Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida galdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Misr, Germaniya, Avstriya va Turkiyadan olimlar ishtirok etdi.
Seminarda Qohiradagi Amerika universiteti dotsenti Ahmad Xon “Oʻrta asrlarda Xuroson va Movarounnahrdagi huquq va jamiyat: shurut asarlari” mavzusida maʼruza qildi.
Olim Oʻrta asrlarda Movarounnahr va Xuroson hayotining huquqiy jihatlari haqida maʼlumotlar keltirib, islomning huquqqa oid manbalari va fiqhning davlat va hududlarni boshqarish amaliyotida tutgan muhim oʻrnini alohida taʼkidladi.
Maʼruzada huquq va tarix ilmlari oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik turli manbalar – xronikalar, biografik lugʻatlar, hujjatlar va huquqiy asarlar vositasida koʻrsatib berildi.
Seminarda huquqqa oid asarlar sirasidagi ijobiy huquqiy taʼlimot (fiqh), yangi huquqiy ishlar (navozil) va huquqiy fikrlar (fatvolar) muhokamasiga ham keng oʻrin ajratildi va yuridik manba – shurut asarlarning oʻrganilayotgan davrdagi mavqeiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shurut ilmi – huquqiy shartnomalar va ularni tuzishni oʻrganadigan soha boʻlib, fiqhga oid barcha turdagi kelishuv, vasiqa, vaqf va boshqa qozilik hujjatlarini qonuniy rasmiylashtirish boʻyicha qatʼiy tartiblab berilgan qoidalar majmuasini oʻz ichiga oladi.
Maʼruzachi shurut asarlarining islom huquqini oʻrganishdagi yuksak ahamiyatini qayd etib, huquqiy manbalarning yaratilish tarixiga toʻxtaldi. Gap shundaki, zamonaviy ilm-fanda faqat X asrda Misrda bitilgan shunday asarlar koʻproq tilga olinadi. Olim esa izlanishlar koʻlamini kengaytirib, Xuroson va Movarounnahr hududidagi huquqiy hayotni chuqurroq tadqiq etishni niyat qilgan.
Ahmad Xon hududda huquqiy taʼlimotning rivojlanishi, shurut asarlarini tartiblagan allomalar, eng yirik fiqhiy manbalar, yer, mulk va hukmdorlarga oid ijtimoiy-tarixiy voqeliklar xususida atroflicha maʼlumot berdi.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati