Home / MAQOLALAR / Mehr-oqibat, himmat va saxovat ayyomi

Mehr-oqibat, himmat va saxovat ayyomi

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Siz azizlarni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va oʻz nomimdan xursandchilik ayyomi boʻlgan muborak Ramazon hayiti – Iydul fitr bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etamiz.

Alloh taoloning amrini ado etib, ruhiy poklanishga erishgan, Rasul alayhissalomning sunnatiga ergashib, imon ila savob umidida roʻza tutganlarga jannatning Rayyon darvozasidan kirish nasib etsin!

Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmon ummatiga Ramazon va Qurbon hayitlari Alloh taolo tomonidan hadya etilganini marhamat qilganlar.

Shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Haq taologa shukronalar aytamiz. Qodir Allohdan duolar ijobat boʻladigan damlarda xalqimizga qut-baraka, baxtu saodat va tinchlik-ofiyat berishini soʻrab, duolar qilamiz.

Haq taologa behisob shukr, bu yilgi Ramazon kunlari va tunlari juda fayzli oʻtdi. Ramazon oyida yurtimizga Alloh taoloning qut-barakasi yogʻildi. Moʻmin-musulmonlar subhidamda saharlik dasturxoni atrofida ibodatga kirishdi. Fayzli oqshomlarda esa iftorlik qilib, qalb rohati — taroveh namozlarini ado etishdi. Alloh taolo farz qilgan zakotlar ado etildi, fitr sadaqasi hamda fidyalar berildi.

Bu yil yurtimizda 1500 dan ziyod masjidda taroveh namozlarida xatmi Qurʼon oʻqildi. Ramazon oyining 27 kuni davomida masjidlarda Kalomullohning sahifalari bir xil adadda oʻqish anʼanasi joriy qilindi. Musulmon dunyosida tadbiq etilmagan oʻziga xos ushbu ajoyib tajriba koʻpchilik tomonidan yuksak eʼtirof etildi.

Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, yaʼni Qadr kechasi kuni xatmi Qurʼonlar yakunlanib, barcha masjidlarda bir vaqtning oʻzida bir necha million xalqimiz Haq taologa yuzlandi. Mana shunday jamul-jam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon boʻladi va ikki dunyoimiz saodatli boʻladi, insha Alloh.

Mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar har bir yurtdoshimiz hayotida oʻz ifodasini topmoqda. Soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, yangi ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar va koʻpayib borayotgan Qurʼoni karim kurslari moʻmin-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda. Shunday ulugʻ neʼmatlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga koʻrsatilayotgan sharoitlarni Alloh taoloning ulugʻ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.

Ramazon oyi xalqimiz uchun esda qolarli voqealarga boy boʻldi. Prezidentimiz ushbu oyda kam taʼminlangan oilalar uchun iftorlik tashkil etib, koʻngli oʻksik fuqarolar ogʻirini yengil qilish tashabbusini ilgari surdilar. Bu tashabbus Ramazon oyida keng quloch yozib, diyorimizda kam taʼminlangan oilalar uchun iftorlik dasturxonlarini yozish, ularning koʻngillarini olish ajoyib anʼanaga aylandi. Jumladan, respublikamizdagi 9 400 dan ortiq mahallalarda istiqomat qiladigan ehtiyojmand, ijtimoiy koʻmakka muhtoj 900 mingdan ortiq roʻzadorlar uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.

Qutlugʻ oydagi savobli ishlardan yana biri davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Umra ziyoratiga borishni niyat qilib, imkon topolmay yurgan ehtiyojmand hamyurtlarimizning orzusi ruyobga chiqdi. Ramazon oyida yordamga muhtoj oilalar, ijtimoiy daftarlarda roʻyxatda turgan xonadonlar vakillari, faxriylar davlat tomonidan berilgan yoʻllanma asosida Makka va Madina shaharlarida Umra ziyoratini ado etib, Baytullohning oldida duoyu iltijolar qildilar. Respublikamizning barcha hududlaridan 1,5 ming nafar ehtiyojmand fuqarolarni mana shunday bepul Umra safariga yuborildi.

Bundan tashqari, respublika boʻyicha aholining ehtiyojmand qatlamidan jami 4 ming nafar, shu jumladan uzoq vaqt davomida navbatda turgan 2 mingta yoshi katta bemorlarga yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirish hamda 2 mingta yuragida nuqsoni bor bolalarni bepul operatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish maqsadida bemorlar roʻyxati shakllantirildi hamda 91 mlrd. soʻm miqdorida pul mablagʻlari ajratib berildi.

Imom Tabaroniydan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللهِ بَعْدَ الْفَرَائِضِ إِدْخَالُ السُّرُورِ عَلَى الْمُسْلِمِ

“Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal moʻminning qalbiga xursandchilik kirgizishdir”.

Shuningdek, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

أَبْغُونِي ضُعَفَاءَكُمْ فَإِنَّكُمْ إنَّمَا تُرْزَقُونَ وَتُنْصَرُونَ بِضُعَفَائِكُمْ

“Mening roziligimni zaiflarga yaxshilik qilish bilan istanglar! Zero, sizlar zaiflaringiz tufayli rizqlanasiz va nusratga erishasizlar”, deganlar”.

Ulamolar ushbu hadisning sharhida “Zaiflar va ehtiyojmand insonlarning qalblari siniq, duoda ixlosli boʻlganlari uchun Alloh taolo ularning duosi va ibodatlari sababidan musulmonlarga nusrat va rizq beradi”, deganlar.

Shunday ekan, muqaddas joylarda duoyu ibodatlar qilgan hamyurtlarimiz barakasidan Alloh taolo yurtimizga nusrat va madad beradi. Xalqimiz hayoti farovon boʻlib, rizq-roʻzga baraka yogʻiladi.

Ramazon oyi va hayiti yurtimizda kechayotgan tarixiy jarayonlar bilan hamohang oʻtmoqda. Ayni kunlarda jamiyatimizdagi yangilanishlarga befarq boʻlmasdan, daxldorlik hissi bilan yashash har birimizga lozim boʻladi.

Taʼkidlash joizki, barcha islohotlardan koʻzlangan maqsad – ona Vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini taʼminlash va tinchlik-osoyishtalikni asrashdir. Muxtasar aytganda, barcha soha va yoʻnalishlaridagi ishlar “Inson qadri uchun” gʻoyasini hayotga tatbiq etishni koʻzda tutadi.

Albatta, bunday neʼmatlarning qadriga yetib, dinimiz ravnaqi yoʻlida qilinayotgan ishlarni Alloh taoloning ulugʻ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.

Iydul Fitrni dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila oʻtkazadi. Ushbu kun Yaratgan egamning rahmati Yer yuziga yogʻiladigan, qalblar zavqlanadigan, roʻzadorlarga ajrlar beriladigan ajoyib fursatdir.

Muttafaqun alayh boʻlgan hadisi sharifda Muhammad alayhissalom

لِكُلِّ قَوْمٍ عِيْدٌ وَهَذَا عِيْدُنَا

“Har bir qavmning oʻz bayrami bor, bu (Iyd kuni) bizning bayramimizdir” deb marhamat qilganlar.

Hofiz ibn Hajar rohimahulloh “Fathul Boriy” asarlarida shunday degan:“Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”.

Iyd  Alloh taologa qilingan toat-ibodatlar tufayli, U zotning bandalariga koʻrsatgan rahmatu magʻfirati boisidan xursandchilik izhor qilish uchun bir munosabatdir.

Alloh taolo oʻz Kalomida:

قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِمَّا يَجْمَعُونَ

“Allohning fazli va rahmati ila. Ana shu bilan xursand boʻlsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt”, deb marhamat qilgan (Yunus surasi, 58-oyat).

Allohning fazlidan xursand boʻlish ham U zotga qurbat sanaladi.

Zero, har bir moʻmin-musulmon uchun Robbining ibodatini ado etish chinakam baxtu saodatdir. Shuning uchun bu bayram imon halovati, ibodat va duo-istigʻfor bayrami. Bu bayramda musulmonlar jome masjidlarga toʻplanib, Iyd namozini jamoat bilan oʻqiydilar. Soʻng duolar qilib, oʻtganlarning ruhini shod etadi, el-yurtga, Vatanga, butun dunyoga osudalik tilab, iltijolar qiladi.

Hayit – ulugʻ bayram. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yoʻqlab ularning holidan xabar olish, yoshi ulugʻlarni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat koʻrsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va, umuman, bayramning koʻrkiga koʻrk qoʻshadigan amali solihlar bilan oʻtkazish lozim. Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam bu kunda yanada mehribonroq, shafqatliroq boʻlar, yetim-yesirlar boshini silar, qariyalar, kasalmandlar, muhtojlardan xabar olar, ularning koʻngillariga ham bayram shukuhini olib kirar edilar.

Ramazon hayitining fayzu barakoti qalblarimizni va xonadonlarimizni munavvar etadi. Bu ulugʻ ayyom mehr-oqibat, oʻzaro birodarlik, himmat va saxovat kabi anʼanalarimizga yanada quvvat beradi.

Yaratgan Parvardigor butun dunyo musulmonlariga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin, butun olamga tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni dargohida qabul etsin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!

Azizlar, Ramazon hayiti muborak boʻlsin!

Nuriddin domla Xoliqnazarov,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023 yil 21 aprel, 77(866) son

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …