Home / MAQOLALAR / Hadisni inkor qiluvchilarning daʼvolari va ularga raddiyalar (2-maqola)

Hadisni inkor qiluvchilarning daʼvolari va ularga raddiyalar (2-maqola)

Ikkinchi daʼvo.

Alloh taolo Qurʼon karimni saqlashga kafil boʻlganining xabarini berib marhamat qiladi:

إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ

“Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va, albatta, biz muhofaza qilurmiz” (Hijr 9-oyat).

Oyatda sunnat va hadisni saqlashi haqida gap yoʻq. Agar sunnat va hadis ham dalil va Qurʼonga oʻxshab hujjat boʻlganida Alloh taolo sunnat va hadisni ham saqlashga kafil boʻlar edi”.

Ikkinchi daʼvoga javob.

Alloh taolo oyatda “Zikr”ni saqlashga kafil boʻldi. “Zikr” faqatgina Qurʼoni karim bilan cheklanmaydi. Balki undan maqsad Alloh taoloning shariati va Rasuli orqali yuborgan dini hisoblanadi. Yaʼni “Zikr” soʻzi umumiy maʼnoda kelgani uchun Qurʼoni karim hamda sunnat va hadis boʻlishi mumkin. Bunga Alloh taoloning soʻzi ham dalil boʻladi:

فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

“Agar bilmaydigan boʻlsangiz Zikr ahlidan soʻranglar”  (Nahl 43-oyat). “Zikr ahli” deganda Alloh taoloning dinini va shariatini biladiganlar nazarda tutilgan.

Shubhasiz, Alloh taolo Oʻz Kitobini saqlagani kabi Rasulining sunnatini ham saqladi. Bunga hadislarni yodlash, insonlar hadisni bir-biridan naql qilishi, darslar qilish va hadislarning sahihini zaifidan ajratish sabab boʻldi. Ulamolar bu yoʻlda butun umrlarini sarflab koʻp qiyinchilik va mashaqqatga duchor boʻldilar. Shu sababli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biron narsa qolib ketmadi hamda asosiy manba boʻlib kelmoqda.

Ulamolar aytishadi: Sunnat barcha olimlarda bor. Ayrimlarda koʻp, ayrimlarda kam shaklda bor. Agar hammalarining ilmi toʻplansa, hamma sunnat jamlanadi. Agar ular har tarafga ketsa, sunnatdan baʼzisi ketadi. Shu bilan baʼzi sunnat ketsa, boshqada bu sunnat boʻladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biron narsa yoʻq boʻlib ketmagan, deb qatʼiy ayta olamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari yoki aytgan gaplarining barchasi kitoblarda jamlangan. Hadislarni yetib kelish yoʻllari turlicha va sahihlik darajasida qarama-qarshi boʻlsa ham barcha hadislar toʻplangan”.

Ibn Hazm aytdilar: “Lugʻatshunos olimlar va shariat ilmida yetuk boʻlgan olimlar “nozil qilingan zikr” deganda Alloh taolo tarafidan nozil boʻlgan har bir vahiyni nazarda tutishadi. Alloh taolo barcha vahiyni saqlashi aniq. Alloh taolo saqlashga kafil boʻlsa undan biron bir narsa  hech qachon yoʻq boʻlib ketmaydi. Hamda botil boʻlishi mumkin emas. Hatto harflari ham abadiy saqlanadi”.

Soʻngra ibn Hazm Qurʼoni karim oyatidagi “Zikr” dan maqsad faqatgina Qurʼoni karim deb oʻylaganlarga raddiya bildirib aytadilar: “Oyatdagi “Zikr”ni Qurʼoni karimga xoslash dalili yoʻq yolgʻon daʼvo hisoblanadi. “Zikr” soʻzidan maqsad Qurʼoni karim va oyatlarni bayon qiluvchi hadisdan iborat. Qurʼoni karimni ham, hadisi sharifni ham Alloh nozil qilgan. Bu haqda Alloh aytdi:

وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ

“…Va senga odamlarga nozil qilingan narsani oʻzlariga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik, shoyadki tafakkur qilsalar” (Nahl 44-oyat).

Haqiqatdan ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurʼoni karimni bayon qilib berishga buyurilganlar. Alloh taolo Qurʼoni karimda soʻzi mujmal boʻlgan, yaʼni biz nima nazarda tutilganini bilmaydigan koʻp oyatlar nozil qildi. Lekin bu mujmal soʻzlarni Nabiy sollallohu alayhi vasallam bayon qilib berganlar. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyatlardagi mujmal soʻzlarni bayon qilib bergan hadislari saqlanib qolmaganda nima boʻlar edi? Unda ibodatlar qachon mukammal va qachon botil boʻlishi haqidagi maʼlumot boʻlmas edi. Bunday vaziyat Qurʼoni karim matnidan foyda olishni yoʻqqa chiqaradi. Bandalarga farz boʻlgan koʻp amallar ham yoʻqqa chiqadi. Alloh taolo iroda qilgan haqiqiy maʼnolarning toʻgʻrisini bilmay qolar edik.

Oybek Hoshimov
Hadis ilmi maktabi katta oʻqituvchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …