Home / HADIS / ILMNING FAZILATI

ILMNING FAZILATI

“Ilm – saodat kaliti, ilmsizlik – jaholatdir”, deydi donolar. Darhaqiqat, ilm insonni kamolotga, saodatga yetaklaydi. Dinlarning ustuni boʻlgan islomda  ham bu narsa oʻz aksini topgan.Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk bor:

اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ

“Oʻqing (ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot boʻlmish Rabbingiz ismi bilan![1] oyatini nozil qildi. Buning orqasidan har bir moʻmin-musulmonga ilm oʻrganish vazifasini yukladi. Bu ilm shuki, u shariat ahkomlari, halol-harom va odob-axloq, tabobat, sanoat, ziroat, tijorat, falakiyot kabi barcha diniy va dunyoviy ilmlarni qamrab oladi. Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini ilmga ushbu tarzda ragʻbatlantirgan: “Mendan bir oyat boʻlsa ham yetkazinglar. Bani Isroil haqida esa soʻzlayvering, tanglik yoʻq. Kim menga nisbatan qasddan yolgʻon toʻqisa, doʻzaxdan joyini olaversin” ( Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, Qurʼon, hadis, fiqh va shu kabi shariat ilmlarini oʻrgatish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlaridir. Bani Isroildan kelgan rivoyatlarni ibrat va nasihat uchun odamlarga gapirib berishda monelik yoʻq. Faqat bu rivoyatlar Qurʼoni karim taʼlimotiga mos kelsin. Toʻqima rivoyatlarni gapirib, gunohkor boʻlishdan saqlanish kerak. Ilm omonat boʻlsa, yolgʻon toʻqish xiyonatdir. Shuning uchun ilm yolgʻon aralashmagan, ishonchli boʻlishi shart. Shunda odamlar orasida yolgʻon yurmaydi va aqllar adashmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm talab qilib yoʻlga chiqsa, Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Demak, jannatga kirishning bir yoʻli odamlarga foydasi tegadigan ilmni egallashdir. Chunki ilmli inson quyoshga oʻxshaydi, kirgan joyini yoritadi. Qorongʻilikda qolgan har bir kishi unga muhtoj boʻladi. Yuksak pogʻonalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Zero, ilm haqni botildan, yaxshini yomondan va toʻgʻrini buzuqdan ajratib beradi.

Kim bir insonni yaxshilikka va haqiqatga yoʻllab qoʻysa yoki  ilm oʻrgatsa, u qilgan ishning savobi ustoziga (oʻrgatuvchiga) ham kamaytirilmasdan beriladi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir kishini hidoyatga chorlasa, undagi solih amallarning savobi kamaytirilmasdan unga ham beriladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ilmning foydasi toʻxtab qolmaydi. Hatto inson vafot etgandan keyin ham  savobi borib turadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki odam bolasi oʻlsa, amali toʻxtaydi. Magar uch narsadan: joriy sadaqadan, manfaat oladigan ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Ixlosmand olim hayoti davomida Alloh taologa itoat qilish libosini kiyib oladi. Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Kim ilm talabida yoʻlga chiqsa, toki qaytib kelgunicha Alloh yoʻlidadirdedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Zero, olim dinni tiriltirish, himoya qilish va ummatning kelajagi uchun jon-jahdi bilan tirishadi. Kim ilm talabida safar qilib vafot etsa, shahidlar qatorida boʻladi. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim ilm talab qilayotgan vaqtida ajali yetib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan paygʻambarlar oʻrtasini faqat paygʻambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Ilm ibodatlarning afzalidir. Ulamolar qadrlangan zamon va makonda doimo yaxshiliklar boʻladi. Chunki ular paygʻambarlarning merosxoʻri, ilm-maʼrifatni xalqqa yetkazish vazifasini zimmasiga olgan insonlardir. Ular ilm orqasidan mol-dunyo, shuhrat va martabani qasd qilmaydi. Shu sababli Alloh taolo ularni bu dunyoda ham, oxiratda ham aziz qilgan. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim ilm talab qilib yoʻlga chiqsa, Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Farishtalar tolibi ilmning qilayotgan ishidan rozi boʻlgan hollarida unga qanotlarini yozadi. Olimga osmondagilar, yerdagilar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytishadi. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga oʻxshaydi. Olimlar anbiyolarning merosxoʻrlaridir. Anbiyolar dinor ham, dirham ham meros qoldirmagan. Ular ilmni meros qoldirgan, xolos. Kim oʻshani olsa, ulugʻ nasibani olibdi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Olimning vazifasi oʻz ilmini keyingi avlodga qoldirishdir. Kim ilmni berkitsa,  odamlarga yetkazmasa, qiyomat kuni alohida azob bilan azoblanadi.   

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir ilmdan soʻralsa-yu, u oʻshani yashirsa, qiyomat kuni Alloh uni olovdan boʻlgan yugan bilan yuganlaydi”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa hadisda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Allohning roziligini istab oʻrganiladigan ilmni mol-dunyoga yetishish maqsadida oʻrgansa, qiyomat kuni jannatning hidini ham topmaydi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Olimlari boʻlmagan jamiyat halokatga yuz tutadi. Chunki bu jamiyatda odamlar bilmagan narsasini johillardan soʻraydi. Ular notoʻgʻri fatvo berib, adashtiradi. Demak, xolis niyatli olimlarning borligi odamlarning adashmasligi garovidir.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh ilmni bandalaridan birdaniga sugʻurib olmaydi, balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan sugʻurib oladi. Nihoyat, birorta olimni qoldirmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular soʻraladilar va ilmsiz ravishda fatvo berishadi. Natijada adashadi va adashtiradi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Jaholat bu – zulm va xavf-xatar. Undan qutulishning yagona yoʻli  ilm olishdir. Insonga dunyoda ham, oxiratda ham ilmdan koʻra koʻproq foyda keltiradigan narsa yoʻq. Jaholatdan-da koʻproq zarar beruvchi narsa ham yoʻq. Turmushning farovon boʻlishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan boʻladi. Inson ilm orqali dunyo va oxiratini obod qiladi.

[1] Alaq surasi, 1-oyat.
Otabek BAHRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …