Oʻn beshinchi dars. Muruvvatlik, xushxulqlik va olijanoblik.
Ey oʻgʻlim! Muruvvati kam, himmati va qadri past, oilasi va qarindoshlari orasida hurmatsiz, tahqirlansa boʻyin egadigan, kamsitilsa oʻzini himoya qilish oʻrniga qoʻrqoqlik qiladigan kishida yaxshilik yoʻq. Bunday insonlar diniy ilmlar tolibi nomi bilan sharaflanishga munosib emas va shariat ilmlarini ololmaydilar.
Ey oʻgʻlim! Muruvvatingni saqla. Bundan boshqasida oʻzingni urintirma. Aqli pastlarga aralashishdan va razil kimsalar bilan munosabatda boʻlishdan ehtiyot boʻl. Pastkashlardan oʻzingni yiroq tut. Qorning va nafsi havoying quli boʻlma.
Ey oʻgʻlim! Mol-dunyosi oz boʻlish odamlarning aybi hisoblanmaydi. Insonning muruvvatsizligi uning nuqsonidir, boyligining kamligi emas. Zero, kishi yaxshi ishlari tufayli maqtaladi, molining koʻpligi bilan emas.
Muruvvatning yana bir koʻrinishi rizqingdan qanoatlanib, xorlanib soʻrashdan saqlanishingdir. Qaddingni tik tutib yurishga kifoya qiladigan nasibang senga yetarli. Oʻtib ketadigan lazzatlarni deb birovning minnatini koʻtarma.
Muruvvatning yana bir koʻrinishi muhtoj doʻstlaringga hurmat va mehr nazari bilan boqishingdir.
Muruvvatning yana bir koʻrinishi birorta doʻstingga moddiy taraflama yordam bergudek boʻlsang, bu ehsoningni uni xoʻrlash va tahqirlashga dastak qilma.
Ey oʻgʻlim! Oʻch olishga qodir boʻla turib senga zulm qilganni kechirishing, yomonlik qilganga yaxshilik koʻrsatishing jasurlikdir. Oʻzingni zararingga boʻlsa ham haqni gapirishing, foydangni deb doʻstingga zarar yetkazmasliging jasurlikdir. Garchi oʻta muhtoj va faqir boʻlsang-da, hurmatingni saqlamogʻing mardlikdir.
Ey oʻgʻlim! Kim oʻzini yaxshi koʻrmasa, mol-davlat va boshqa narsadan ham manfaat topa olmaydi. Inson oʻzi aziz boʻlishi, mol-davlat bilan azizlikka erishishidan afzal. Insonning azizligi insonlar koʻz oʻngida, garchi faqir boʻlsa ham chiroyli koʻrinib yurishidir. Insonning oliyjanobligi, uning uchun qanchalik yuqori martabada tursa ham birovga dardini oshkora qilmasligi. Oliyjanoblikning yana bir koʻrinishi, hayotning oʻnqir-choʻnqirlariga mardonavor sabr qilmogʻing, hojatingni Xojangdan oʻzgaga arz qilmasliging.
Ey oʻgʻlim! Oliyjanob, muruvvatli, xushmuomala boʻlish oʻzingga ham birorta doʻstingga ham va boshqa vatandoshlaringga ham adolatsizlik, zulm va tahqirlashni istamasligingdir. Kindik qoning toʻkilgan, havosidan nafas olgan vataningga nisbatan ham yomonlikni istama. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Moʻmin moʻmin uchun bir-birini ushlab turadigan devordek”[1], dedilar. Jamiyat aʼzolari goʻyo bir tana ekan, ulardan biriga nisbatan sodir qilingan insofsizlik va zulm jamiyatning boshqa aʼzolariga ham taʼsir qilishi muqarrar. Shu bois dinimizda muruvvatli boʻlish insoniy aloqalarni muhofaza qilishning asosiy vositasi qilib belgilangan. Agar oliyjanoblik, insof va adolatni, halollik va xushmuomalani oʻzimizga mezon qilsak, dunyoyu oxirat yaxshiliklariga ega boʻlamiz, shunda jamiyat aʼzolari yanada jipslashadi, vatan gullab yashnaydi. Alloh taolo barchamizni oliyjanoblik, xushmuomalalik va muruvvatlilik sifatlari bilan bezasin.