Home / FOTO LAVHALAR / MALAYZIYALIK STIPЕNDIAT ILMIY ISHI AMALIY AHAMIYATI BILAN EʼTIBOR QOZONADI

MALAYZIYALIK STIPЕNDIAT ILMIY ISHI AMALIY AHAMIYATI BILAN EʼTIBOR QOZONADI

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori dr. Alif Navi ilmiy izlanishlari natijalari taqdimotini oʻtkazdi.

“Oʻzbekiston hududida yashab, zamonaviy dunyoni shakllantirgan taniqli ulamolar merosini saqlash va targʻib etishda videografika vositalarining oʻrni” mavzusida oʻtkazilgan taqdimot alloma ajdodlarimizning bugungi kunda keng qoʻllanayotgan innovatsiyalar rivojiga qoʻshgan bilvosita hissasiga bagʻishlandi.

Tadqiqotchi islom sivilizatsiyasida movarounnahrlik arboblar ilmiy faoliyatining muhim oʻrniga oid koʻrgazmali vositalar nisbatan cheklanganiga, dunyo boʻylab faqat tanlangan ilmiy muassasalarda namoyish etilishiga eʼtibor qaratib, izlanishlari natijasi oʻlaroq bu borada keng omma uchun moʻljallangan videografika mahsulotlarini yaratish va mediaplatformalar orqali izchil targʻib etish yoʻnalishida olib borayotgan ishlari haqida maʼlumot berdi.

Markazdagi amaliyoti davomida izlanuvchi zarur maʼlumotlar asosidagi ijodiy kontent toʻplab, oʻzbekistonlik mutafakkirlar ilmiy merosiga oid yozma materiallar va tarixiy topilmalarning elektron xaritasini shakllantirgan. Unda fan va texnika, din va maʼnaviyat, til va adabiyot, sanʼat va musiqa, zamonaviy sport va anʼanaviy xalq oʻyinlari, iqtisodiyot va savdo sohalari alohida ajratib koʻrsatilgan.

Taqdimotchi ishtirokchilarni mediamahsulot yaratishda foydalanadigan videodasturlar va targʻiboti amalga oshiriladigan xosting turlari bilan ham tanishtirdi.

Tadbir qatnashchilari ilmiy tadqiqotlar manbai faqatgina kitob va maqolalar doirasida cheklangan, mavzuga oid resurslar soni internet tarmogʻida yetarli boʻlmagan, ajdodlarimiz asarlari eski uslubda saqlab kelinayotgan va umumiylikda kelgan maʼlumotlarga koʻpincha manfaatdor guruhlar murojaat qilayotgan hozirgi sharoitda stipendiat olib borayotgan ilmiy va amaliy faoliyatning muhim ahamiyatini alohida eʼtirof etdi.

Shu bilan Utara universiteti (Malayziya) huzuridagi Oliy pedagogika maktabi katta oʻqituvchisi dr. Alif Navining Markazdagi ilmiy amaliyoti yakuniga yetdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …