Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va AQSH Tinchlik instituti hamkorligida “Markaziy Osiyoda millatlararo diniy bagʻrikenglik tamoyillarini yoyishda AQSH Tinchlik institutining tajribasi” mavzusida onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, AQSH va yurtimizdagi oliy taʼlim va ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, olimlar ishtirok etdi.
Seminarda AQSH Tinchlik institutining Afgʻoniston va Markaziy Osiyo boʻyicha loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Barmak Pajvakning mavzu yuzasidan maʼruzasi tinglandi.
Maʼruzachi S5+1 dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar, Iroq va Suriyada Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun Tinchlik instituti tomonidan koʻrsatilgan amaliy yordamlarga toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, bu borada Oʻzbekistonning fuqarolarni mamlakatga qaytarish boʻyicha amalga oshirgan amaliy harakatlarini ijobiy tilga olib, mazkur ishlarni institutning Oʻzbekiston bilan birga amalga oshirayotgan muvaffaqiyatli dasturlaridan biri sifatida eʼtirof etdi.
Barmak Pajvak soʻnggi yillarda internet tarmogʻi orqali tarqalib borayotgan radikalizm gʻoyalari va unga qarshi olib borilayotgan ishlar xususida ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
Jumladan, mazkur yoʻnalishda alohida dastur asosida mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokida ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yuritish yuzasidan seminarlar tashkil qilingani, bunda, tarqatilayotgan radikal gʻoyalarga qarshi turish boʻyicha ijro organlari va diniy soha vakillari hamkorligida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish usullari haqida tushunchalar berilgani haqida maʼlumot berdi. Bu oʻrinda olim ikkala soha vakillari oʻrtasida mavzular yuzasidan muloqotlarni koʻpaytirish hamda bu borada samarali yangi loyihalar ishlab chiqish zaruratini alohida taʼkidladi.
Seminarda Markazning islom dini va unga oid bilimlarni targʻib qilishda Tinchlik instituti bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan treninglar nafaqat mahalliy darajada, balki xalqaro darajada ham oʻzining ijobiy samarasini berishi taʼkidlandi.
Maʼruzachi mavzu yuzasidan savollarga tegishli javoblarni berdi.