Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati vakillaridan iborat delegatsiya yaqinda Oʻmon Sultonligida xizmat safarida boʻlib qaytdi.
Ikki mamlakat oʻrtasida 2022-2023 yillarga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasi doirasida tashkil etilgan safar yozma yodgorliklarni saqlash, kataloglashtirish, restavratsiya va nashr etish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish va aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.
Safar davomida yurtimiz vakillari Oʻmon Sultonligining milliy arxiv va hujjatlarni saqlash boshqarmasi, Oʻmon Milliy muzeyi, Sulton Qobus nomidagi Madaniyat va fan boʻyicha oliy markazda boʻldi. Oʻzbekistonning Oʻmondagi elchixonasida delegatsiya aʼzolarining Sultonlik ommaviy axborot vositalari vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuvi ham tashkil etildi. Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada faollashtirish, Oʻmon ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekistonning madaniy-maʼrifiy hayotidagi yangiliklarni yoritishga oid kelishuvlarga erishildi. Muloqotlar samarasi oʻlaroq, safar tafsilotlari poytaxt Maskat shahrida 2009 yildan buyon nashr etiladigan, Oʻmonning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va maʼrifiy nashri “الرُّؤْيَة” (“Nuqtai nazar”) gazetasida eʼlon qilingan ikkita maqolada oʻrin oldi.
“Oʻzbekiston delegatsiyasi hujjatlarni boshqarish va saqlash boʻyicha Oʻmon tajribasi bilan tanishdi” nomli maqolada oʻzbekistonlik olimlarni milliy arxiv va hujjatlarni saqlash boshqarmasi boshligʻi doktor Hamad ibn Muhammad Daviya qarshi olib, Boshqarma faoliyati haqida maʼlumot bergani, hujjatlarni elektron tartiblash borasidagi tajriba bilan oʻrtoqlashgani, shuningdek, mehmonlar turli ixtisoslashtirilgan texnik boʻlimlar va laboratoriya ishi bilan tanishgani haqida soʻz yuritilgan.
“Oʻmon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi madaniy hamkorlik” sarlavhasi ostida chop etilgan ikkinchi maqolada oʻzbekistonlik olimlarning Sulton Qobus nomidagi Madaniyat va fan boʻyicha oliy markazga qilgan tashrifi tafsilotlari yoritilgan. Markaz rahbari Habib bin Muhammad Riyomiy bilan boʻlgan muloqotda bildirilgan iliq fikr-mulohazalar, muhokama qilingan dolzarb mavzular va hamkorlikka oid erishilgan muhim kelishuvlar bayoni maqolaning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Maqolalarda tashrifning ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, turdosh markazlarning oʻzaro ilmiy innovatsiyalar almashinuvini taʼminlashdagi yuksak ahamiyati eʼtirof etilgan. Kelgusida mazkur gazeta tahririyati xodimlarining yurtimizga ijodiy safari rejalashtirilgan.