Home / YANGILIKLAR / OʻZBЕKISTON – BMT: HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

OʻZBЕKISTON – BMT: HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi. Davlatimiz rahbari, odatda, mazkur nufuzli tuzilma minbaridan turib soʻzlagan nutqlarida jahon hamjamiyati eʼtiborini sayyoramiz aholisi uchun oʻta muhim masalalarga qaratadi, qator muhim takliflarni ilgari suradi. Eng muhimi, ushbu taklif va tashabbuslar muntazam ravishda jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilib, BMTning rasmiy hujjatlarida aks etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida soʻzga chiqishi arafasida 2017 yil 19 sentyabrdagi nafaqat mamlakatimiz va Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyo uchun muhim ahamiyat kasb etgan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqini yodga olamiz.

Oʻshanda davlatimiz rahbari, avvalo, xalqaro jamoatchilik eʼtiborini Oʻzbekiston jadal rivojlanish bosqichiga qadam tashlab, qatʼiy islohotlar amalga oshirish, mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirish yoʻliga oʻtganiga qaratgan edi.

Jamiyatda siyosiy faollik ortib, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” kabi oddiy, aniq-ravshan tamoyilni amalga oshirish, demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etish ustuvor maqsad etib belgilanganini taʼkidlagan.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilayotgani, inson huquqlari himoyasi kafolatini mustahkamlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgani, inson huquqini muhofaza qilish boʻyicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqot faollashgani qayd etilgan.

Prezidentimiz oʻz nutqida noyabr oyida Samarqandda tashkil etilishi moʻljallangan yuqori darajadagi xalqaro anjumanda mintaqadagi fundamental muammolar muhokama qilinishi, anjuman yakunida BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni taʼminlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatini qoʻllab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi kiritilishi rejalashtirilganini aytgan edi.

Shu tariqa 2017 yil 10 noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida oʻtgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ilgari surilgan ayni tashabbus mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Qolaversa, yaqindagina hisob boʻyicha 5-bor oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarini muntazam oʻtkazish tashabbusi ham aynan BMT minbaridan turib mamlakatimiz yetakchisi tomonidan bildirilgan edi.

Jahonda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash bilan bogʻliq muammolar toʻgʻrisida gap ketganda, umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanishdek muhim masalani chetlab oʻtolmaymiz. Shu maʼnoda Oʻzbekiston BMTning preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish toʻgʻrisidagi konvensiyalar loyihalarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻzbekiston yetakchisi BMT faoliyati doirasida doimiy ravishda xalqaro hamjamiyat eʼtiborini bugungi kunning eng oʻtkir ekologik muammolaridan biri – Orol halokatiga qaratib keladi. Ushbu sessiyada ham Shavkat Mirziyoyev dengiz qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etishini taʼkidladi. Aniqrogʻi, BMT minbaridan turib Orol dengizi xaritasi va uning fojiasi koʻlamini yaqqol namoyish etdi.

Binobarin, Oʻzbekiston rahbarining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast fondini tashkil etish tashabbusi dunyo hamjamiyatida joʻshqin aks sado berdi. Bir yildan soʻng, 2018 yil 27 noyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Trast fondi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mamlakatimiz rahbari yigʻilishda yana bir oʻta dolzarb va muhim masala – Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish “nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni taʼminlashning muhim sharti boʻlib qoladi”, deya taʼkidlagan. Shu bilan birga Oʻzbekiston Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga, ushbu mamlakatning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarini tayyorlashga munosib hissa qoʻshayotgani, bu yoʻldagi ishlar bundan keyin ham davom etishiga ishonch bildirilgan.

Oʻzbekiston rahbari 72-sessiyada ilgari surgan asosiy taklif, shubhasiz, dunyo yoshlari huquqi bilan bogʻliq masaladir.

Dunyoda xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidi kuchayib borayotgan bir paytda, ushbu illatlarga qarshi kuch ishlatish yoʻli bilan emas, balki jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish zarurligiga eʼtibor qaratar ekan, Shavkat Mirziyoyev bunday salbiy holatlar oqibatini bartaraf qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablarni aniqlashga daʼvat etdi. Bu jarayonda, birinchi navbatda, yoshlarning ongi, tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir.

– Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avlod, chunki ular 2 milliard kishidan koʻp, – deydi, jumladan, Shavkat Mirziyoyev. – Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Bizning asosiy vazifamiz yoshlar oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoit yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatini himoya qilish borasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etadi.

BMT Bosh Assambleyasining mazkur nufuzli majlisida respublikamiz rahbari yana bir beqiyos ahamiyatga molik masalani jahon afkor ommasi diqqatiga havola etdi.

Maʼlumki, Markaziy Osiyoda Uygʻonish davrining koʻplab yorqin namoyandalaridan biri, jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qoʻshgan Muhammad Ismoil Imom Buxoriy oʻz ahamiyatiga koʻra islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob – “Sahihi Buxoriy” muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulugʻ zotning gʻoyat boy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, maʼrifatiy islom toʻgʻrisidagi taʼlimotini keng yoyish maqsadida Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomli Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilishi, poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi ham ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Prezidentimiz sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qildi. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat boʻlishi, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilar huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashishga qaratilgani qayd etildi.

Eʼtiborlisi, oradan bir yil oʻtib, 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi doirasida boʻlib oʻtgan yalpi majlisda Oʻzbekiston taqdim etgan yana bir tashabbus hayotga tatbiq etildi – BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Umuman, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida soʻzlagan nutqi BMTning xalqaro munosabatlarda hal qiluvchi oʻrin egallashini eʼtirof etgan holda, Oʻzbekiston tashkilot bilan hamkorlikni izchil davom ettirishiga ishora sifatida yangragan edi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ushbu yuksak minbardan turib jahon hamjamiyati eʼtiboriga havola etgan barcha masalalar hayotiyligi, dolzarbligi, tashabbuslar oʻz vaqtida ilgari surilgani bilan diqqatga sazovor. Zero, insoniyat oldida turgan oʻta muhim vazifalarni koʻrsatib berayotgan mazkur takliflar xalqaro jamoatchilik tomonidan darhol eʼtirof etilmoqda va Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyati doirasidagi asosiy hujjatlarda aks etmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, endilikda dunyo hamjamiyati Oʻzbekiston timsolida nafaqat mintaqada, balki xalqaro maydonda kun tartibini belgilab beruvchi faol ishtirokchilardan birini koʻrmoqda.

Gʻayrat XONNAZAROV,
OʻzA muxbiri
Manba: OʻzA

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …