Arbinjon shahri tarixda “Arbinjon”, “Arbinjoni”, “Arbinj”, “Rabinjon” va “Arabnajn” nomlari bilan atalgan[1]. Aksar arab manbalarida “أَرْبِنْجَن” –“Arbinjon” shaklida kelgan[2].
Oʻrta asrlarda Samarqand Sugʻdini Buxoro Sugʻdidan Arbinjon va Karmana shaharlaridan Buttamongacha boʻlgan hudud ajratib turgan. Samarqandning Buxoroga yaqin yerlarida Ishtixon, Kushoniya, Dabusiya va Arbinjon joylashgan. Ishtixon va Kushoniya Qoradaryoning shimolida, Dabusiya va Arbinjon janubida boʻlgan.
Abulqosim ibn Havqalning “Kitobul masolik val mamolik” (“Yoʻllar va mamlakatlar haqidagi kitob”) asarida keltirilishicha Karmanadan Dabusiyagacha toʻrt, Dabusiyadan Arbinjongacha besh, Arbinjondan Zarmongacha besh farsah masofa boʻlgan[3]. Yozma manbalarda qayd etilishicha, Arbinjon Dabusiyadan kattaroq boʻlgan. 1158 yili Xorazmshoh El Arslonning Samarqandga yurishi davrida vayron etilgan[4]. Hozirgi kunda shaharning xarobalari Narpay tumani Qadim mahallasi Yovuzguzar qishlogʻi hududida saqlanib qolgan.
Arbinjon shahri mudofaa nuqtai nazardan va iqtisodiy jihatdan qulay hududda joylashgan. Shahar: ark, oddiy odamlar yashaydigan shahriston va hunarmandlar joylashgan rabotini oʻz ichiga olgan. Atrofida Sakon, Sankabos, Sankadizak, Furqon, Karzon kabi bir necha qishloq unga tobe boʻlgan. Arbinjonda turli davrlarda A.Yu.Yakubovskiy, V.A.Shishkin, T.Mirgʻiyosov, G.A.Pugachenkova, Yu.F.Buryakov va O.M.Rostovsev kabi tarixchi – arxeologlar tomonidan arxeologik tadqiqotlar oʻtkazilgan. Qazishmalar chogʻida X asrning birinchi yarmiga oid bir necha oltin dinor, kumush va mis tangalar topilgan.
Arbinjonda dehqonchilik bilan birga toʻqimachilik ham rivojlangan boʻlib, “Rabinjoni” navli gazlama ishlab chiqarilgan. U pishiqligi bilan mashhur boʻlgan. X asrda yashab oʻtgan arab sayyohi Masdusiyning yozishicha, Arbinjon xalqaro bozorda “Rabinjoni” gazlamasi va qizil matodan tikilgan chakmonlari bilan dovrugʻ taratgan.
Arbinjonda ilm-fan va madaniyat rivojlangan boʻlib, unda oʻziga xos hadis maktablari shakllangan. Buning tasdigʻi sifatida IX-XI asrlarda Arbinjon shahri va atrofidagi qishloqlardan yetishib chiqqan, tarixiy manbalarda nomlari zikr etilgan oʻnlab hadis roviylarini keltirish mumkin.
Quyida ularni qisqacha tavsiflab, tanishtirib oʻtamiz.
Abu Bakr Ahmad Arbinjoniy (vaf. 315/927 y.)
Toʻliq ismi – Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Muso ibn Rijo ibn Honish Arbinjoniy. Oʻz davrida ishonchli hadis roviysi va hanafiy mazhabining taniqli faqihlaridan hisoblangan. Boshlangʻich taʼlimni otasi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Muso ibn Rijo ibn Honish Karzoniydan olib, hadislarni asosan undan rivoyat qilgan. Ahmad Arbinjoniy Arbinjonda qozilik qilgan. Undan Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad va Abulabbos Idris Arbinjoniy kabi roviylar taʼlim olgan va hadis rivoyat qilgan.
Manbalarda Ahmad Arbinjoniyning vafoti borasida turlicha maʼlumotlar mavjud. Ayrim manbalarda 315/927[5] yil deb keltirilgan boʻlsa, baʼzilarida 369/979 yil rabiʼus soniy (oktyabr) oyida vafot etgani qayd etilgan[6].
Abu Muso Horun Arbinjoniy (X-asr)
Toʻliq ismi – Abu Muso Horun ibn Sohib Arbinjoniydir. Abdulkarim Samʼoniyning “Ansob” asarida allomaning shogirdi Abulabbos Aʼto Arbinjoniy 369/979 yilda vafot etgani qayd etilgan[7]. Shunga asoslanib, Abu Muso Horun Arbinjoniy X asrda yashab oʻtgan, deb xulosa qilish mumkin.
Abu Muso Arbinjoniy Muhammad ibn Muso Sohib Yahyo ibn Aqsom Qoziydan taʼlim olgan va undan hadis rivoyat qilgan. Oʻzi esa, Abulabbos Aʼto ibn Ahmad ibn Idris Arbinjoniy va Abulhasan Ali ibn Umar ibn Muhammad Harbiy kabi roviylarga ustozlik qilgan[8].
Abulabbos Aʼto Arbinjoniy (vaf. 369/979 y.)
Toʻliq ismi – Abulabbos Aʼto ibn Ahmad ibn Idris Arbinjoniy. Oʻz davrida ishonchli hadis roviysi va hanafiy mazhabining taniqli faqihlaridan hisoblangan. U hadis ilmini ustozi Abu Muso Horun ibn Hojib (Sohib) Arbinjoniydan oʻrgangan va undan hadis rivoyat qilgan. Oʻzi esa, Abu Saʼd Idrisiyga ustozlik qilgan. Alloma Arbinjonda bir muddat qozilik qilgan.
Manbalarda Aʼto Arbinjoniy 369/979 yil rabiʼus soniy (oktyabr) oyida vafot etgani qayd qilingan[9].
Abu Muslim Omir Arbinjoniy (vaf. 293/905-906 y.)
Toʻliq ismi – Abu Muslim Omir ibn Mukomil ibn Muhammad ibn Qutn ibn Usmon ibn Abdulloh ibn Osim ibn Xolid ibn Qurra ibn Mushrif Hamadoniy Arbinjoniydir. Bobosi Muhammad ibn Qutn oʻz zamonasining mashhur hadis roviylaridan boʻlgan. Shu bois Abu Muslim Arbinjoniy koʻpincha bobosidan eshitib oʻrgangan hadislarni rivoyat qilgan. Keyinchalik Abu Salama Yahyo ibn Mugʻira Maxzumiy, Hoshim ibn Qosim Haroniy, Horun ibn Muso Farobiy, Salama ibn Shubayb kabi ustozlardan hadis tinglagan. Fozil inson va ishonchli roviy hisoblangan. Doim “Ilmni yozish bilan mahkamlang” hadisiga amal qilib, eshitganlarini yozib borgan.
Abu Muslimdan Muhammad ibn Ahmad ibn Hoshim Zahabiy, Abdurahmon ibn Fath Siroj, Muhammad ibn Zakariyo ibn Husayn Nasafiy kabi allomalar hadis tinglagan va rivoyat qilgan.
Manbalarda yozilishicha, alloma 293/905-906 yilda vafot etgan[10].
Vahb ibn Jamil Arbinjoniy
Allomaning toʻliq ismi Vahb ibn Jamil ibn Fazl Arbinjoniydir. “Ansob”da qayd etilishicha haj ibodatini ado qilib, yurtiga qaytayotganda bir muddat Bagʻdod shahrida qolgan va Fazl ibn Abbos ibn Abdulloh Balxiydan hadislar tinglagan. Keyinchalik ustozlaridan eshitgan hadislarni odamlarga oʻrgatib yurgan. Bogʻdodda undan Abulhasan ibn Jundiy hadis eshitgan va rivoyat qilgan[11].
Abu Nasr Ahmad Arbinjoniy
Toʻliq ismi – Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh Arbinjoniy Sugʻdiy. Hadisga oid taʼlimni Abdulloh ibn Abdurahmon Samarqandiy, Abu Tavba Saiyd ibn Hoshim Kagʻoziy va Ahmad ibn Ayyub Bazashiy kabi allomalardan olgan, ulardan rivoyat qilgan. Oʻzi Abu Ali Sayravoniyga ustozlik qilgan[12].
Abu Saʼd Muhammad Arbinjoniy
Allomaning toʻliq ismi Abu Saʼd Muhammad ibn Hishom ibn Isʼhoq Arbinjoniydir. Uning tugʻilgan yoki vafot etgan yillari manbalarda qayd etilmagan. Ammo ustozi Muhammad ibn Salom Poykandiy 777-839 yillarda yashagani toʻgʻrisida maʼlumot bor. Shunga asoslanib, Abu Muso Horun Arbinjoniy IX asrda yashab oʻtgan, deb aytish mumkin.
Abu Saʼd boshlangʻich taʼlimni Arbinjon allomalaridan olgan. Keyinchalik Buxoroga ketgan. U yerda yashab qolgani uchun Buxoriy nisbasini ham olgan. Muhammad ibn Salom Poykandiy (777-839), Hasan ibn Harb, Ahmad ibn Abu Abdulloh Taymiy va Fazl ibn Dovud kabi oʻz davrining mashhur muhaddislaridan taʼlim olgan va hadis rivoyat qilgan. oʻzi Yusuf ibn Rayhonning ustozi boʻlgan[13].
Karzon qishlogʻi
Abu Abdulloh Yoqut Hamaviyning “Moʻjamul buldon” asarida Karzon Samarqand Sugʻdidagi Arbinjon shahriga yondosh qishloqlardan biri boʻlgani va Korazni[14] deb atalgani qayd etilgan. Hozirgi nomi Xoʻjakarzon. Oʻrta asrlarda bu yerda ilm-fan, madaniyat, dehqonchilik yaxshi rivojlangan. IX-X asrlarda bir qancha roviy yetishib chiqqan.
Abu Jaʼfar Muhammad Karzoniy (IX asr oxiri, IX asr boshi)
Abu Jaʼfar Muhammad ibn Muso ibn Rijo ibn Honish Karzoniy. Baʼzi manbalarda Furqoniy[15] deb ham keltirilgan[16]. Muhammad ibn Muhammad Husayniy Zobidiyning “Tojul uʼrus min javohiril qomus” (“Qomus marvaridlaridagi kelinlar toji”) asarida uning Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Muso ibn Rijo ibn Honish Arbinjoniy ismli oʻgʻli 369/979 yil vafot etgani qayd qilingan[17]. Shunga asoslanib, Abu Jaʼfar Muhammad Karzoniy IX asr oxiri – IX asr boshida yashab oʻtgan, desak, adashmagan boʻlamiz.
Muhammad Karzoniy hadis ilmida oʻz zamonasining fozil kishilaridan biri boʻlib, farzandu nabiralari ham hadis rivoyat qilgan. Asosan Abu Musʼab Ahmad ibn Abu Bakr Zuhriy, Yahyo ibn Maxtum Qoziy, Isʼhoq ibn Abu Isroil, Solih ibn Musmar Kushmihoniy, Hannod ibn Sariy, Muhammad ibn Bashshor va Husayn ibn Haris Marvaziy kabi taniqli allomalardan hadis tinglagan.
Undan Muhammad Karzoniydan Ahmad, Muthir isimli oʻgʻllari va nabirasi Abu Bakr Muhammad ibn ibn Ahmad Karzoniy hamda shogirdi Abu Bakr Muhammad ibn Usoma Muqriy Samarqandiy taʼlim olgan[18].
Abulhasan Muthir Karzoniy
Abulhasan Muthir ibn Muhammad ibn Muso ibn Rijo ibn Honish Karzoniy. Yuqorida nomi zikr qilingan Abu Jaʼfar Muhammad Karzoniyning kenja oʻgʻli. Dastlabki taʼlimni otasidan olgan va undan hadis rivoyat qilgan. Oʻzi esa jiyani (akasining oʻgʻli) Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Muso Karzoniyga ustozlik qilgan[19].
Abu Bakr Muhammad Karzoniy (vaf. 370/980-981)
Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Muso ibn Rijo ibn Honish Karzoniy. Asosan dehqonchilik bilan shugʻullangan. Hadis ilmini otasi Ahmad ibn Muhammad Karzoniy va bobosi Muhammad ibn Muso Karzoniydan olgan. Undan Abu Muhammad Ahmad ibn Ali Dabusiy va Abu Saʼd Idrisiy hadis tinglagan.
Abu Saʼd Idrisiy aytadi: “Arbinjonga borganimizda, undan hadis yozib oldik”[20].
Muhammad Karzoniy 370/980-981 yilda Arbinjon qishlogʻida vafot etgan[21].
Sankabos qishlogʻi
Arbinjon shahriga yondosh qishloqlardan biri.
Abulhasan Ahmad Sankabosiy (vaf. 406/1015)
Abulhasan Ahmad ibn Rabiʼ ibn Shofeʼ ibn Muhammad ibn Moʻmin Sankabosiy. Farzandu nabiralari ham roviy boʻlgan. Hadis ilmini Omir ibn Shubayb, Ahmad ibn Humayd ibn Said Sankabosiy va Abdusamad ibn Abdulaziz Nasafiy kabi ustozlardan oʻrgangan va ulardan hadislar rivoyat qilgan.
Undan oʻgʻli Ali Sankabosiy taʼlim olgan. Manbalarda qayd etilishicha Abulhasan Ahmad Sankabosiy 406/1015 yili vafot etgan[22].
