Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Urganch shahrida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Faxriddin Roziy oʻrta maxsus islom bilim yurtida “Imom Buxoriy merosi – yot gʻoyalarga qarshi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Markaz xodimlari talabalar bilan ekstremizm va terrorizmning hozir eng xavfli va oqibatlarini bashorat qilib boʻlmaydigan hodisalar ekanidan kelib chiqib, ularning oldini olish uchun vatanparvarlik, anʼanaviy qadriyatlar va bagʻrikenglik gʻoyalarini kengroq targʻib qilishning dolzarb ahamiyati yuzasidan muloqot qildi.
Tadbirda barchani ogoh etish, sof islom dinini asrab, uni gʻarazli xurujlardan himoya qilish va unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodga haqiqiy aqidani oʻrgatib borish zarurligi taʼkidlandi.
Targʻibotchilar Markazda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, erishilayotgan natijalar va qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, nashr qilinayotgan adabiyotlar xususida ham atroflicha maʼlumot berib oʻtdi.
Shu bilan Markaz ilmiy xodimlarining Xorazm viloyatidagi targʻibot missiyasi nihoyasiga yetdi. Hafta davomida viloyatning oʻnga yaqin shahar-tumanidagi 30 dan ortiq mahalla ahli bilan, shuningdek, 6 oliy taʼlim dargohi va oʻrta-maxsus islom bilim yurtida talaba-yoshlar ishtirokida tashkil etilgan qirqqa yaqin tadbirda mahalliy aholi vakillaridan 2500 dan ziyodi qamrab olindi.
Chunonchi, targʻibotchilar mahallalardagi uchrashuvlar doirasida ayrim xonadonlarga ham kirib, turli qatlam vakillari bilan muloqot qildi.
Asosiy eʼtibor mahalla ahli va yoshlarning huquqiy madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan tadbirlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ehtiyojlari, talab va istaklari, taklif va tashabbuslari ham oʻrganildi.
Markazning yurtimiz boʻylab targʻibot tadbirlari davom etadi.