Home / FOTO LAVHALAR / MAʼNAVIY-MAʼRIFIY UCHRASHUVLAR URGUT TUMANIGA KOʻCHDI

MAʼNAVIY-MAʼRIFIY UCHRASHUVLAR URGUT TUMANIGA KOʻCHDI

“Imom Buxoriy merosi – yot gʻoyalarga qarshi” mavzusida alohida olingan mahallalarda oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlari 4 oktyabr kuni Urgut tumanida davom etdi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillari, Samarqand davlat universiteti professor-oʻqituvchilari va Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat hududiy boshqarmasi rahbar xodimlaridan iborat targʻibot guruhi mahalla faollari bilan birga ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, uyushmagan yoshlar bilan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar oʻtkazdi.

“Chorchinor” MFYda tashkil etilgan tadbirda diniy ekstremizmning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi. Mutaassibona fikr va qarashlar bilan chalgʻish, umumiy saviya hamda dunyoviy va diniy bilimlar sayozligi, diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ana shu sabablardan ayrimlaridir. Shundan kelib chiqib, targʻibotchilar bugungi kunda uchrayotgan turli koʻrinishdagi maʼnaviy xurujlarga qarshi maʼrifat bilan kurashish, xalqimiz, xususan, yoshlarimizni kerakli bilimlar bilan qurollantirish orqali tahdidlarga munosib barham berish zarurati barchadan birdek masʼuliyat talab etishini taʼkidlab, hammani ogohlikka daʼvat qildi.

“Quyi Algʻar” MFYdagi uchrashuvda kundalik turmushdagi eʼtiborsizlik, qolaversa, jamiyat hayotiga, unda kechayotgan jarayonlarga loqaydlikning har bir oila, har bir inson taqdiriga salbiy taʼsir koʻrsatishi qayd etilib, shu nuqtai nazardan yoshlarga sof diniy taʼlimotlarni yetkazish, ularni xalqparvarlik, vatanparvarlik, milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.

Targʻibot guruhi aʼzolari tadbirlarda turli oqimlar taʼsiriga tushib qolishning ijtimoiy xavfli oqibatlari haqida keng tushuntirish berib, farzandlar tarbiyasida eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar hamda oila-mahalla-maktab tarzidagi hamkorlik asosida maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishning amaliy choralari boʻyicha fikr-mulohazalar bildirdi.

 Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …