Germaniyadagi bir necha ilmiy muassasalarning bir guruh tadqiqotchilari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mehmon boʻldi. Ularning tashrifi qator xorijiy tashkilotlar tomonidan Samarqand davlat chet tillar instituti bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan amaliy loyihalar doirasida tashkil etildi.
Mehmonlar dastavval Markaz muzeyi bilan tanishdi, Imom Buxoriyning hayot yoʻli haqida hikoya qiluvchi eksponatlar, devoriy suratlarni koʻzdan kechirdi.
Tashrif doirasida xorijlik tadqiqotchilar ishtirokida Germaniya ilmiy-tadqiqot markazlari va madaniy muassasalari bilan Markaz oʻrtasida 2019-2023 yillarga moʻljallangan hamkorlikka oid “Yoʻl xaritasi”ga asosan “Islom va dunyoviy davlat” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda Markaz ilmiy xodimlari olmon tadqiqotchilariga mavzu yuzasidan maʼlumot berarkan, Oʻzbekistonda davlat-din munosabatlarining qonuniy asoslari, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatiga toʻxtaldi.
Davra suhbatida mamlakatimizda din davlatdan ajratilgani, hech bir din yoki diniy eʼtiqodga boshqalariga nisbatan imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmasligi alohida taʼkidlandi.
Qizgʻin savol-javoblar davomida ishtirokchilarga diniy tashkilot va diniy oʻquv yurtlari, diniy urf-odat va marosimlarga oid tushunchalar berildi.