Abulhasan Ali Sankabosiy (vaf.452/1061)
Abulhasan Ali ibn Ahmad ibn Robiʼ ibn Shofeʼ Sankabosiy. Yuqorida nomi zikr etilgan Abulhasan Ahmad Sankabosiyning oʻgʻli. Dastlabki taʼlimni otasidan olgan. Keyinchalik Ahmad ibn Humayd Sankabosiy[23] va hofiz Abu Said Abdurahmon ibn Muhammad ibn Muhammad Astraboziydan ilm oʻrgangan va hadis rivoyat qilgan.
Oʻzi esa Abulqosim Abdulloh ibn Umar Kasiy[24] yoki Koshoniy[25] va Abulhasan Ali ibn Usmon kabi allomaning ustozi boʻlgan.
Manbalarda qayd etilishicha, Abulhasan Ahmad 452/1061 yili zulhijja oyining 9 sanasida (3 yanvar) Samarqandda vafot etgan[26].
Abu Ali Hasan Sankabosiy
Abu Ali Hasan ibn Ali ibn Ahmad ibn Robiʼ ibn Shofeʼ Sankabosiy. Abulhasan Ali Sankabosiyning oʻgʻli. Avval otasidan, keyin Muhammad ibn Nasr Marvaziy va Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy kabi allomalardan taʼlim olib, ulardan hadislar rivoyat qilgan. Undan Abu Muhammad Abdujabbor ibn Muhammad ibn Ahmad Havoriy Bayhaqiy va Amr ibn Shubayb Sankabosiy hadis rivoyat qilgan.
Hasan Sankabosiydan Arbinjonning oʻsha davrdagi hokimi Abdulmalik ibn Kaʼb Sankabosiy ham hadis tinglagan.
Abu Ali Mazo Sankabosiy
Abu Ali Mazo ibn Hotam ibn Ubaydulloh ibn Zahhor ibn Taxxor Sankabosiy. Abu Muhammad Hasan ibn Moʻtiydan taʼlim olgan va aksar hadislarni undan rivoyat qilgan. Oʻzi faqih Abdulloh ibn Muhammad ibn Shoh Samarqandiyning ustozi boʻlgan.
Furqon qishlogʻi
Arbinjonga qarashli yerning nohiyasida joylashgan. Manbalarda uning “Furfora” deb ham atalgani qayd etilgan[27].
Sulaymon Furqoniy
Sulaymon ibn Muoz Sugʻdiy Furqoniy. Allomaning tugʻilgan yoki vafot qilgan yili manbalarda qayt etilmagan. Manbalarda uning ustozi Abd ibn Humayd Keshiyning 786-863 yillarda yashagani qayd etilgan. Sulaymon Furqoniy Imom Buxoriy bilan zamondosh boʻlgan desak, xato boʻlmaydi. Chunki “Jomius sahih”da Abd ibn Humayd Keshiydan rivoyat qilingan bir necha hadis bor.
Sulaymon Furqoniy hadislarning aksariyatini Muhammad ibn Suhayl ibn Vohid Bohiliy va Abd ibn Humayd Keshiydan rivoyat qilgan. Undan Abu Nasr Muhammad ibn Ahmad ibn Hojib va Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Sobih Koshoniy hadis ilmidan taʼlim olgan.[28].
Sakon qishlogʻi
Arbinjon shahri yaqinidagi qishloqlardan biri boʻlib, Sakkon deb ham atalgan.
Abu Ali Sakoniy
Hadislarni asosan ustozi Said ibn Mansurdan rivoyat qilgan. Oʻzi esa faqih Ibrohim ibn Hamdavayh Ishtixoniyning ustozi boʻlgan[29].
IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri boʻlgan. Oʻsha kezlarda Samarqandning deyarli har goʻshasidan allomalar yetishib chiqqan. Ular dunyo ilm-fani taraqqiyotiga benazir hissa qoʻshib, tarix zarvaraqlaridan munosib oʻrin egallagan.
Albatta, bu muxtasar maqola Oʻrta asrlarda Arbinjon va unga yondosh hududlarda tugʻilib oʻsgan barcha allomalarning hayoti va ilmiy merosini aks ettirmaydi. Unda arab manbalarida qayd etilgan baʼzi maʼlumotlar keltirildi, xolos. Shu bois Arbinjon, Karzon, Sankabos, Furqon va Sakon kabi shahar va qishloqlar tarixi va u yerlardan yetishib chiqqan allomalar hayoti va ilmiy ijodini oʻrganish boʻyicha keng qamrovli ilmiy izlanishlar olib borish hali dolzarb masala boʻlib qolaveradi.