Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ NAVBATDAGI STIPЕNDIATNI QARSHI OLDI

MARKAZ NAVBATDAGI STIPЕNDIATNI QARSHI OLDI

Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining yana bir gʻolibi, Malayziyadagi Utara universiteti huzuridagi Pedagogika oliy maktabi katta oʻqituvchisi dr. Alif Navi ilmiy amaliyot oʻtash uchun Markazga keldi.

Tadqiqotchining izlanishlari koʻp dasturli usullardan, sunʼiy intellekt va yirik maʼlumotlar bazasidan foydalanib raqamlashtirish sharoitida islomiy taʼlim, inson xulq-atvori va axloq qoidalarini oʻrganishga qaratilgan. Pedagogika fanlari doktori Alif Navining 30 dan ortiq maqolasi xalqaro Scopus elektron platformasiga kiritilgan.

Xorijlik olim Markazda movarounnahrlik mutafakkirlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasini keng targʻib qilish uchun videografika koʻrinishidagi ijodiy vositalar yaratishni maqsad qilgan. Tadqiqotchi bu orqali ulugʻ ajdodlarimizning bugungi zamonamizda keng tarqalgan turli innovatsiyalar evolyutsiyasiga ijobiy taʼsirini namoyon etishni koʻzda tutadi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov stipendiatni qabul qilib, dastur gʻolibligi bilan qutladi va sovrindorlar safi tobora kengayib borayotganidan mamnunligini izhor qildi. Malayziyalik olim ham dasturda ishtirok etayotganidan baxtiyorligini aytib, mazkur amaliyotning ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirishda muhim oʻrin tutishini bildirdi.

Xorijlik olim izlanuvchilar uchun Markazda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.

Amaliyot davomida tadqiqotchining yurtimizdagi tarixiy shaharlarga sayohati va ilmiy muassasalarga tashrifi rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …