Avval xabar berilganidek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Singapur Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Singapur rahbari bugun Toshkent shahrida mamlakatimizdagi diniy konfessiyalar rahbarlari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Osiyo yuragida joylashgan qadim Movarounnahr va hozirgi Oʻzbekiston zamini, Buyuk ipak yoʻli orqali turli mintaqa, qitʼalar, madaniyat va ilmlarni bogʻlovchi markaz boʻlgani qayd etildi. Oʻtmishda zardushtiylik, buddaviylik rivojlangan hududga islom dini kirib kelgach, bu zamindan Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan.
Suhbat chogʻida Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov mehmonlarga yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan barcha sohalar qatori, diniy-maʼrifiy jabhada, xususan, din va eʼtiqod erkinligi yoʻnalishida turli din vakillari uchun yaratilgan qator yangilik, qulayliklar haqida maʼlumot berdi. Bir necha yangi masjid, cherkovlar qad rostlab, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy va oʻrta maxsus islom bilim yurtlari ochilmoqda.
Hozirgi kunda respublikada 16 diniy konfessiya mavjud boʻlib, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan diniy tashkilotlar soni 2346 tani tashkil etmoqda. Shundan 2149 tasi islomiy va 197 tasi turli noislomiy konfessiyalar hisoblanadi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda esa Hadis ilmiy maktabi faoliyatini alohida taʼkidlash joiz.
Oʻzbekistonning ushbu tashabbusi dunyoda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, diniy bagʻrikenglikni taʼminlashda naqadar katta ahamiyatga egaligi bugungi murakkab davrda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlar xalqaro maydonda ham yuqori darajada eʼtirof etilmoqda. Bunga 2020 yil dekabrda AQSH Davlat departamenti tomonidan Oʻzbekiston diniy erkinlik boʻyicha “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar roʻyxati”dan chiqarilganini misol qilib keltirish mumkin.
Uchrashuvda diniy konfessiya rahbarlari ham soʻzga chiqib, yaratilgan qulayliklar, eʼtiqod erkinligi borasida olib borilayotgan islohotlar samarasini taʼkidladilar.
Manba: OʻzA