Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Xorazm viloyatida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida oʻtkazilayotgan tadbirlar Urganchda davom etdi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filialida “Imom Buxoriy merosi – yot gʻoyalarga qarshi” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Markaz ilmiy xodimi J.Jumayev, filial direktori Oʻ.Matyoqubov ishtirokida talaba-yoshlar bilan bugungi kunda dunyo boʻyicha loqaydsizlik va jaholat oqibatida yuzaga kelayotgan illatlar, ularning oldini olish choralari, maʼrifatli inson sifatlari, komillik fazilatlari xususida muloqot uyushtirildi.
Xuddi shunday tadbir Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida ham oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari S.Abduvoitov va A.Mamadaliyev yuksak maʼnaviyatli va mustahkam eʼtiqodli boʻlish uchun koʻproq kitob mutolaa qilish kerakligi, ilmli kishi hech qayerda pand yemasligini taʼkidlab, talabalarni hushyorlikka, beparvo boʻlmaslikka chaqirdi.
Tadbirlarning faol ishtirokchilari Markazning esdalik sovgʻalari va adabiyotlari bilan ragʻbatlantirildi.