Home / MAQOLA / SUNNATNI INKOR ETUVCHI QURʼONIYLARNING SHARʼIY HUKMI

SUNNATNI INKOR ETUVCHI QURʼONIYLARNING SHARʼIY HUKMI

Hali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qabrlari sovumay turib, bu dinda turli-tuman firqalar paydo boʻlgani, afsuski, ayni haqiqat. Ular sovunning koʻpigi kabi bir paydo boʻlib, soʻng yoʻqolib ketgan boʻlsa-da, buzuq gʻoyalari qisman yoki toʻligʻicha saqlanib qoldi. Hatto bugungi kunda ham ularning yangidan yangilari oʻrtaga chiqib, oʻzining buzuq gʻoya va botil daʼvolarini ilgari surmoqda. Ana shunday firqalardan biri – bu sunnatni tark etib, faqat Qurʼonga amal qilish daʼvosi bilan oʻrtaga chiqqan “qurʼoniylar”dir. Islom ulamolari oʻz davrida boshqa har qanday firqaga keskin raddiyalar bergani kabi ularni ham eʼtibordan soqit qilgan emas. Bu borada allaqachon bir talay kitoblar yozilgani va ilmiy anjumanlar oʻtkazilgani buning yorqin dalilidir.

Xoʻsh, ahli sunna ulamolari nazdida qurʼoniylarning sharʼiy hukmi qanday? Quyida ana shu mavzuda fikr yuritamiz.   

Alloh taolo Paygʻambar alayhissalomning sunnatlarini rad etayotgan va faqat Qurʼon asosida amal qilish gʻoyasi bilan oʻrtaga chiqayotgan kimsalarni qattiq ogohlantirib, quyidagilarni aytgan:

(Paygʻambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar oʻzlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar!” (Nur surasi, 63-oyat);

“Bas, agar ular Sizga javob bera olmasalar, bas, bilingki, ular faqat havoyi nafslarigagina ergashurlar. Alloh (tomoni)dan hidoyat qilinmagan holda oʻz havoyi nafsiga ergashgan kimsadan koʻra kim ham adashganroqdir?! Albatta, Alloh (shirk ahlidan iborat) zolimlar qavmini hidoyat etmas” (Qasas surasi, 50-oyat);

“Kimga hidoyat aniq boʻlgandan keyin Paygʻambarga muxoliflik qilsa va moʻminlar yoʻlidan oʻzgasiga ergashsa, Biz uni oʻzi ketayotgan yoʻliga qoʻyib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda kuydiramiz. Naqadar noxush joy u!” (Niso surasi, 115-oyat);

“Bas, Rabbingiz haqqi, ular oʻrtalaridan chiqqan nizolarga Sizni hakam qilmagunlaricha va soʻngra chiqargan hukmingizdan dillarida tanglik sezmay, toʻla taslim boʻlmagunlaricha, zinhor iymon keltirmagaylar” (Niso surasi, 65-oyat);

“Kimda-kim Paygʻambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qoʻriqlovchi qilib yuborganimiz yoʻq” (Niso surasi, 80-oyat).

Rasululloh sollallohu sollallohu alayhi vasallamning hadislarida uni inkor etishning alamli oqibatlari quyidagicha bayon qilingan:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning bosh tortganlaridan tashqari hammasi jannatga kiradi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Allohning rasuli, bosh tortganlar kimlar?” deb soʻradi. “Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi. Kim menga itoatsizlik qilsa, bosh tortgan boʻladi”, dedilar Paygʻambar alayhissalom” (Imom Buxoriy rivoyati).

Sunnatni inkor qiluvchi kimsalarning sharʼiy hukmi qanday boʻlishi haqida dinimizning zabardast ulamolari ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtgan. Jumladan, Ibn Hazm rahimahulloh bunday degan:

“Agar bir kishi: “Biz faqat Qurʼonda koʻrgan narsamizga amal qilamiz”, desa, butun ummat ijmosi ila kofirdir. Chunki u (sunnatni tark qilib, faqat Qurʼon asosida ish tutiladigan boʻlsa,) quyosh ogʻishidan to tun qorongʻusigacha faqat bir rakat, bomdod vaqti ham faqat bir rakat namoz oʻqishiga toʻgʻri kelar edi. Negaki, namoz degan nomga mos keladigan tushunchaning eng ozi ana shudir. Uning koʻpiga hech qanday chegara yoʻq.

Bu gapni aytgan odam kofir va mushrikdir. Bu fikr (yaʼni sunnatni tark qilib, faqat Qurʼon asosida ish koʻrish) butun ummat yakdillik bilan kufrga hukm qilgan rofiziylarning dinda chuqur ketganlari tomonidan ilgari surilgan” (“Al-Ihkom fi usulil ahkom”).

Suyutiy rahimahulloh aytadi:

“Shuni bilingki, Alloh sizga rahm qilsin, hadisning xoh qavliy, xoh amaliysini boʻlsin, maʼlum shartlarga koʻra dinning asosiy masalalarida hujjat boʻlishini inkor etgan kishi kofirdir. Islom doirasidan chiqib, yahudiy va nasroniylar yoki kofir firqalardan oʻzi xohlaganiga borib qoʻshilgan kimsadir” (“Miftohul janna fil ihtijoji bis sunna”).

Shavkoniy rahimahullohdan: “Xullas, sharʼiy hukmlar ishlab chiqarish borasida pokiza sunnat ham alohida bir hujjat ekani aniqligi diniy zaruratdir. Islomdan nasibasi yoʻq kimsalargina bu fikrga qarshi chiqadi”, degan (“Irshodul fuhul”).

