Home / FOTO LAVHALAR / BUXORO ILMI RIVOJIDA MUHAMMAD PORSO KUTUBXONASINING XIZMATI KATTA

BUXORO ILMI RIVOJIDA MUHAMMAD PORSO KUTUBXONASINING XIZMATI KATTA

Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Mir Arab madrasasi hamkorligida “Buxoroning islom ilmlari rivojidagi oʻrni” mavzuida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda yurtimiz ilmiy muassasalari pedagog xodimlari, Misrdagi “Al-Azhar” universiteti professor-oʻqituvchilari, manbashunos, tilshunos olimlar ishtirok etdi.

Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov “Buxoroda islom ilmlari rivojida Muhammad Porso kutubxonasining oʻrni” mavzusida maʼruza qilib, Porso hayoti va kutubxona faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni taqdim etdi.

Xoja Muhammad Porso oʻzidan juda boy shaxsiy kutubxona qoldirgan. Maʼlumotlarda kutubxonada saqlangan qoʻlyozmalar soni 57dan 120ga yetkazilgani aytiladi. Keyinchalik bu miqdor 144ga chiqqan. Imom Moturidiyning asarlari ham asosan shu kutubxonada saqlangan.

Oʻz davrida juda mashhur boʻlgan kutubxonasi orqali Movarounnahrdan, xususan, Buxorodan yetishib chiqqan koʻplab mutafakkirlar kitoblarining bizgacha yetib kelishida Muhammad Porsoning xizmati beqiyos. Uning asarlarida keltirilgan yuzdan ortiq ulugʻ mutasavvif orasida bizga nomaʼlum vatandoshlarimizning nomlari ham bor. Bu esa kutubxonadagi kitoblar keng mutolaa qilinganidan dalolat beradi.

Sh.Ziyodov kutubxonaning yaratilish tarixi, faoliyatining xususiyatli jihatlari va fondidagi kitob va qoʻlyozmalar toʻplamlari haqida maʼlumotlar berib, ishtirokchilar savollariga javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …