Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Yosh olimlar kengashi hamkorligida mamlakatimiz boʻylab mazkur akademiyaning 80 yilligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan Yosh olimlarning innovatsion insaytlari haftaligi doirasida “Zamonaviy fan va texnologiyalar taraqqiyotining ijtimoiy fanlar rivojidagi oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi. Unda yurtimiz hamda Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Armaniston va Ozarbayjondan yosh olimlar ishtirok etdi.
Onlayn va oflayn tarzda oʻtkazilgan anjumanda tarix va tilshunoslikda katta maʼlumotlar bilan ishlashda raqamlashtirishning afzalliklari, qadimgi Sharq qoʻlyozmalarini oʻrganishda va raqamli muzeylar ishini tashkil qilishda sunʼiy intellektdan foydalanish, ziyorat turizmi taraqqiyotida VR-texnologiyalarni (Virtual Realitu) keng qoʻllash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Konferensiya qatnashchilari keyingi paytlarda keng ommalashayotgan va texnologik rivojlanishning asosi deb qaralayotgan sunʼiy intellektning imkoniyatlari, yutuq va kamchiliklarini sanab oʻtib, falsafiy nuqtai nazardan uning ilm-fan rivojida zamonaviy paradigmaning ajralmas qismi sifatidagi muhim oʻrnini eʼtirof etdi.
Ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlarda koʻp madaniyatli bagʻrikenglik munosabatlarini rivojlantirish masalasiga ham toʻxtaldi. Elektron sahifalarda ezgulik va rahmdillik anʼanalarini keng targʻib qilish, insonparvarlik va mehr-oqibat tuygʻulariga yoʻgʻrilgan postlar ommalashuvini taʼminlash, fidoyilik va sadoqat, halollik va poklikka undovchi, mustaqil fikrlash va sogʻlom turmush tarziga oʻrgatuvchi kontentni koʻpaytirish ijtimoiy zarurat ekani alohida qayd etildi.
Konferensiya konstruktiv muhitda, ishchan va amaliy ruhda oʻtdi.
Ishtirokchilar Markaz muzeyi va kutubxona faoliyati bilan tanishdi.