Oʻzbekiston inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan keng koʻlamli demokratik islohotlarni amalga oshirish, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat asosida jahon hamjamiyati bilan oʻzaro manfaatli hamda doʻstona munosabatlarni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Buning natijasida mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻ va nufuzi tobora yuksalib borayotir.
Bugungi kunga kelib, Oʻzbekistonning rivojlangan mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Jahon banki va Islom taraqqiyot banki kabi koʻplab nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar tarkibida muhim tashabbuslar bilan faol ishtirok etmoqda.
Prezidentimiz joriy yil 19-центабр kuni BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlab, xalqaro hamjamiyatga global xavfsizlik hamda unga xavf solayotgan tahdidlar, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, oʻzaro hamkorlikni taʼminlash, gender tengligi, iqlim oʻzgarishlari, ekstremizm va terrorizm illatlari yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bildirdi hamda qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasida erishilgan eʼtiborga loyiq natijalarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Yaqin yillargacha oʻqituvchi va shifokorlar, maktab oʻquvchilari hamda talabalarning paxta dalasidagi majburiy mehnatiga oddiy holat sifatida qarab kelinardi. Natijada Oʻzbekiston paxtasi “qora roʻyxat”larga kiritilib, boykotlar eʼlon qilingan edi. Biroq soʻnggi yillarda katta siyosiy iroda bilan mamlakatda majburiy mehnatni cheklash maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlar inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlarning eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Jumladan, AQSHning nufuzli nashri – “Forbes” jurnali dalalarda majburiy va bolalar mehnatiga chek qoʻyilgani, terimchilarga toʻlanadigan haq oshirilgani, paxtaga davlat buyurtmasi yoʻq qilinganini ulkan yutuqlar sifatida qayd etdi.
Buyuk Britaniyaning “The Economist” jurnali esa 2019-yilda Oʻzbekistonni yil mamlakati, deya eʼlon qildi. Albatta, bu eʼtiroflar bejiz emas, ularning negizida hukumat tomonidan inson qadrini yuksaltirish, uning huquq va erkinliklarini kafolatlash yoʻlida amalga oshirilgan ulkan saʼy-harakatlar yotadi. Eng muhimi, Konstitutsiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qoʻyildi, buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Shuni toʻliq ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston hukumatining inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlari rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik oʻrnatish imkoniyatlari kengayishiga, mamlakatga keng investorlar oqimi kirib kelishiga, pirovardida, yurtimizning nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki global iqtisodiyotning integratsiyalashgan markazlaridan biriga aylanishiga zamin yaratadi.
Bugungi kunda dunyoda keskin ekologik inqiroz holati kuzatilmoqda. Iqlim oʻzgarishi, atrof-muhit ifloslanishi, suv resurslari zaxirasi kamayib ketishi natijasida insoniyat ilgari duch kelmagan gʻayrioddiy tabiat hodisalari, yuqumli kasalliklarning yangi turlari va boshqa ofatlar bilan toʻqnash kelmoqda.
Prezidentimiz bu muammolar haqida toʻxtalib, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazadigan tahdid ekanini taʼkidladi. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi asosiy suv resurslarini tashkil qiluvchi Amudaryo va Sirdaryo oqimining kelgusida yanada qisqarishi ehtimolini inobatga olib, mintaqada suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish orqali “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini amaliyotga tatbiq etish, iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq tahdidlarning oldini olish yuzasidan “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish hamda Samarqand shahrida xalqaro iqlim forumini oʻtkazish tashabbuslarini ilgari surdi.
Ekologik muammolar insoniyat taraqqiyoti va farovonligiga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan asosiy tahdid boʻlib turgan bugungi sharoitda bunday tashabbuslarni roʻyobga chiqarish global miqyosda iqtisodiy-ijtimoiy inqirozlarning oldini olishga, atrof-muhit hamda bioxilma-xillikni saqlab qolishga xizmat qiladi, eng muhimi, kelajakda insoniyatning farovon hayot kechirishini taʼminlaydi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ekstremizm va terrorizm tahdidlariga ham alohida eʼtibor qaratib, BMTga aʼzo davlatlarni xalqaro terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda ekstremizm va terrorizm tahdidlarining oldini olish, mutaassib gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarni sogʻlom hayotga qaytarish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, nizoli hududlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini ortga qaytarish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham alohida toʻxtalib oʻtdi.
Darhaqiqat, ekstremizm va terrorizm XXI asrda insoniyat oldida turgan eng dolzarb muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Ayrim mamlakatlarda koʻzga tashlanayotgan diniy toqatsizlik va islomofobiya kabi holatlar ham ushbu muammolar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Shu bois, Prezidentimiz jahon miqyosida dinlararo bagʻrikenglik va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib qilish maqsadida Oʻzbekistonda UNESCO shafeligida Dinlararo muloqot va bagʻrikenglik xalqaro markazini tashkil etish, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida esa 2024-yilda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazish haqidagi tashabbuslarni ilgari surdi. Shuni taʼkidlash kerakki, ushbu tashabbuslar islom dinining insonparvarlik va tinchlikka qaratilgan mohiyatini keng targʻib qilish, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Oʻzbekiston xalqaro munosabatlar subyekti sifatida BMT minbaridan muhim xalqaro va mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish orqali jahon hamjamiyatida oʻzining mustahkam oʻrniga ega boʻlib bormoqda. Boisi, dunyo birdir, muammo va yechimlar ham umumiy.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan taklif va tashabbuslar oʻta dolzarbligi hamda muhim hayotiy ahamiyatga egaligi bilan diqqatga sazovor. Shu sababli, bu taklif va tashabbuslar barcha aʼzo davlatlar tomonidan insoniyat oldida turgan global muammolarning yechimini koʻrsatib beruvchi gʻoyalar sifatida eʼtirof etilib, BMT Bosh Assambleyasi faoliyati yakunida imzolanadigan asosiy huquqiy hujjatlarda ham oʻz aksini topishi kutilmoqda. Bu Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatning oʻz soʻziga ega boʻlgan faol ishtirokchisiga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Jamoliddin KARIMOV,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023-yil 28-sentabr, №198(987)