Home / MAQOLALAR / Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishning samarali modeli

Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishning samarali modeli

MUNOSABAT

Jaholatga qarshi kurashning eng ma’qul va samarali yo‘li nima? Johilga johillik bilan qarshilik ko‘rsatish yonib turgan olovga yog‘ sepish bilan barobar. Negaki, jaholat botqog‘iga botgan kishi o‘zini tubanlikda emas, yuksakda deb hisoblaydi, unga kimdir jahl qilgan sari jazavasi qo‘ziydi. Shu bois, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan kurashish kerak. Bu O‘zbekiston rahbariyati tanlagan eng to‘g‘ri, oqilona va odilona yo‘ldir.

Mehr-muruvvat va saxovat oyi bo‘lgan bugungi Ramazon kunlarida bu o‘zining yana bir tasdig‘ini topmoqda. Hech bir davlatda Ramazon oyini munosib o‘tkazish to‘g‘risida Prezident darajasida qaror qabul qilinmaydi. Faqat O‘zbekiston mustasno. Bu ham davlatning fuqarolarga g‘amxo‘rligi belgisidir.

Shu kunlarda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida Qur’on xatm qilinmoqda. Namozxonlarga qulay bo‘lishi uchun butun mamlakat bo‘ylab tarovih namozining vaqti bir xil qilib belgilandi. Qaysi kuni Mus’hafi sharifning qayeridan qayerigacha o‘qilishi ham aniq ko‘rsatib berildi. Ya’ni turli sabablarga ko‘ra o‘zi qatnab yurgan masjidga emas, boshqasiga borib qolgan odam hech qanday xavotir va tashvishsiz ibodatini bemalol kelgan joyidan davom ettiraveradi.

Televideniye va radiokanallarimizda aynan iftorlik va saharlik paytlariga mo‘ljallab ma’rifiy ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlanmoqda. Ro‘zador insonlar nafaqat jisman, balki ma’nan o‘z-o‘zini tarbiyalab, takomillashtirib bormoqda. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish ham aslida shu emasmi?!

Bevosita ilm-ma’rifat sohasidagi ko‘lamini bir-ikki so‘z bilan ta’riflash mushkul bo‘lgan islohotlarga kelsak, yurtimizda qisqa vaqtda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hadis ilmi maktabi tashkil qilindi. Buxorodagi Mir Arab madrasasiga yangi hayot baxsh etildi. Bu muassasalarning barchasi xalqimizning ko‘p asrlik ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, diniy va dunyoviy jihatdan tadqiq etib, milliy va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga xizmat qiladi, albatta.

Bir jihatni aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston xalqi nafaqat Xorazmiy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek singari butun insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga hissa qo‘shgan allomalari, shu bilan birga, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi islom ilmlari taraqqiyotida g‘oyat salmoqli o‘rin tutgan ajdodlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. “Sahih ul-Buxoriy” islom olamida Qur’oni karimdan keyingi moʻtabar manba sanaladi. Dunyo musulmonlarining eng katta qismi Imom Moturidiy aqidasini asosiy tayanch deb biladi. Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asari hali-hanuz islom huquqshunosligining bosh qo‘llanmasi bo‘lib qolmoqda. Tasavvufning eng yirik namoyandalari ham biz yashayotgan zamindan yetishib chiqqan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-fevral kuni Buxoro viloyatiga safar asnosida Mir Arab oliy madrasasiga tashrif buyurganida quyidagi fikrlarni bayon etdi:

– Bunday uzoq tarixga ega ta’lim dargohlari juda kam. Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish bo‘ldi, deb o‘ylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ochiq. Internetda ilmiy asosi bo‘lmagan turli talqinlar bor. Tajribasiz yoshlar ularning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini qayerdan ham bilsin? Buni sizga o‘xshagan ilm odamlari asoslab, isbotlab, tushuntirib berishi kerak.

Darhaqiqat, yangi ochilayotgan ilm maskanlari odamlarni, ayniqsa, yosh avlodni to‘g‘ri yo‘lga solishda muhim o‘rin tutadi. Ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy merosi esa buning uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.

Buxoro safari chog‘ida mamlakatimiz rahbari Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Bu maskanda bildirilgan fikrlar ham O‘zbekistonning “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shioriga hamohangdir:

– Oxirgi yillarda hamma sohalar qatori din bo‘yicha ham ochiqlik, erkinlik berildi, bir nechta ilmiy markaz tashkil etdik. Bu salohiyatni jamiyatga yetkazish kerak. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk bobolarimiz merosiga tayangan holda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish zarur.

O‘zbekiston bu yo‘nalishda yangi ilmiy markazlar ochish bilan cheklanib qolmayotganini ham alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Yurtimizda mana shunday muassasalar sa’y-harakati bilan xalqimiz orziqib kutgan asarlar o‘zbek tilida nashrdan chiqmoqda. “Ta’vilot ul-Qur’on”da Imom Moturidiy barcha botil oqimlarga ilmiy asoslangan raddiya berish bilan birga, keyingi davrlarda kimlardir tomonidan tug‘ilishi mumkin bo‘lgan savollarga javob ham berib ketgan. Kitobning dastlabki o‘zbekcha juzlari bilan tanishgan kishi “agar falon narsani so‘rasalar, biz mana bunday javob beramiz” jumlalarini ko‘p kuzatishi mumkin. “Sahih ul-Buxoriy”ning ham bir necha tarjimasi bosmadan chiqqan. Hadislarning muhimligi shundaki, ular orqali islomning mohiyati, arkonlari, talab va cheklovlari va boshqa jihatlari to‘liq anglanadi.

Xuddi shuningdek, xayrli tashabbuslar natijasida turli ilmiy anjumanlar tashkil etilyapti. Ular orqali ham ko‘hna Movarounnahr allomalarining boy merosi xalqaro miqyosda targ‘ib etilmoqda, ham xorijlik ulamo va mutaxassislar bilan jaholatga qarshi ma’rifat vositasida kurashish g‘oyasi yo‘lidagi sa’y-harakatlar birlashtirilmoqda.

Bu xususda 2022-yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – islom san’ati o‘chog‘i” xalqaro forumida qatnashgan Tojikiston Pedagogika institutining ilm va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, tarix fanlari doktori, professor Shodmon Vohidovning quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinlidir:

– O‘zbekiston islom madaniyatining nafaqat o‘chog‘i, balki nihoyatda ko‘p sonli tarixiy va islomiy qadamjolar mavjud mamlakat. Tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar ham shular jumlasidan. Shaxsiy kolleksiyalar va xususiy kutubxonalarda saqlanayotgan manbalarni hisobga olmaganda, davlat fondlarida 42 mingdan ziyod qo‘lyozma mavjud. Ularni saqlash, tadqiq etish, tarjima qilish, raqamlashtirish masalalarida O‘zbekiston ancha ilgarilab boryapti. Forumga kelgan qo‘lyozmalarni o‘rganish sohasi mutaxassislari buni yakdil ta’kidlamoqda. O‘ylaymanki, qadim tarixdan so‘zlovchi manbalar – u xoh tarixiy obida bo‘lsin, xoh yozma yodgorlik – bizga ajdodlarimizning yuksak zehn-u zakovatidan darak berishda davom etaveradi. Dunyoda kechayotgan keskinlik va ziddiyatlar asnosida yurtingizda ma’naviy merosni asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, xususan, mana shunday ilmiy konferensiyalar tashkil etilishini O‘zbekiston hukumati faoliyatining tahsinga sazovor jihatlari sifatida qayd etish joiz.

Yangi ochilayotgan markazlarga nufuzli xalqaro tashkilotlar xayrixohlik bildirishi, ularning ahamiyati haqida to‘lib-toshib so‘zlashi ham O‘zbekiston tanlagan yo‘lning to‘g‘ri ekanidan dalolatdir. IHTning Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Qilich 2022-yil 15-iyul kuni Samarqandda o‘tkazilgan “Sahih ul-Buxoriy” asarining jahon kutubxonalarida saqlanayotgan qadimiy va nodir qo‘lyozma nusxalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi to‘g‘risida ham rasmiy shaxs, ham xolis inson sifatida bunday fikr bildirgan edi:

– O‘zim rahbarlik qilayotgan markazning bosh maqsadi musulmon olimlarining jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib etishdan ham iborat. Islom ilmlari rivojida asosiy o‘rin tutgan allomalarni haqli ravishda yetuk siymolar sirasida ko‘ramiz. Umrini shunday sharafli ishga bag‘ishlagan Imom Buxoriyning hayot yo‘li va mashaqqatli ijodi haqidagi ma’lumotlarni, uning xizmatlari tufayli erishilgan yangi bilimlar mohiyatini jahon bo‘ylab kengroq tarqatishni ota yurtimiz – O‘zbekistondagi hamkasblarimiz ishtirokisiz amalga oshirishni imkonsiz deb bilamiz.

Xorijda O‘zbekistondagi yangi markazlarga, xalqimizning ilmiy-ma’naviy merosiga yuksak e’tiborning sababini Al-Azhar Islom tadqiqotlari majmuasi (Misr) Bosh kotibi Muhammad Nazir Ayyadning mazkur konferensiyada izhor etilgan quyidagi fikridan anglab olish mumkin:

– Movarounnahr mutafakkirlari ulkan xizmatining samarasi o‘laroq, bu qutlug‘ zamin faqat jug‘rofiy nom emas, ilmu ma’rifatda yetuklikka erishgan alohida bir sivilizatsiya makoni sifatida ham shuhrat qozongan. Yurtingizdan yetishib chiqqan olimlar islomiy va dunyoviy ilmlarni boshqacha nazar va o‘zgacha yondashuv bilan o‘rganib chiqib, olamshumul natijalarga erishgan. Insoniyat bugungi kunda ham ana shu ilmlarga ehtiyoj sezmoqda.

Malayziya xalqaro islom universiteti professori Muhammad Saidning so‘zlari ilm-ma’rifat hech qachon dolzarbligini yo‘qotmasligini tasdiqlaydi:

– Tarixdan bilamizki, O‘rta Osiyoga islom dinining kirib kelishi umaviylar davriga borib taqaladi. O‘sha yillardan boshlab bu sharofatli zaminda islomiy va dunyoviy ilmlar keng ko‘lamda rivojlandi. Movarounnahrdan yetishib chiqqan olimlar nafaqat islom dunyosi, balki butun jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidlashni istardim. Buyuk ajdodlaringiz ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, tadqiq etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir.

Umuman olganda, bugungi O‘zbekiston buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘ladigan avlodni voyaga yetkazish yo‘lidan bormoqda va bunda ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga alohida e’tibor bermoqda. Islom tafakkuri instituti (Turkiya) direktori, professor Mehmet Go‘rmezning quyidagi so‘zlari buning yana bir dalilidir:

– Movarounnahr islom tamaddunining beshigi hisoblanadi. Tarixda islom madaniyati dunyoning turli mintaqalarida rivojlangan bo‘lsa-da, hech bir yurtda Movarounnahrda bo‘lganichalik gullab-yashnamagan. Jumladan, Bag‘dod, Andalus, Shom kabi diyorlarda islom madaniyati muayyan davrlar oralig‘ida rivojlangan bo‘lsa, Movarounnahrda bu hozirgi kunga qadar kuzatib kelinmoqda. Shu sababli bugungi kunda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining tarixda erishgan shonli mavqeini qayta tiklashda muhim o‘rin tutadi. 

Endi bevosita Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi misolida qaraydigan bo‘lsak, ushbu muassasaning 2022-yildagi faoliyati natijalarida ham “Jaholatga qarshi – ma’rifat” maqsadi yaqqol namoyon bo‘ladi.

O‘tgan yili markaz tomonidan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qalamiga mansub 15 kitob va risola nashr etildi. Ular orasida Abu Ja’far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy”, Imom Termiziyning “E’tiqodi ahli sunna”, Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnad”, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy” hamda “Sunani Dorimiy”dan saylanma hadislar”, “Musnadi Keshiydan durdonalar”, “Sahihi Buxoriy sharhi”ni keltirish mumkin.

Shu o‘rinda alloma Abd ibn Humayd Keshiy haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish kerak. Xalqimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi muhaddislarning asarlari to‘g‘risida bugun ozmi-ko‘pmi tasavvurga ega. Lekin Humayd Keshiyning asarlari bilan hanuz tanish emas edi. Allomaning “Musnad”i nashr etilganda, Al-Azhar universiteti (Misr) o‘qituvchisi, doktor Mahmud Abdulloh Abdurahmon Abduhalim bundan ta’sirlanib, quyidagi fikrlarni bildirgan edi:

– Abd ibn Humayd Keshiy Movarounnahrdan yetishib chiqqan ulamolarning peshqadamlaridan va uning asarlari o‘zidan keyin kelgan olimlar ijodi uchun poydevor vazifasini o‘tagan. Unga shogird darajasidagi mutafakkirlarning merosi chuqur va qayta-qayta o‘rganilayotgan bir paytda allomaning hayoti va ilmiy faoliyatini tadqiq etish tarixiy adolatni tiklashga xizmat qiladi. Abd ibn Humayd Keshiy merosi ijtimoiyaxloqiy masalalarni jamlagani, go‘zal fazilatlarni targ‘ib etishi, illatlardan qaytarishga qaratilgan g‘oyalarni qamragani bilan bugungi kun uchun g‘oyat ahamiyatli. Bu asar o‘zbek xalqi tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olinadigan va sevib o‘qiladigan kitoblardan biri bo‘lib qoladi, deb ishonaman.

Mazkur universitetning din asoslari fakulteti professori, doktor Rizo Muhammad Daqiqiyning so‘zlari ham e’tiborga molik:

– Bugungi kunda jamiyatlar insoniy qadriyatlar va fazilatlarni yoyish, terrorizm va ekstremizmni yo‘q qilish, mutaassiblikdan qutulishga juda muhtoj. Abd ibn Humaydning “Musnad”i jamiyat ma’naviy ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Asarning o‘zbek tiliga o‘girilishi xalqingiz uchun “Sahih ul-Buxoriy”, “Sunani Termiziy” va “Sunani Dorimiy”ning tarjimasidan kam bo‘lmagan ahamiyat kasb etadi. O‘zbek o‘quvchilari bu kitobni o‘tmish poydevorini mustahkamlab, kelajak robitasini barpo etish istagi bilan qarshi oladi, deb o‘ylayman. Chunki tarixini bilmagan xalqning kelajagi bo‘lmaydi.

Shuningdek, markazda mazkur risolalar bilan birga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqchil risolalar chop etildi. “O‘nta haqiqat” rukni ostida ularning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi stendlar tayyorlandi.

Ilmiy xodimlar Imom Dorimiyning “Sunan”, Imom Buxoriyning “Tarix ussag‘ir”, Abu Lays Samarqandiyning “Tafsir” va “Bahr ul-ulum”, Abul Barakot Nasafiyning “Tafsir”, Sayyid Abdul Mojid Gʻavriyning “Hadis ilmi istilohlari”, Alouddin Kosoniyning “E’tiqod”, Abu Azabaning “Ravzat ul-bahiyya fiyma baynal ash’ariya val moturidiya”, Imom Termiziyning “Aqidaviy qarashlar”, Abul Muntaho Shahobuddin Ahmad ibn Muhammad Mag‘nisoviyning “Sharh-u fiqh-ul akbar”, A’lo Buxoriyning “Risola fil aqoid”, Ibrohim Saffor Buxoriyning “Talxis ul-adilla li qavoidit tavhid” asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdi. Shu bilan birga, Haysam ibn Kulayb Shoshiyning “Musnad” asaridan saylanma, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Imom Dorimiy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Barakot Nasafiy, Imom Termiziy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Yusuf Xos Hojib va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ilmiy faoliyatiga doir risolalar tayyorladi.

Jamiyatimizda sog‘lom diniy muhitni saqlash, asl manbalarga tayangan holda allomalarimiz ilmiy merosini tadqiq etish orqali botil va turli fitnachi oqimlarga raddiyalar berish, yoshlarga sof islom ta’limotini yetkazish, buyuk ajdodlarimiz asarlaridagi Vatanga muhabbat, ilm olishga targ‘ib, ota-onaga e’zoz va ehtirom kabi ulug‘ g‘oyalarni keng jamoatchilikka yetkazish kabi ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ham talay ishlar amalga oshirildi.

Markaz faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi yurtimiz kitob fondlaridagi islom ta’limoti, tarixi va madaniyatiga oid qo‘lyozma asarlarni dolzarbligi bo‘yicha tasniflash va tadqiq etish, ko‘hna Movarounnahrdan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan kitob va risolalarini to‘plash va o‘rganishga qaratilgan.

Markazda jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob asarlarni xarid qilish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili jismoniy shaxslardan shunday 44 ta kitob xarid qilindi.

Muassasa Imom Buxoriy nomi bilan atalgani uchun muhaddislar sultonining ilmiy merosiga alohida e’tibor qaratadi. 2022-yilda allomaning shoh asari – “Al-Jomi’ as-sahih” hadis to‘plamining xorijiy davlatlardagi qo‘lyozma fondlarda saqlanayotgan 220 nusxasining ro‘yxati shakllantirildi. Imom Buxoriy qalamiga mansub mahalliy va xorijiy qo‘lyozma fondlarda saqlanayotgan 2838 asarning reyestri tuzildi.

Tabiiyki, boshqa yetuk allomalarning asarlari ham markaz ilmiy xodimlarining e’tiborida turadi. Xususan, uning fondida saqlanayotgan 116 nodir qo‘lyozma nusxaning annotasiyasi tayyorlanib, rasmiy saytga joylashtirildi. Umumiy hajmi 13 457 varaq bo‘lgan 69 kitobdan elektron nusxa olindi.

Bu o‘rinda so‘z o‘z-o‘zidan xalqaro aloqalarga kelib taqalyapti. Bu xususda shuni ta’kidlash kerakki, 2022-yildan “Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya” tanlovi joriy etilib, uning sovrindorlari markazga kela boshladi. Bu yerda Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti professorlari Mohd Al Adib Samuri va Muhammad Hilmi Jalil, Parijdagi Kollej de Frans o‘quv-tadqiqot muassasasi vakili Mari Eftimiyu, L.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo universiteti (Qozog‘iston) doktoranti Almas Imangaliyev kabi jami 6 xorijlik tadqiqotchi ilmiy malakasini oshirdi. Stipendiatlarni jalb qilish ishlari davom etmoqda.

Xorijdagi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik o‘rnatishga alohida e’tibor berilmoqda. Ilmiy tadqiqotlar borasida xalqaro hamkorlik geografiyasi yil sayin kengayib bormoqda. 2022-yilda markaz Malayziya Islom universiteti va Turkiyaning Pamukkale universiteti bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Bu bilan uning xorijiy hamkorlari soni 35 ga yetdi.

Anglashuv memorandumlaridagi asosiy bandlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar tashkil qilish, birgalikda turli mavzularda seminar, konferensiya, simpoziumlar o‘tkazishni nazarda tutadi. Bundan kelib chiqqan holda, davomli ravishda shunday tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Turkiyaning Marmara, AQShning Michigan, Misrning Al-Azhar universitetlari bilan hamkorlikda “Sharq allomalarining islom sivilizasiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi”, “Musulmon olimlarining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi”, “Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy merosi va uning ilk Sharq Renessansi va islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi o‘rni va ahamiyati”, “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon”, “O‘zbekistonda falsafa tarixi maktabi va Uchinchi Renessans”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Abu Mansur Moturidiy faoliyati va moturidiya aqidaviy mazhabi”, “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” kabi mavzularda 8 ta xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Xorijda ham qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, markaz tashabbusi bilan Shveytsariyaning Bazel universiteti, Turkiya ilmiy-tadqiqot markazlari, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklarida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom san’ati”, “Islom xattotligi”, “Qur’oni karimning O‘zbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari” kabi mavzularda jami 6 xalqaro ko‘rgazma, islom amaliy san’ati turlari bo‘yicha “Movarounnahrda kitobat madaniyati” deb nomlangan festival va savdo yarmarkasi tashkil etildi.

Buyuk Britaniyaning London islom madaniyati markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdimoti, “AlFurqon” islom merosi fondida “Qo‘lyozmalarni tadqiq etish va kataloglashtirishning ahamiyati” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Germaniyaning Frayburg universitetida “Ta’vilot ul-Qur’on” asarining o‘zbek tiliga tarjima qilingan 29-30-juzlari, “Sahihi Buxoriy sharhi” kitobining taqdimotlari o‘tkazildi.

Bular, albatta, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatiga doir ayrim ma’lumotlar. O‘zbekistondagi boshqa turdosh muassasalar faoliyati ham tahlil qilinsa, mamlakatimiz “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shioridan hech ham og‘ishmasdan, dadil olg‘a borayotgani yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023-yil 15-aprel, 73(862)-son

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …