR TOPSHIRILDI

TAQDIRLANGANLARGA MUKOFOTLAR TOPSHIRILDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyatida diniy sohadagi islohotlar samaradorligiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimizga “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonlarini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimligi mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, Markaz jamoasi va Hadis ilmi maktabi talabalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari Bahodir Qodirov xalqimizning asriy orzulari roʻyobga chiqib, milliy qadriyatlarimiz tiklanayotgani, ayniqsa, soʻnggi yillarda barcha sohalar qatori eʼtiqod erkinligini taʼminlash va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlashga ham alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

– Ayniqsa, 2023 yil samarali gʻoyat boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25 sentyabrdagi “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori yurtimizdagi diniy-maʼrifiy soha vakillari samarali mehnatining eʼtirofidir, – dedi B.Qodirov.

Qarorga koʻra, ushbu koʻkrak nishoni bilan eʼtiqod erkinligini taʼminlash, dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash va maʼnaviy muhit barqarorligini saqlashdagi ibratli ishlari uchun yetuk ulamolar, atoqli arboblar, diniy soha rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy olimlar taqdirlanishi belgilangan. Viloyatning 5 vakili ana shunday eʼtirofga munosib topildi. Quvonarlisi shundaki, ular orasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimi boshligʻi Tohir Evadullayev ham bor.

Taqdirlanganlarga mukofot viloyat hokimi oʻrinbosari tomonidan tantanali tarzda topshirildi.

Nishon sovrindorlari mamlakatimizda diniy-maʼrifiy soha rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida qilinayotgan mehnatning bunday yuksak eʼtirofi alohida masʼuliyat yuklab, faollikni yanada oshirishga undashini, yangi ilmiy yutuqlarga ilhomlantirishini qayd etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …