Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Islom hamkorlik tashkilotining (OIC) Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktorining oʻrinbosari Chengiz Tomer va Bosh direktor maslahatchisi Ashirbek Moʻminov tashrif buyurdi.
Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev mehmonlarni muzey va kutubxona faoliyati bilan tanishtirdi.
Islom olamining mazkur nufuzli tashkiloti bilan 2019 yilda oʻrnatilgan hamkorlik asosida qator qoʻshma ilmiy loyihalar amalga oshirilib, xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Tashkilot rahbariyati vakillari Markazda amalga oshirilayotgan gʻoyat muhim ahamiyatga ega ilmiy faoliyat boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Tashrif doirasida Markaz va IRCICA hamkorligida “Markaziy Osiyoda tasavvuf namoyandalariga oid qabrtoshlardagi bitiklar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Anjumanda Chengiz Tomer IRCICA tomonidan ayni paytda amalga oshirilayotgan loyihalar xususida maʼlumot berdi. Keng qamrovli tadbirlar sirasidan oʻtgan yili noyabr oyida ikki muassasa hamkorligida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – islom sanʼati oʻchogʻi” xalqaro forumida toʻplangan 70 dan ziyod materialni nashr etish, Samarqanddagi Xoʻja Isʼhoq Vali va Maxdumi Aʼzam ziyoratgohlaridagi qabrtoshlar bitiklarini tadqiq qilish ham oʻrin olgan. Taʼkidlanganidek, ayni paytda yuqorida tilga olingan manzillardagi 52 ta qabrtoshdan 42 tasidagi bitiklarni oʻrganish va tarixiy qiymatini belgilashga ehtiyoj mavjud.
Ashirbek Moʻminov bitiklarni oʻrganishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar, tadqiqot natijalari bilan ishlash masalalariga toʻxtaldi.
Davra suhbatida, shuningdek, ilmiy muassasalarimiz hamkorligida yangi loyihalarni amalga oshirish va qoʻshma tadbirlarni tashkil etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, ularning samaradorligini oshirish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida muassasalar tomonidan nashr etilgan adabiyotlar almashildi.