Islom olamida movarounnahrlik muhaddis olimlarning oʻrni juda beqiyosdir. Ularning hayoti va ilmiy meroslari haqidagi qimmatli maʼlumotlar oʻrta asr arab tilidagi manbalarda keltirilgan. Ular al-Xatib al-Bagʻdodiy [8], Najmiddin Umar an-Nasafiy [15], Abu Saʼd as-Samʼoniy [9], Shamsiddin az-Zahabiy [18], Hoji Xalifa [16] asarlarini zikr etish lozim.
Abu Hasan Sagʻoniyning ilmiy merosi koʻpgina tadqiqotchilar tomonidan tadqiq qilingan. Ular: Haydaroboddagi Sind Universiteti tadqiqotchisi Madad Qadriy “Imom Sagʻoniy Lohuriy hayoti va ilmiy merosi” [3: 67-80], Riyoz Imom Abdurahmon ibn Faysal universitetining “Til va adabiyot” fakulteti tadqiqotchisi, olima Bandariy bint Xolid ibn Barok Sadiriy “Tavzihu al-misli inda al-Sagʻoniy fi muqaddimatu al-aʼbab al-zaxir va al-bab al-faxir” [19: 18], Qohira Arab qoʻlyozmalar tadqiqot institutida “Al-azdadu lil Sagʻoniy” [20: 193-218], Pokiston Arab qoʻlyozmalar tadqiqot instituti tadqiqotchisi Ahmad Xon “Samaʼat muallifat as-Sagʻoniy al-lugʻaviya” [1: 488-518] lar allomaning til, lugʻatshunoslik, fiqh va hadis ilmida tutgan oʻrni va asarlarining ahamiyatli jihatlarini tadqiqotlarida yoritib bergan. Yuqorida nomlari keltirilgan tadqiqotchilarning ilmiy tadqiqotlari diqqatga sazovordir. Bugungi kunda ham dunyoning turli davlatlarida faoliyat olib borayotgan olimlar Abu Hasan Sagʻoniyning ilmiy merosini oʻz sohasi doirasida tadqiq ishlari olib borishmoqda.
Bu buyuk muhaddislarning tasnif qilgan sahih hadislari islom dini taʼlimotida Qurʼoni karimdan keyingi muhim asosiy manba hisoblanadi. Binobarin, oʻz mazmun-mohiyati jihatidan bu bebaho yodgorliklar umuminsoniy madaniyatning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Bu muhim asarlarda keltirilgan hadisi shariflar insoniyat uchun, jamiyat uchun ulkan ahamiyatga egadir.
Tilshunos, muhaddis va faqih Abu Hasan Sagʻoniy “Shayxul imom”, “Imomul lugʻa” nomlariga sazovor boʻlgan. 1181 yil 25 iyunda Lahurda tugʻilgan. Asli Quraysh qabilasi Adi ibn Kaʼab qavmiga mansubligi va xalifa Umar roziyallohu anhu naslidanligi uchun allomani Adaviy va Umariy nomlari bilan atashgan [18: 23; 282-283; 63]. Uning toʻliq ismi Abu Hasan ibn Muhammad ibn Hasan ibn Haydar ibn Ali ibn Ismoil Adaviy Umariy Sagʻoniy. Allomaning oilasi Sagʻoniyon (Chagʻoniyon – Vaxsh va Amudaryoning qirgʻogʻida joylashgan Marvning qadimiy shaharlaridan biri boʻlib, arablar uni “Sagʻoniyon” deb atagan. Chagʻoniyon atrofi togʻ bilan oʻralgan, tabiati chiroyli, xalqaro savdo-sotiq rivojlangan markazlardan boʻlgan.) [14: 53; 155] dan Lahurga, keyinchalik Gʻaznaga koʻchib kelgan. Abu Hasan Sagʻoniy dastlabki taʼlimni otasidan olgan. Fiqh ilmini Gʻaznadagi ulamolardan oʻzlashtirgan. Oʻn yil Makka, Madina, Yaman, Bagʻdod kabi ilm markazlarida safarda boʻlib, olimlardan saboq olgan [13: 63]. Abu Hasan Sagʻoniy yoshligidan arab tili va adabiyotga ixlosi yuqori boʻlgani uchun grammatika va lugʻat ilmini chuqurroq oʻzlashtirish maqsadida 1208-1209 yillar Dehli, Lahur, Joil (Aligarh) va Hijoz shaharlariga borgan. U Hijozda besh yil yashagan. Makkada Burhoniddin Abufutuh Nasr Husriy, Yamanda Nazzam Muhammad ibn Hasan Margʻinoniy, Qozi Saʼdiddin Halaf ibn Muhammad Kardariy, Abu Muhammad ibn Javziydan hadis, fiqh, grammatika va aruz ilmini oʻrgangan [18: 23; 441].
Abu Hasan Sagʻoniy Hijozdan Adanaga kelib Qozi Abu Isʼhoq Ibrohim Qurayziy, Ibn Battol va uning oʻgʻli Sulaymon kabi ustozlardan dars olgan.
1216 yil Bagʻdodga kelgan va zamondoshi Yoqut Hamaviy bilan koʻrishgan. Abu Hasan Sagʻoniy Bagʻdodda asosan hadis ilmi bilan shugʻullangan va qisqa fursat (ikki yil) ichida mashhurlikka erishgan. Xalifa Nosiriddinillah 1220 yil uni Dehli podshohi Eltutmish saroyiga elchi sifatida yuborgan [12: 344; 490].
1227 yili Hindistondan qaytish vaqtida Makka shahriga borib, haj amalini ado etib, Bagʻdodga kelgan. Alloma Bagʻdodda koʻp vaqt qolmaydi va Abbosiylar yangi xalifasi Mustanshir Billahning iltimosiga binoan Eltutmish saroyiga ikkincha marta elchi sifatida yuboriladi. Eltutmish Abulhasan Sagʻoniyni iliq kutib oladi. Dehli shohi Eltutmish vafotidan keyin qizi malika Roziya Sulton taxtga oʻtiradi. Xalifa oʻzaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida allomani 1236 yili takroran Dehliga elchi qilib yuboradi.
Abu Hasan Sagʻoniy Dehlidan Makkaga va 1240 yili Bagʻdodga qaytib kelgan. U umrining oxiriga qadar shu yerda yashagan va 1252 yil 73 yoshida Bagʻdodda vafot etgan. Allomaning vasiyatiga binoan oʻgʻli, shogirdlari uni Makkaga soʻfiy Fuzayl ibn Iyozning yoniga dafn etishgan [18: 23; 284].
Abu Hasan Sagʻoniyning Qozi Sulaymon ibn Hamza, Solih ibn Abdulloh Koʻfiy ibn Sobah, Hofiz Sharifiddin Dimyatiy, Iʼziddin Abufazl ibn Vazir ibn Aʼlqamiy kabi shogirdlari undan dars olgan va hadis rivoyat qilgan. Allomaning shogirdi Hofiz Domiyatiy: “Ustozim solih, rostgoʻy, hadis, fiqh va tilshunoslik ilmida imom edi. Abu Hasan Sagʻoniydan koʻp yillar saboq oldim va undan hadis tingladim. Alloma vafot etganida uni al-Haromut tohiriy qabristoniga dafn qildik”, degan [10: 155; 23; 284].
Allomaning lugʻat, arab tili, hadis ilmiga oid asarlari mavjud va ular bugungi kunda dunyo kutubxona fondlarida saqlanmoqda. Uning oʻn ikki jilddan iborat “Majmaʼul bahrayn” lugʻat kitobi, “at-Takmila va az-zayl va as-sila li kitabi taji lugʻat va sihahul arabiya” asari lugʻatshunoslikka oid boʻlib, unga Ismoil ibn Hammod Javhariyning “Tojul lugʻa” asariga qoʻshimcha oltmish mingta soʻz kiritilgan. Asar 1970-1979 yillar Qohirada Muhammad Abufazl Ibrohim va Abduhalim Tahoviylar tomonidan tadqiq qilinib, nashr etilgan. Sagʻoniyning “Al-Ubabuz zohir va al-lubabul fahir” yigirma jilddan iborat boʻlib, uni Abbosiylar vaziri Ibn Alkamiyning topshirigʻiga binoan boshlab, faqat mim harfigacha yozishga ulgurgan. Bu asarni yozishda Ismoil ibn Hammod Javhariyning “Tajul lugʻa” asaridagi lugʻat uslubidan foydalanib, soʻzlarning tartibini ketma-ketlikda joylashtirgan [11: 155-156]. Asarni Muhammad Hasan Alu Yasin 1977 yili Bagʻdodda, Pir Muhammad Hasan 1994 yili Islomobodda nashr qilgan. Davomi bor…
-
Alamul mahtutot van Navadir. – Dubay. – 488-518
-
https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%9A%D0%BE%D0%B8%D0%BC%D0%B1%D0%B0%D1%82%D1%83%D1%80
-
Madad Qadri “Life and works of al-Imam al-Saghani al-Lahori” Hydarabad, Sind university research journal c.5, s.67-80, 1966.
-
№266 Domod Ibrohim Posho fondi. B. 238a varaq.
-
№267 Domod Ibrohim Posho fondi. B. 1a varaq.
-
№268 Domod Ibrohim Posho fondi. B-280a varaq.
-
№269 Domod Ibrohim Posho fondi. B. 266b varaq.
-
Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xatib Hofiz Bagʻdodiy. “Tarix Bagʻdod av Madinat as-Salom”. 14 jildli. – Bayrut: Darul kutub al-ilmiyya, 1997.
-
Abu Saʼd Abdukarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy Tamimiy. “Al-Ansob” 5 jildli. Abdulloh Umar al-Borudiy tahriri ostida. – Bayrut: Dorul fikr,1998.
-
Abulfido Zayniddin Qosim ibn Qutlubugʻo Suduniy “Tojut-tarojim” Darul qolam matbaa, Bayrut.: 1992. – B. 155. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy “Siyra aʼlamun nubalo” J.23, – B. 284
-
Abulfido Zayniddin Qosim ibn Qutlubugʻo Suduniy “Tojut-tarojim” Darul qolam matbaa, Bayrut.: 1992. – B. 155-156
-
Ibn Sai “ad-Dur at-tamin” B-344, Ibn Fuvati “Talxis majmua al-adab fi muʼjamul alqob” – B. 490
-
Muhammad Abdulhay Laknaviy Hindiy “al-Favoid al-bahiya fi tarojimi al-hanafiya” Huququl matbaa mahfuza. – Misr.: 1906 y. B-5
-
Muhammad Abdulhay Laknaviy Hindiy “al-Favoid al-bahiya fi tarojimi al-hanafiya” Huququl matbaa mahfuza. – Misr.: 1906 y. B-5 Abulfido Zayniddin Qosim ibn Qutlubugʻo Suduniy “Tojut-tarojim” Darul qolam matbaa. – Bayrut.: 1992. – B. 155.
-
Najmiddin Umar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy. “Kitob al-qand fi zikr ulamo Samarqand” / Nazar Muhammad al-Foryobiy tahriri ostida. – “al-Mamlaka al-arabiya as-Saudiya”: Maktabatul-Kavsar,
-
Hoji Xalifa. “Kashf az-zunun an asami al-kutub va-l-funun” 2 jildli. – Istanbul, 1941-43.
-
Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy “Siyra aʼlamun nubalo” J.23, – B. 282-283. Muhammad Abdulhay Laknaviy Hindiy “al-Favoid al-bahiya fi tarojimi al-hanafiya” Huququl matbaa mahfuza, – Misr.: 1906 y. – B. 63.
-
Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. “Siyar aʼlom an-nubalo” 23 jildli. – Bayrut: Muassasat ar-risola, 1992.
-
الاضداد للصغانى بين تقاليد الاستشراقية و العربية Majallatu Maʻhad al-Mahtutotil arabiyya, c.59, sy.2, 1437/2015 Kahire, s.193-218.
-
توظيف المثل عند الصاغاني فى مقدمة العباب الزاخر و الباب الفاخر Majallatud dirosatil loʻgʻaviya 15,sy.3, 1434 Riyad.