Misrning Daralmaref.com (“Dorul maorif”) axborot saytida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimi boshligʻi Tohir Evadullayev intervyusi asosida tayyorlangan “Oʻzbekiston 2025 yilda Samarqandda muhtasham Imom Buxoriy majmuasi ochilishiga hozirlik koʻrmoqda” sarlavhasi ostida maqola chop etildi.
Markaz axborot xizmatining maʼlum qilishicha, maqolada Xoʻja Ismoil shaharchasida olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari xususida, jumladan, qaytadan qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasi loyihasi, bunyod etilayotgan mehmonxonalar, mahalliy va xorijiy ziyoratchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil soʻz yuritilgan.
Maqolada markaz va Misrning Al-Azhar universiteti oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holatiga alohida urgʻu berilib, Al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Muhammad Toyyibning 2020 yil mart oyida markazga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar diniy-maʼrifiy muassasalar oʻrtasida ilm-fan, taʼlim va din ishlari sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilgani, ikki dargoh tadqiqotchilari ishtirokida onlayn maʼruzalar tashkil etilayotgani va kitob taqdimotlari hamda yirik nufuzli anjumanlar oʻtkazilayotgani taʼkidlangan.
T.Evadullayev intervyu davomida Markazni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad, olib borilayotgan ilmiy faoliyat natijalari hamda allomalar ilmiy merosini oʻrganish va tadqiq etish, Imom Buxoriy va boshqa allomalarimiz qalamiga mansub asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish ishlari, dunyo kitob fondlaridan jamlanayotgan qoʻlyozma asarlar nusxalariga ham alohida toʻxtalgan.
Markaz ilmiy xodimi, shuningdek, mamlakatimizda ziyorat turizmi istiqbollariga eʼtibor qaratib, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Bahouddin Naqshband, Imom Termiziy kabi movarounnahrlik mutafakkirlarning islom ilmlari rivojiga qoʻshgan hissasi va ularning xoki, ayniqsa, Rasululloh alayhissalomning dinimizni keng targʻib qilish uchun Samarqandga kelgan amakivachchalari Qusam ibn Abbos maqbarasi aynan diyorimizda joylashganini iftixor bilan tilga olgan.
Maqoladan Samarqand mintaqaviy restavratsiya markazi mutaxassisi Yoqubjon Hazratqulovning yurtimizdagi ziyoratgohlarni obodonlashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar xususida bergan maʼlumotlari ham oʻrin olgan.
Mazkur material Misrning ahram.org va almkal.com internet nashrlarida ham eʼlon qilindi.