Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining joriy yil 6 oylik faoliyati yakunlari va II yarmidagi rejalariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Direktor Shovosil Ziyodov Markazning 2023 yil I yarmida xalqaro aloqalar va qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasidagi ishlari yuzasidan maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, yilning 6 oyi davomida xalqaro ilmiy-maʼrifiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan anjuman, seminar va davra suhbatlari, Markazda nashrga tayyorlangan kitoblarning xorijdagi taqdimotlari, chet ellardagi turdosh muassasalar bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari, xorijga ilmiy safarlar kabi jami ellikka yaqin amaliy tadbirlar tashkil etildi. Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyaning chet ellik 3 nafar sovrindori Markazda ilmiy malaka oshirdi.
Oʻtgan vaqt davomida Turkiya, Saudiya Arabistoni, Hindiston kutubxona fondlarida saqlanayotgan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub 260 qoʻlyozma asarning roʻyxati shakllantirildi. Turkiya, Yaponiya va Germaniyadagi 340 qoʻlyozma asar nomi, muallifi, turi, saqlanayotgan kutubxonalari aniqlandi va reyestri tuzildi. Markaz qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 24 kitob (36 asar, jami 3504 varaq)ning elektron nusxasi tayyorlandi.
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Shukurillo Umarov Markazdagi ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tahlilini keltirdi. Uning soʻzlariga koʻra, ulugʻ mutafakkirlarimiz qalamiga mansub 17 asar tarjima va tahrir qilinib, nashrga tayyorlangan. Ilmiy xodimlar tomonidan 161 ilmiy maqola chop etilgan. 4 ilmiy xodim maqolalari Scopus nomli xalqaro retsenziyali ilmiy adabiyotlarning yagona bibliografik va referativ bazasiga kiritilgan.
Shuningdek, 2023 yilning birinchi yarmida Markaz ilmiy xodimlari 60 dan ziyod maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda maʼruza qilib, turli ruknlarda 40 dan ortiq videodars oʻtkazdi. Hadislar notoʻgʻri talqin qilinishining oldini olish va asl mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish boʻyicha 211, raddiya shaklida 123 va Oʻzbekistonda faoliyati taʼqiqlangan diniy oqimlar vakillarining turli diniy maʼruzalariga qarshi 301 material eʼlon qilindi.
Falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev Markazning joriy yil ikkinchi yarmiga moʻljallangan istiqbolli reja va yirik loyihalarni tavsiflab berdi.
Matbuot anjumani UzReport TV telekanali va uning Youtube va Facebookdagi sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Bu bilan internet foydalanuvchilari tadbirda onlayn ishtirok etish va savol, murojaat, ariza yoki shikoyatlar bilan murojaat qilish imkoniga ega boʻldi.
Anjuman davomida onlayn kuzatuvchilar, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va matbuot sohasi vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.