Home / ALLOMALAR / ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning qadimgi shaharlaridan biri) mashhur hakimning nabirasi boʻlgan. Toʻliq ismi Abu Bakr Rabiʼ ibn Ahmad Ahavayniy Buxoriy. Abu Hakim, Abu Bakr nomlari bilan mashhur boʻlgan. Alloma baʼzi manbalarda “Ajviniy” nisbasi bilan ham kelgan. Yoshligidan tib, mantiq va falsafa ilmlari bilan shugʻullangan. Dastlabki taʼlimni otasidan olgan, keyin Hakim Muhammad Zakariyo Roziy madrasasida oʻqigan.

Ustozi Abulqosim Tohir ibn Muhammad ibn Ibrohim Muqonaiy Roziy: “Abu Bakr ilmda juda sabr-qanoatli, oʻz davrining yetuk jarrohi, tabib boʻlib yetishdi”, deb taʼrif bergan.

Abu Bakr Ahavayniy oʻttiz yil mobaynida ham tabiblik qilgan, saboq bergan. Tibbiyot sohasiga doir “Hidoyatul mutallimin fit tib” (“Kitobul Hidoya”, “Hidoyatul tib”) asarini yozgan. Afsuski, bizgacha uning yagona qoʻlyozma nusxasi yetib kelgan. Uch boʻlim va ikki yuz bobdan iborat. Qoʻlyozma fors tilining Buxoro shevasida yozilgan.

Birinchi boʻlimda inson salomatligini muvozanatda ushlab turuvchi qon, balgʻam, suyak, asab, mushak, tomir, sariq va qora safrolar haqida maʼlumot berilgan, organlarning vazifalari, kasalliklarning sabab va alomatlarini keltirilgan. Shuningdek, ob-havo va iqlimga oid masalalar hamda epidemik kasalliklarga alohida taʼrif berilgan. Sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish uchun toʻgʻri ovqatlanish, meʼyorda suv ichish va uxlashning ahamiyatli jihatlari yoritilgan.

Ikkinchi boʻlimda alloma kasalliklar roʻyxatini keltirib, ularni davolash usullarini alohida-alohida tushuntirib bergan.

Asarning soʻnggi qismi gigiyena, yurak-qon tomir kasalliklari va nefrologiyaga bagʻishlangan.

Abu Bakr Ahavayniy oʻzidan oldin yashab oʻtgan olimlar va ustozi Abulqosim Roziyning tibbiyot sohasidagi ilmiy merosi boʻyicha tadqiqot olib borgan. Ularning maʼlumotlari toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanini shaxsiy tajribalarida sinab koʻrgan. Natijada baʼzi kasalliklar uchun yangi dorilarni kashf qilgan.

Alloma shogirdlariga jarrohlikning murakkab usullarini amaliyotda koʻrsatib, saboq bergan.  Shuningdek, u ustozi Muhammad Zakariyo Roziy boshlab bergan tabiatshunoslik (botanika) sohasini rivojlantirgan olimlardan biri hisoblanadi.

 Manbalardagi maʼlumotlarga koʻra, alloma 983 yili Buxoroda vafot etgan.

 “Hidoyatul mutallimin fit tib” asari jarrohlik boʻyicha forsiyda yozilgan birinchi kitob hamda bizgacha yetib kelgan uchinchi (Abu Mansur Muvofiq Hiraviy “Al-abniya anil haqoiqil adviya”, Ismoil Jurjoniy “Kitabu zahiraiy Xorazmshohiy”) forscha qoʻlyozma hisoblanadi. Shuningdek, alloma dorishunoslikka doir “Qirobodin” (“Girobodin”), odam anatomiyasiga oid “Kitobi nabz” va “Kitobi tashrih” nomli asarlar ham yozgani haqida maʼlumot mavjud. Lekin ular bugungi kungacha yetib kelmagan.

 “Hidoyatul mutallimin fit tib” asarini Jalol Matiniy 1965 yili Mashhadda nashr qildirgan. Bugungi kunda asarning qayta koʻchirilgan qoʻlyozma nusxalari Turkiya, Eron va Hindiston kutubxona fondlarida saqlanmoqda. Lekin olimlar, qanchalik ahamiyatli boʻlmasin, oʻz davrida oʻta mashhur boʻlgan bu asar keyingi asrlarda jiddiy,  tadqiq qilinmaganini qayd etadi.

Iroda DAURBЕKOVA, Dildora HALIMOVA,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi” va
“Islomdan oldingi Eron tibbiyot tarixi dagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …