Muhaddislar imomi, hadis ilmida moʻminlarning amiri, hofiz, faqih, muarrix va mutafakkirning toʻliq ismi sharifi – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻiyra ibn Bardazbeh Juʼfiy.
Imom Buxoriy 194/810 yil 21 iyulda (shavvol oyining 13-kunida juma namozidan keyin) Buxoroda tavallud topgan.
Allomaning ismi Muhammad, kunyasi Abu Abdulloh, nasabi Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mugʻiyra ibn Bardazbehdir. Uni sharaflab “imomul muhaddisiyn” (“muhaddislar imomi”), “amirul muʼminiyn fil hadis” (“hadis ilmida moʻminlarning amiri”) deb atashgan. Ota-bobolarining ismlaridan turibdiki, Imom Buxoriy ajam boʻlgan. Bu fikr talay adabiyotlarda qayd qilingan. “Bardazbeh” soʻzi “dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi kishi” maʼnosini anglatadi.
Imom Buxoriyning otasi Ismoilning kunyasi Abulhasan boʻlib, u oʻz davrining yetuk muhaddislaridan sanalgan. Imom Molikning shogird va asʼhoblaridan biri boʻlgan, tijorat bilan shugʻullangan. Manbalarda uning Hammod ibn Zayd, Abu Muoviya kabi oʻsha zamonning yirik muhaddislaridan hadislar rivoyat qilgani, Abdulloh ibn Muborakdan taʼlim olgani haqida xabarlar keltirilgan. Shogirdlari qatorida Ahmad ibn Hafs, Nasr ibn Husayn kabi bir qancha iroqlik olimlar va boshqalarni koʻrsatish mumkin.
Imom Buxoriy oʻzining “At-Tarixul kabir” (“Katta tarix”) asarida otasining tarjimai holi haqida bir qancha maʼlumotlar keltiradi. Tarixchi Hofiz ibn Hibbon oʻzining “Kitobus siqot” (“Ishonchli kitob”) asarida: “Ismoil ibn Ibrohim, yaʼni Imom Buxoriyning otasi Hammod ibn Zayd va Molikdan hadislar rivoyat qilgan, undan esa iroqlik olimlar hadislar naql etgan”, deb taʼkidlaydi.
Manbalarda zikr qilinishicha, alloma Ismoil oʻta taqvodor inson boʻlgan. Buxoriyning onasi ham xudojoʻy, diyonatli va karomatlar sohibasi, gʻoyat oqila, fozila ayol boʻlgan. El orasida Alloh taologa iltijo etib, doimo duolar oʻqib yuradigan pokiza ayol sifatida tanilgan (yosh Muhammadning koʻzi ojiz boʻlib qolganida, onaizor Parvardigorga nola qilib, oʻgʻlining koʻzi qaytadan koʻra boshlashiga sababchi boʻlgani bois uni “Duosi mustajob ayol” deb taʼriflashgan – tahr.).
Imom Buxoriy bolaligida otasi vafot etib, onasi tarbiyasida voyaga yetgan. Yoshligidan aql-idrokli, oʻtkir zehnli va maʼrifatga havasi kuchli boʻlib, turli fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zoʻr qiziqish bilan oʻzlashtirgan. Oʻn yoshidan boshlab oʻz yurtidagi turli roviylardan hadis tinglagan, Abdulloh ibn Muborak va Vakiʼ ibn Jarroh kabi allomalarning musnadlarini yod olgan, ustozi Shayx Doxiliy bilan roviylar toʻgʻrisidagi qizgʻin bahslarda qatnashgan.
Imom Buxoriyga oʻn yoshidan boshlab hadislarni yod olish qobiliyati nasib etib, ulgʻaygani sari bu ragʻbati kuchayib, ziyoda boʻlib borgan. Nafaqat shunchaki yod olish, balki sahih (toʻgʻri, ishonchli) va gʻayrisahih (xato, notoʻgʻri)larga ajratish, illatlarni aniqlash, roviylarni oʻrganib tahqiq qilish, rivoyatining adolatliligi, toʻgʻriligi, ishonchli yoki ishonchsizligi, hayoti, yashagan va borgan joylari, tugʻilgan va vafot etgan sanalari, bir-biri bilan muloqotlarini oʻrganib chiqqan. Turli roviylar keltirgan hadislarni bir-biriga solishtirib muqoyasa qilishga, oʻzaro bogʻliqligi va bogʻliq boʻlmagan, uzilishlar mavjud holatlarga alohida eʼtibor qaratgan. Hadis ilmining turli masalalarini chuqur tahqiq etish, hadislarni jamlash va Qurʼoni karim oyatlari bilan uzviy bogʻliqlikda oʻrganish kabi masalalarga qiziqqan.