Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti rektori Alpaslan Jeylan rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Markaz direktori Shovosil Ziyodov qarshi olib, muzey va kutubxona faoliyati bilan tanishtirdi.
Tashrif doirasida Markaz bilan universitet oʻrtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Bishkekda joylashgan Qirgʻiziston-Turkiya Manas universiteti Markaziy Osiyodagi eng nufuzli taʼlim taʼlim dargohlaridan biri boʻlib, unda 6500 dan ziyod talaba tahsil oladi. Hozirgi kunda mazkur oliy taʼlim muassasasi dunyodagi eng yaxshi 1000 ta universitet qatoridan joy olgan. Qirgʻiziston, Turkiya va turkiy davlatlar, jami 20 mamlakatdan kelgan xorijlik talabalar orasida 100 dan ortiq oʻzbekistonlik ham bor. 12 ta fakultet, 1 ta kollej va 1 kasb-hunar kollejiga ega Manas universiteti Turkiya va Qirgʻiziston davlat universitetlari bilan bir xil maqomga ega.
Markaz bilan universitet oʻrtasida bundan besh yil muqaddam hamkorlikka oid memorandum imzolangan edi. Oʻtgan vaqt davomida ikki ilmiy muassasa hamkorligida koʻplab tadbirlar oʻtkazilib, qoʻshma loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, 2021 yilning 7-9 oktyabr kunlari Qirgʻizistonning Bishkek shahrida Manas universitetining 25 yilligiga bagʻishlab “Xalqaro oila va qadriyatlar” mavzusida tashkil qilingan xalqaro simpozium maʼruzalar toʻplamida Markazi direktorining oʻrinbosari O.Muhammadiyevning “Islom dinida tenglik masalasi” nomli maqolasi eʼlon qilindi. Shuningdek, universitet bilan hamkorlikda “Qoʻlyozmalarni tadqiq va tarjima qilish borasida xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy seminar oʻtkazildi. Bundan tashqari universitet tadqiqotchisi Derya Idikurt Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi gʻolibligini qoʻlga kiritib, Markazda ilmiy amaliyot oʻtadi. Bundan oldinroq esa Markaz olimlari universitetning ilohiyot fakultetida “Oʻrta Osiyo olimlarining islom madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Marosimda universitet rektori Alpaslan Jeylan imzolanayotgan hujjat hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga, ilmiy loyihalar samaradorligini yanada oshirishga huquqiy asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi. Markaz direktori Shovosil Ziyodov mushtarak manfaatlar hamkorlikda yuqori natijalarga erishishda keng imkoniyat yaratishini qayd etdi.