Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIY OʻZI BILAN ALLOH OʻRTASIDA HUJJAT QILGAN KITOB

IMOM BUXORIY OʻZI BILAN ALLOH OʻRTASIDA HUJJAT QILGAN KITOB

Maqola mavzusiga koʻz tushar ekan, beixtiyor oʻquvchi zehnida Imom Buxoriyning Islom olamida Alloh taoloning kitobidan soʻng asosiy manba sanalgan “Al Jomeʼ as Sahih” kitoblari keladi. Zero islom ummati ming yillar osha bu moʻtabar kitobni Qurʼoni Karimdan keyingi asosiy manba sifatida qabul qilib kelmoqda.

Mazkur maqolada “Al Jomeʼ as Sahih” kitobini yozilishiga sabab boʻlgan omillar va unga nisbatan bildirilgan fikrlar hamda bugunlik kunda kitobning saqlanib qolgan nusʼhalari haqida baqadri imkon maʼlumot berib oʻtmoqchimiz.

Ibrohim ibn Maʼqal an Nasafiydan rivoyat qilinadi: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy shunday dedilar: “Biz, Isʼhoq ibn Rohivayhning huzurida ekanimizda, u: “Agar sizlar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadislaridan sahihlarini ixcham holda jamlasanglar edi”—dedi. Shunda qalbimga buni amalga oshirish fikri tushdi va “Al Jomeʼ as Sahihni” toʻplashga kirishdim.[1]

Abu Ali Gʻassoniy, Buxoriydan qilgan rivoyatida shunday deydi: “Men uni (yaʼni “Al Jomeʼ as Sahih” kitobidagi sahih hadislarni) olti yuz ming hadis ichidan tanlab oldim”. [2]

Ismoiliy esa, Buxoriydan qilgan rivoyatida shunday deydi: “Men bu kitob (yaʼni, “Al Jomeʼ as Sahih”)ga faqat sahih boʻlgan rivoyatlarnigina kiritdim. Ammo sahih rivoyatlardan kitobga kiritmay tark qilganlarim, kiritganlarimdan koʻra koʻproq boʻldi”.[3]

Yana Ismoiliy: “Agar Buxoriy oʻzi bilgan barcha sahihlarni bunga (yaʼni “Al Jomeʼ as Sahih”) kiritganida, birgina bobning oʻzida sahobalardan (shu bobga doir boʻlgan) koʻplab rivoyatlar va ularning rivoyat yoʻnalishlaridan koʻpini jamlagan boʻlardi. Bas shunda kitob, juda katta boʻlib ketardi” dedi.

Bu haqida Ibrohim ibn Maʼqal an Nasafiy, Imom Buxoriydan rivoyat qilib shunday deydi: “Men “Jomeʼ” kitobimga faqat sahihlarnigina kiritdim. Kitob uzayib ketmasligi uchun (koʻplab) sahihlarni ham tark etdim”.[4]

Firabriy, Muhammad ibn Abu Hotam Buxoriydan rivoyat qilib deydi: “Tushimda Muhammad ibn Ismoilni koʻrdim. U, Nabi sallallohu alayhi vasallamning ortlaridan yurib borardi. Qachonki Nabi sallallohu alayhi vasallam qadamlarini koʻtarsalar, oʻsha joyga Buxoriy qadamini qoʻyar edi”.

Firabriy, Najm ibn Fuzayl ham shunga oʻxshash tush koʻrganlarini rivoyat qilib keltirgan.[5]

Taʼkidlab oʻtganimizdek bu kitob barcha asr ulamolari tomonidan eng toʻgʻri va moʻtabar manba deb eʼtirof etilgan. Baʼzi kishilarning “Al Jomeʼ as Sahih” haqida yuzaga kelgan notoʻgʻri tasavvurlarining negizi—roviylarning ixtiloflar sabablidir.[6]

Bu baʼzilar oʻylaganidek “Al Jomeʼ as Sahih”ga nisbatan salbiy yondashuvni keltirib chiqarmaydi. Balki bu tabiiy hol boʻlib, muhaddis ulamolar oʻz musannifotlarini yozishda ilmiy jihatiga qanchalik diqqat bilan yondashganliklarini, oʻz shayxlaridan olgan hadislarni qayta koʻrib chiqib, xatolarini toʻgʻrilashda bardavom boʻlganlarini, manbalarga qayta-qayta murojaat qilishga oʻta talabchan boʻlganliklari va uni puxta bilganliklarini fikr qilish imkonini beradi.

Bu kabi eʼtiborni nafaqat “Al Jomeʼ as Sahih” haqida, balki Imom Molikning “Muvatto” kitoblari haqida ham aytishimiz mumkin. Bu kitobda ham roviylarga qayta-qayta murojaat qilingani uchun hadis rivoyatlari bir nechta boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Bundan tashqari boshqa hadis kitoblarida ham roviy va rivoyatlarning koʻpligi, musulmonlar dalillarning ishonchli va aniqligiga behad eʼtiborli boʻlganliklariga dalolat qiladi.

Imom Buxoriy oʻz musannifotlariga katta eʼtibor qaratganlar. Bu haqida u kishining oʻzlari shunday deydilar: “Barcha kitoblarimni uch martadan tasnif qilib chiqdim”, yaʼni qayta-qayta koʻrib soʻng varaqqa tushirganlar.[7] 

“Al Jomeʼ as Sahih” xususida Hofiz ibn Hajar shunday deydilar: “Imom Buxoriy undagi hadislarni shaharlardan toʻplagan boʻlsalar-da, ularni tartibga solish va boblarga ajratib yozishni Masjid Haromda boshlaganlar. Oʻn olti yil mobaynida ularni qogʻozga tushirganlar. Ammo bu muddatni toʻliqligicha Makkada oʻtkazmaganlar”.

Ibn Adiyning bir qancha hadis shayxlaridan qilgan rivoyatida: “Imom Buxoriy “Al Jomeʼ as Sahih” kitoblarini Nabiy sallallohu alayhi vasallamning qabrlari va minbarlari oʻrtasida yozganlar. Har bir hadisni yozishdan oldin ikki rakaat namoz oʻqirdilar” deydi.

Bu haqida Imom Buxoriyning oʻzlari shunday deydilar: “Sahih” kitobiga gʻusl qilmasdan va ikki rakaat namoz oʻqimasdan oldin biror bir hadisni kiritmadim”.[8]

Yana: “Al Jomeʼ as Sahih“ni 16 yil davomida toʻplagan 600 ming hadislardan tasnif qildim. Uni oʻzim bilan Alloh oʻrtasida hujjat qildim”.[9]

Yana: “Al Jomeʼ as Sahih“ kitobimni masjidul Haromda tasnif qildim. Unga, ikki rakaat namoz oʻqib Alloh taolodan istixora qilib, sahihligiga ishonch hosil qilmagunimcha, biror bir hadisni kiritmadim”—dedilar.[10]

Abu Jaʼfar al Uqayliy: “Buxoriy oʻzining “Al Jomeʼ as Sahih” kitobini tasnif qilgach, uni Ibn al Madiniy, Ahmad ibn Hanbal, Yahyo ibn Muʼiyn va boshqalarga koʻrsatdi. Ular kitob haqida yaxshi fikr bildirib kitobdagi toʻrtta hadisdan boshqa, barcha hadislarning sahihligiga guvohlik berishdi”—dedi. Uqayliy: “Soʻz, imom Buxoriy aytganidek. U sahihdir” —dedi.[11]

Imom Buxoriy hadislarni va “Al Jomeʼ as Sahih” kitoblarini yozib olishlari uchun ilmiy majlis tashkil etgan edilar. Firabriyning aytishicha, Imom Buxoriyning oʻzidan toʻqson ming kishi hadis eshitgan. U kishidan oxirgi hadis eshitgan odam Bagʻdodda Qozi Husayn al Mahomiliy boʻlgan.[12]

Ibn Rushayd “Al Jomeʼ as Sahih” kitobi haqida shunday deydi: “Soʻng bu kitob Firabriydan mutavotir boʻldi. Bas musulmonlar uni marjon qilib taqib oldilar va unga ijmoʼ boʻldilar”.[13]

Muhaddislar Imom Buxoriyning “Al Jomeʼ as Sahih” kitoblariga benihoya eʼtibor bilan yondashdilar. Imom Buxoriyning shogirdi Firabriy: “Al Jomeʼ as Sahih” kitobini, Buxoriyning oʻzidan 90 ming kishi eshitganini aytib oʻtadi.[14]

Uni yod olish va kelgusi avlodlarga yetkazishda ham muhaddislar tomonidan qoʻyilgan qoidalarga amal qilib, eʼtiborli boʻlishgani, undagi rivoyatlardan ham bilinadi.

“Hozirgi kunda “Al Jomeʼ as Sahih”ning qoʻlyozma nusʼhalari saqlanib qolganmi yoki yoʻqmi?” degan savol barchamiz uchun dolzarb savol sanaladi. Gʻarb va sharqdagi musulmonlar “Al Jomeʼ as Sahih”ning nusxalariga ega boʻlib, ularni masjidlar, xos va umumiy kutubxonalarga qoʻyishga, ulardan barcha birdek foydalanishiga talabchan boʻlganlar. Keyinchalik musulmon mamlakatlari dushmanlar tomonidan bosib olingach, u kitob va qoʻlyozmalar oʻgʻirlab ketilgan va talon taroj qilinib turli davlatlardagi kutubxonalarga olib ketilgan. Imom Buxoriyning “Al Jomeʼ as Sahih” asarlarining qoʻlyozma nusxalari eng koʻp yozilgan asar sifatida eʼtirof etiladi.

Hozirda “Al Jomeʼ as Sahih”ning toʻliq boʻlaklari yoki baʼzi qismlardan iborat qoʻlyozma nusxasi dunyoning 2327 ta kutubxonalarida saqlanmoqda, jumladan: Madinai Munavvaradagi “Malik Abdulaziz” kutubxonasida ushbu kitobning 226 ta asl nusxasi mavjud. Ularning baʼzisi toʻliq va baʼzisi boʻlaklardan iborat holda saqlanmoqda.[15]

Alloh taolo ulugʻ ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy merosga haqiqiy merosxoʻr boʻlishlik, uni oʻqib oʻrganib kelgusi avlodlarga yetkazishligimizni barcha ilm ahllariga nasib qilsin!

Foydalanilgan adabiyotlar
  1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Odoblar xaziynasi” kitobi. Toshkent shahri. “Sharq” nashriyoti. 2011 yil.
  2. Doktor Muhammad ibn Abdulkarim ibn Ubayd. “Rivoyat va nusax al Al Jomeʼ as Sahih” kitobi. Makkai Mukarrama shahri. 2006 yil.
  3. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon az Zahabiy “Tarix al Islam va vafiyyot al Mashahir val Aʼlam” kitobi. Bayrut shahri. “Dorul kutub al Arabiy” nashriyoti. 1987 yil.
  4. Ibn Hajar Asqaloniy. “Fathul Boriy” “Dorul Maʼrifa” nashriyoti. Bayrut 1379hijriy sana.
  5. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xatib al Bagʻdodiy. “Tarix Bagʻdod” kitobi “Dorul kutub al ilmiya” nashriyoti. Bayrut-Lubnon.
  6. Shamsiddin Zahabiy. “Siyar Aʼlam Nubala” “Muassasa ar Risala” nashriyoti. Bayrut. 1993 yil.
Olimxon Isaxon oʻli,
Hadis ilmi maktabi  rektori

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …