Hozirda ayrim shaxslar tomonidan ilgari surilayotgan mazhabsizlik gʻoyasi islom shariatini toʻgʻri tushunishga xavf solayotgan xatarli omillardan biridir. Mazhabsizlik gʻoyasi oʻtgan minglab olimlarning qilgan mehnatlarini, qancha mashaqqat bilan umr sarflab yaratilgan noyob manbalarni bekorga chiqaradi.
Asrlar davomida barcha musulmonlar amal qilib kelgan anʼanalar notoʻgʻri, shuncha musulmon adashgan ekan, degan xulosaga olib keladi. Eng ayanchlisi, musulmonlarni birlashtirib, jamlab turgan toʻgʻri yoʻlga putur yetkazadi. Buning natijasida esa, musulmonlar orasida oʻzaro parokandalik yuzaga keladi. Bunday daʼvat mazhablar mohiyati va qiymatini umuman bilmaslikdan kelib chiqadi. Garchi mazhablar 4 ta boʻlsa ham, ular yagona ahli sunna val-jamoaning yoʻnalishlari sifatida eʼtibor qilinadi va musulmon ummatini jamlaydi, birlashtiradi. Zero, Paygʻambar (alayhissalom) shunday marhamat qiladilar: “Alloh ummatimni biror zalolatga jamlamas”. Yana bir hadisda “Musulmonlar yaxshi deb bilgan narsa Allohning huzurida ham yaxshidir”, deyilgan.
Paygʻambar (alayhissalom) hayotlarining oxiriga kelib, turli qabila va yurt odamlari islomni qabul qila boshladilar. Yangi musulmonlar oldida yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida nozil boʻlgan oyatlarni oʻrganish, shariat ahkomlarini oʻz hayotlariga tatbiq qilish vazifasi turar edi. Tabiiyki, yosh sahobiylar oʻzlaridan kattalardan, yangi musulmonlar esa, avvalgi musulmonlardan sharʼiy masalalarni oʻrgana boshladilar.
Birinchi hijriy asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi hijriy asrda islom dini dunyo boʻylab, turli mintaqalarda tarqaldi. Turli arab boʻlmagan xalqlar ham musulmon boʻldilar. Tabiiyki, ular oʻzlariga Qurʼoni karim va Paygʻambar (alayhissalom) sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emas edilar.
Shunday qilib, jamiyatda asta-sekin kishilarga diniy hukmlarni oʻrgatadigan, ularning savollariga javob bera oladigan, muayyan ilmlarga ega insonlarga ehtiyoj tobora ortib bordi.
Shu tariqa turli diyorlarda olimlar yetishib chiqa boshladilar. Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Imom Ahmadlar bugungi kunda ham mavjud boʻlgan toʻrt fiqhiy mazhabga asos soldilar. Ular ibodatlar va boshqa barcha masalalarni Qurʼoni karim va hadisi sharifga koʻra maʼlum qoidalarga solib chiqdilar. Manbaning boyligi va Rasululloh (alayhissalom)ning ayrim vaqtlarda bir amalni turlicha bajarganlari, bir masala boʻyicha turlicha tasarruflari haqidagi sahih rivoyatlar bu olimlarning ishlarida ham maʼlum juzʼiy farqlarni paydo boʻlishiga olib keldi. Shuningdek, turli mintaqalardagi sharoitlarning turlichaligi, shariat masalalarida tabiiy tafovutlarning yuzaga kelishiga asos boʻldi. Masalan, shofeiy mazhabida tahoratdan soʻng yuz-qoʻlni artinmaslik afzal boʻlsa, hanafiy mazhabida artish afzaldir. Bu oʻrinda mazhablar tarqalgan hududlardagi iqlim sharoiti ham eʼtiborga olingan. Binobarin, Rasululloh (alayhis-salom)dan ikki holatni ham tasdiqlovchi rivoyatlar yetib kelgan.
Shuni ham alohida taʼkidlash joizki, imom Shofeiy Misrga kelganlaridan soʻng, Bagʻdodda aytgan baʼzi hukmlarini urf oʻzgargani uchun oʻzgartirganlar. Masalan, ikki daʼvogar oʻz daʼvolarida hujjatlari yoʻqligi sababidan kelisha olmasalar, urf qaysi birini quvvatlasa, hukm shuning foydasiga boʻlishi; er bilan xotin mahrning avvaldan beriladigan va keyin beriladigan qismlariga kelisha olmasalar urfga asosan hal qilinishi; bir kishi goʻsht yemayman, deb qasam ichsa-da, baliq yesa, qasamiga kafforat bermasligi, kabi hodisalar urfga asosan hal qilingan.
Yuqorida zikr etilganidek juzʼiy masalalarda ixtilof qilingani bilan, toʻrt sunniy mazhabda islomning asosiy masalalari boʻyicha ixtiloflar yoʻq. Chunki har bir mazhab asoschisi oʻz soʻzlarini ishonchli dalillar bilan isbotlaganlar. Mazhablar oʻrtasidagi farqlar namoz ibodatida koʻproq koʻzga tashlanadi: namozda tik turganda qoʻlni bogʻlash shakli, takbirlarda qoʻlni koʻtarish, imomga iqtido qilganda “Fotiha”ni oʻqish yoki oʻqimaslik.
Haj marosimi paytida Makkadagi Masjid al-Haromda har xil yurtlardan kelgan hojilar oʻzlarida qabul qilingan qoidaga koʻra namoz oʻqiyveradilar va bu hech qanday eʼtiroz yoki noqulaylikka sabab boʻlmaydi. Ammo bir diyorda bir xil tartibda, bir mazhab koʻrsatmalari doirasida ibodat qilish mahalliy aholi vakillarini jipslashtirishga xizmat qilib kelgan. Uning aksi esa turli ixtiloflarga yoʻl ochib bergan.
Islom dinining Oʻrta Osiyo xalqlari tarixida ijobiy rol oʻynaganiga hech qanday shak-shubha yoʻq. Ayni vaqtda Oʻrta Osiyoda shakllangan mintaqaviy islomning ham umummusulmon madaniyatida oʻziga xos salmoqli oʻrni borligi ham sir emas. Mazhabsizlik gʻoyasining asl mazmuni esa, asrlar davomida musulmonlar amal qilib kelayotgan huquqiy maktablarni bekorga chiqarishdir. Buning natijasida jamiyatda turli ixtiloflar vujudga keladi, asrlar davomida oʻz maromida kelayotgan hayot izidan chiqib ketadi.
Olimlar nazdida har doim odamlar shariat bilimlarini bilish darajasiga koʻra xos va ommaga boʻlingan. Xos kishilar maʼlum bir soha bilan shugʻullanib, oʻz mutaxassisligini mukammal oʻrgangan. Omma odamlar esa oʻzlarining odatiy ishlari, kasb-hunarlari kabi ishlar bilan mashgʻul boʻlgan va zarurat tugʻilganda kerakli mutaxassisga murojaat qilib oʻz masalasi boʻyicha yechim topgan. Sharʼiy hukm chiqarish bilan ham xos kishilar, yaʼni mujtahid faqihlar shugʻullangan, omma musulmonlar esa ushbu hukmlarga amal qilgan. Demak, shariat hukmlari va ularning dalillariga nisbatan odamlar ikki guruhga boʻlinadi: mujtahidlar va muqallidlar.
Mazhab va mazhabga ergashish haqida gap ketganda, ijtihod va odamlarning unga nisbatan darajalari haqida aytib oʻtish zarur, zero biror mazhabga ergashish ijtihod darajasiga yetmagan kishi uchun lozim boʻladi. Mazhablar ijtihodning mahsuli, ijtihod esa hammaning qoʻlidan keladigan oddiy ish emas. “Ijtihod” bu arabcha soʻz boʻlib, lugʻaviy maʼnosi qiyin bir ish uchun qoʻlidan kelganicha harakat qilish va bor imkoniyatlarni ishga solish, deganidir. Istilohda (fanda koʻzda tutilgan maʼnosi) esa, ijtihod “shariatda muayyan ilmiy salohiyatga ega faqih olimning shariatning mufassal dalillaridan sharʼiy hukmlarni chiqarib olish, yaʼni istinbot qilish jarayonidir. Ijtihod qilish yaʼni huquq ijodkorligi faoliyati bilan shugʻullanadigan shaxs – mujtahid deb ataladi. Mujtahid shariat hukmlarini koʻrsatuvchi (belgilab beruvchi) dalillarni va shu dalillardan qanday hukm olishni biladi. Ular oʻz navbatida mutlaq mujtahid va muqayyad mujtahidga boʻlinadi. Mutlaq mujtahid barcha masalalarda oʻzi mustaqil ijtihod qiladi, mazhabga taqlid qilmaydi. Hozirgi kunda mutlaq mujtahidlik shartlarini oʻzida jamlagan kishilar yoʻq, deb hisoblanadi. Ular oldingi davrlarda boʻlgan va toʻrt mazhab imomlari Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Imom Ahmad ibn Hanballar mutlaq mujtahid, deb eʼtirof etiladi.
Yuqorida ijtihod va mujtahidlar toʻgʻrisida soʻz yuritdik, endi odamlarning ikkinchi guruhi – muqallidlar haqida soʻz yuritamiz.
Shariat hukmlariga dalolat qiluvchi dalillarni va shu dalillardan qanday hukm olishni umuman bilmaydigan yoki dalillarni bilsada, ulardan qanday hukm olinishini bilmaydigan kishi, yaʼni ijtihod qilish salohiyatiga ega boʻlmagan kishilar mujtahidlarga ergashadi va bu taqlid, qilish deyiladi. Taqlid qiluvchi esa muqallid deyiladi.
“Taqlid” arabcha soʻz boʻlib, lugʻatda “biror narsani yoki taqinchoqni boshqa kishining boʻyniga qoʻyish, osish” degan maʼnoni anglatadi. Istilohda esa, chiqarilgan hukmga uning dalilini bilmagan holda ergashishdir. Demak, muqallid, yaʼni taqlid qiluvchi kishi hukmning dalilini umuman bilmaydi yoki dalilni bilsa-da, bu dalildan qanday hukm olishni bilmaydi. Aksariyat ulamolar taqlid qilish shariatga zid emas ekanligi va ijtihod darajasiga yetmagan kishi agar olim boʻlsa ham taqlid qilishi shart ekanligini taʼkidlagan holda Qurʼon, ijmoʻ va aqliy dalillardan quyidagilarni keltirganlar:
Qurʼoni karimdan dalil:
Qurʼoni karimning “…Agar (bu haqda) bilmaydigan boʻlsangiz, ahli zikrlardan soʻrangiz!” (Nahl, 43) degan oyatiga binoan shariat hukmini hamda uning dalilini bilmaydigan kishi buni biladigan kishidan soʻrab, unga ergashishi vojib boʻladi.
Ijmoʻdan dalil:
Ibn Xaldun va boshqa tarixchi olimlar aytganidek, sahobiylarning hammasi ham fatvo bermagan, din ularning har biridan oʻrganilmagan. Balki fatvo beruvchi mujtahid sahobiylar soni fatvo soʻraydigan muqallid sahobiylarga nisbatan juda oz boʻlgan. Mujtahid sahobiylar muqallidlarini fatvo soʻrashdan qaytarmaganlar va ularga oʻzlari ijtihod darajasini hosil qilishga ham buyurmaganlar. Paygʻambar (alayhissalom) ham faqih sahobiylarni aholisi islomdan bilimlari yoʻq xalqlar huzuriga yuborganlar. U yerdagi aholi oʻsha yuborilgan sahobiyning barcha fatvolariga ergashgan. Gohida Qurʼon va sunnatdan dalil topa olmagan masalalarda sahobiy ijtihod qilgan va odamlar uning ijtihodiga eragashganlar. Sahobiy va tobeiylardan hech biri buni inkor qilmaganlari taqlid qilish joiz ekanligiga sukutiy ijmoʻ sifatida baholanadi.
Aqliy dalil:
Ijtihod juda oz kishilargina hosil qilishi mumkin boʻlgan malakadir. Shunday ekan, odamlarning hammasini bunga buyurish toqatdan yuqori narsaga buyurishdir, bu sharʼan mumkin emas, zero “Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi…” (Baqara, 286).
Musulmon kishi bu dunyoda hayot kechirar ekan, u yashash uchun kurashishi, kasb-hunar qilishi, oilasini boqishi va boshqa yashash uchun zaruriy boʻlgan ishlarni qilishi kerak. Agar har bir kishi hukmlarning dalillarini bilishi kerak boʻlsa, barcha ishlarni chetga surib, sharʼiy hukmlarning dalillarini oʻrganishga kirishishi kerak boʻladi va boshqa ishlar qolib ketib, hayot tizimi buziladi hamda odamlarga qiyinchilik tugʻdiradi. Bu esa islom diniga zid, zero Alloh taolo “… dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi…” (Haj, 78). Muammoning yechimi mutaxassislar, yaʼni mujtahidlar chiqargan sharʼiy hukmlarga, yaʼni mazhablarga taqlid qilishdir. Hujjatul islom alloma Imom Gʻazzoliy oʻzining mashhur “Ihyo ulum ad-din” asarida shunday degan: “Avomning haqqi – imon keltirib, taslim boʻlish hamda oʻz ibodatlari va hayot ishlari bilan shugʻullanishdir, ilmni esa olimlarga qoʻyib berish kerak. Chunki Alloh va Uning dini borasida aniq ilmsiz holda gapirgan inson, xuddi tubsiz dengizga tushib qolgan suzishni bilmaydigan kishi kabi oʻzi bilmagan holda kufrga tushib qoladi”.
Taqlid qilish tabiiy narsa, bundan boshqa yoʻl yoʻq. Hatto mazhabga ergashmaymiz, deb daʼvo qilayotganlar ham, garchi toʻrt mazhabning mujtahid imomlariga taqlid qilmasa-da, kimlargadir ergashadi.
Yuqoridagi dalillar ijtihod va istinbot qilish, yaʼni hukm olish darajasiga yetmagan kishi mujtahidga taqlid qilishi kerak ekanligiga dalolat qilar ekan, mashhur olim Abu Ishoq Ibrohim Shotibiy aytadi: “Mujtahidga sharʼiy dalillar qanday boʻlsa, mujtahidning fatvosi avomga nisbatan ham shunday oʻrindadir”.
Asrlar davomida musulmonlar toʻrt mazhab – hanafiy, molikiy, shofeiy va hanbaliy mazhablaridan biriga amal qilib kelganlar. Hech kim buni inkor qilmagan. Qancha-qancha faqih, muhaddis, mutakallim va mutasavvif olimlar ham shu mazhablarga asosan oʻz faoliyatlarini olib bordilar.
Mazhabsizlik gʻoyasi oʻzida millatni ortga tortish, qoloqlikka mahkum qilish xavfini mujassamlaydi, taraqqiyotdan chetga chiqib qolishga olib keladi. Chunki turli soha mutaxassislari mazhabsizlik gʻoyasiga ergashsa, unda umrlarini oʻz kasbiy mahoratlarini yuksaltirish, izlanishlar olib borishga emas, balki tubsiz diniy masalalarga oʻralashib qolib, hayotlarini faqat oʻzlari uchun diniy hukmlar chiqarishga sarflaydilar. Oqibatda turli sohalardagi mutaxassislar ham tez oʻzgaruvchan globallashuv sharoitida oʻzlarini yoʻqotib qoʻyadilar: yaxshi mutaxassis ham, yetuk ulamo ham boʻla olmaydilar. Natijada mutaxassislardan mosuvo boʻlib borishi barobarida, millat avvalida turgʻunlik, keyinchalik esa tanazzulga yuz tutadi. Aslida esa har bir mutaxassisning oʻz sohasini puxta egallashi, jamiyat rivoji uchun xizmat qilishi, odamlar ogʻirini yengil qilishi, yurt ravnaqiga hissa qoʻshishi ham ulugʻ ibodatdir.
Mazhabsizlik gʻoyasi – kompyuter virusi kabi yurtimizning hanafiy mazhabi taʼlimoti bilan bogʻliq oʻn ikki asrlik tarixini bir zumda oʻchirib tashlab, oʻrniga oʻzining zararli gʻoyasini yuklamoqchi boʻladi.
Hozirgi kunda hali ham yurtdoshlarimiz orasida bilib-bilmay mazhabsizlik gʻoyasi taʼsirida yurgan kishilarning mavjud boʻlishi bu gʻoyaning buzuq mohiyatini xalqimizga toʻgʻri tushuntirib berish, shu bilan birga mazhablarning asl mohiyati, ularning bebaho qiymati, xususan, xalqimiz azaldan amal qilib kelayotgan hanafiy mazhabining ahamiyatini xalqimizga, yoshlarimizga toʻgʻri tushuntirib borish zaruriyatini taqozo etadi.
Manba: iiau.uz