Humaydiy rahimahulloh bunday degan:

“Bir kishi Imom Shofeiy rahimahullohdan bir masala haqida soʻraganida, unga fatvo berib: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar”, dedi. Haligi kishi: “Siz shunga qarab fatvo berasizmi?” dedi. Imom Shofeiy rahimahulloh: “Belimda zunnor (musulmonlar jamiyatida istiqomat qiladigan gʻayridinlar taqib yuradigan kamar) koʻrayapsanmi?! Yoki cherkovdan chiqib kelganimni koʻrdingmi?! Men senga “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar”, desam, menga: “Siz shunga qarab fatvo berasizmi?” deysan! Men unga qarab fatvo bermayapman, Paygʻambar alayhissalomdan rivoyat qilib aytayapman!!!” dedi” (“Siyaru aʼlomin nubalo”; “Hulyatul avliyo”; “Iʼlomul muvaqqiiyn”).

Rabiʼ ibn Sulaymon rahimahulloh bunday hikoya qiladi:

“Bir kishi Imom Shofeiy rahimahullohdan bir masala haqida soʻraganida: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam kazo-kazolarni aytganlari rivoyat qilingan”, deb aytayotganini eshitdim. Shunda savol egasi unga: “Ey Abu Abdulloh, siz shunga qarab fatvo berasizmi?” dedi. Bu gapdan Imom Shofeiy rahimahullohning jahli chiqib ketdi va: “Shoʻring qursin sening! Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilsam-u, unga qarab fatvo bermasam, qaysi yer meni ustida koʻtarib yuradi va qaysi osmon oʻz soyasiga oladi?! Ha (men hadis asosida fatvo beraman), boshu qosh ustiga”, dedi” (“Iʼlomul muvaqqiiyn”).

Abu Qiloba rahimahulloh: “Agar bir kishiga hadisdan soʻz ochgan chogʻing u: “Hadisni qoʻya tur, bizga Allohning Kitobidan gapir” desa, bilginki, u zalolatga ketgan kimsadir”, degan (“At-Tabaqotul kubro”).

Imom Zahabiy rahimahulloh uning gapiga bunday qoʻshimcha qilgan: “Agar bidʼatchi mutakallim odam: “Qurʼon va hadisni qoʻyib, bizga aqldan gapir”, deb aytayotganini koʻrsangiz, bilingki, u Abu Jahldir” (“Siyaru aʼlomin nubalo”).

Isʼhoq ibn Rohavayh rahimahulloh: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahih hadislaridan birini eshitib, xotirjamgina uni rad qilgan kishi kofirdir”, degan (“Al-Ihkom”).

Abu Husayn Tabasiy rahimahulloh bunday naql qilgan:
“Bir odam Abu Said Istaxriy rahimahullohning oldiga kelib:
– Suyak bilan istinjo qilsa boʻladimi? – dedi.
U:
– Yoʻq, – dedi.
– Nima uchun?
– Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U jinlardan boʻlgan birodarlaringiz ozuqasidir”, deganlar.
– Inson yaxshiroqmi yo jin?
– Albatta, inson.
– Unday boʻlsa, nima uchun insonning ozuqasi boʻlgan suv bilan istinjo qilish mumkin?

Shunda Abu Said rahimahulloh oʻrnidan sakrab turib, uning roʻparasiga keldi-da, halqumidan tutib: “Ey zindiq! Sen hali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarshi chiqayapsanmi?!” deb uni boʻgʻa boshladi. Agar men uni tutib qolmaganimda, haligi odamni oʻldirib qoʻygan boʻlar edi (“Madorijus solikin”)”.

Shayx Ahmad Shokir rahimahulloh bunday degan:

“Barcha sahih hadislarni taʼna qilish, ular haqiqatdan ham Paygʻambar alayhissalomga mansubligi xususida shubhaga borishga kelsak, bu ish ilm-maʼrifat berilgan yoki boshqalarga taqlid qilib, oʻz ishining oqibatini bilmaydigan johil va aqli kalta kimsalar tomonidan musulmonlarga nisbatan dushmanlik eʼlon qilishdir. Chunki shubhalanish va taʼna qilishning maʼnosi shuki, bu ish salafi solihlardan iborat oʻta ishonchli roviylarning hammasi ustidan ular yolgʻonchi, aldamchi va aldangan zotlar boʻlgan, deb hukm qilishdir. Ularni boʻhton qilganlik va uydirma toʻqiganlikda ayblash yoki johil va gʻofil kimsaga chiqarishdir. Vaholanki, Alloh ularni bu ishlardan asragan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim mening nomimdan yolgʻon gapirsa oʻzining doʻzaxdagi joyiga hozirlik koʻraversin!”, “Kimki bir soʻz yolgʻon ekanini bila turib, mening hadisim sifatida rivoyat qilsa, uning oʻzi yolgʻonchilardan biridir”, deganlarini ular yaxshi bilgan.

Binobarin, oʻsha ishonchli roviylarni yolgʻonchiga chiqargan kimsa ular doʻzaxga mahkum kishilar boʻlgan, ularda hech qanday axloq ham, din ham boʻlmagan, deya hukm chiqargan boʻladi” (“Al-Boisul hasis”).

Yuqorida oʻtganlardan ayon boʻladiki, sunnatni tark qilib, faqat Qurʼonga amal qilish daʼvosi bilan chiqayotganlar shariat hukmiga koʻra kofirdir. Chunki ular Paygʻambar alayhissalomga itoat qilishni Alloh taologa itoat qilish bilan bir darajada qoʻygan Qurʼoni karimning oʻziga ham, uning har bir oyatini bevosita Jabroil alayhissalomdan qabul qilib olgan Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalariga ham, dinning Qurʼon va hadisdan keyingi uchinchi manbasi boʻlmish musulmonlar ijmosiga ham qarshi chiqqan kimsalardir.

Alouddin NЕMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …