Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIYNING “TOʻRTLIK”LARI (1-qism)

IMOM BUXORIYNING “TOʻRTLIK”LARI (1-qism)

Imom Buxoriyning shogirdlariga aytgan vasiyati “Ruboiyotul Buxoriy – Buxoriy toʻrtliklari” nomi bilan tanilgan. Bu toʻrtliklarning har birida toʻrtta nasihat va koʻrsatma mavjud boʻlib, hadis oʻrganuvchining zimmasiga nechogʻlik katta masʼuliyat tushishini koʻrsatib beradi.

Shuningdek, bu “toʻrtliklar” hadislarni oʻrganish va qabul qilinishdagi talablarni oʻzida mujassam etgan boʻlib, ular zamirida Imom Buxoriyning hadislarni qabul qilishdagi shartlari ham qisman oʻz ifodasini topgan.

Bu “toʻrtlik” nasihat, muhaddisning shartlari bilan tanishish, buyuk muhaddis boʻlish uchun oʻzlashtirish lozim boʻlgan bilim va koʻnikmalar hamda amaliyotlarni oʻz ichiga olgan noyob uslubiy-ilmiy hujjat sanaladi.

Uning ilmiy ahamiyatini hisobga olib, vasiyatnomaning matni va qozi Iyoz boshchiligidagi roviylar silsilasidan iborat sanadi toʻliq holda keltirildi

Oʻgitlar naql zanjiri bilan Imom Buxoriydan hijriy VI asr (476-544)da ilm ahlidan boʻlgan alloma qozi Iyozga bogʻlanadi. Bu “Gʻaniya” nomli fihristda taqdim qilingan.

Shu bois vasiyatnoma faqat qozi Iyozdan rivoyat qilingan va undan boshqa hech kim buni zikr qilmagan. Qozi Iyoz “toʻrtliklar”ni ustozi Ibn Arabiydan, u Abu Abbos Valid ibn Ibrohim ibn Zayd Hamadoniy Buxoriydan rivoyat qilgan. Maʼlumotlarga koʻra, Valid ibn Ibrohim hadis oʻrganish uchun zarur boʻladigan shartlarni nimalardan iborat ekanini soʻrab, Imom Buxoriy huzuriga boradi va oʻziga xoslab aytilgan ruboiylar shaklidagi bu rivoyatni Imom Buxoriydan yuzma-yuz holatda eshitadi.

Vasiyatnoma oʻn oltita ruboiydan tashkil topgan boʻlib, har biri ruboiy esa toʻrtta amalni oʻz ichiga olgan.

Har bir ishning zaruriy omil va vositalari, haddi – chegarasi mavjud. Inson oʻsha chegaralarni yaxshi bilmogʻi va oʻzining nimalarga qodir ekanini oʻlchay olmogʻi darkor. Qozi Validning Imom Buxoriyga bergan savoli hadis maʼrifati va xabarlarni rivoyat qilish haqida boʻlsa-da, unga aytilgan ushbu nasihat ana shu omil va vositalar doirasidan ancha keng boʻlib, tolibi ilmga oʻzidagi ilmiy salohiyatni baholay olish imkonini ham beradi.

Qozi Valid Imom Buxoriyning shogirdlaridan boʻlgan. U  Rayda qozilik qilgan kezlari bunday degan edi:

– Balogʻat yoshiga yetganimdan soʻng qalbimda hadislarni astoydil oʻrganmoqqa intilish havasi uygʻondi. Shu bois Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning huzurlariga borib, maqsadimni bayon qildim. Shunda u zot menga:

  • “Ey boʻtam! Biron ishga faqat uning hududini bilib, miqdoridan voqif boʻlganingdan keyingina kirishgil. Shuni bilki, biron kishi hadis ilmini komil ravishda oʻzlashtirmogʻi uchun toʻrtni toʻrt bilan omuxta qilish misoli, toʻrt marta toʻrtta, toʻrtta birlan toʻrtta, toʻrttadan toʻrttaga bitgandan soʻnggina erishgay. Ushbu toʻrtliklar toʻrtni toʻrtga koʻpaytirmasidan hosil boʻlmagay. Magar bul narsalarning bariga erishilsa, u holda toʻrttaga ul kishi osonlikcha yetishur, toʻrt narsaning zahmatini chekur. Magar ul kishi shu narsalarga sabr-toqat etsa, Alloh taolo uni bu dunyoda toʻrt narsa bilan siylab, oxiratda ham toʻrtta mukofotga sazovor qilgay”, dedi.

– Alloh sizga rahmatini yogʻdirsin, oʻzingiz zikr qilgan toʻrtliklarni menga tafsir qilib bergaysiz, – deb soʻradim. (davomi bor)

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …