Home / MAQOLALAR / Hadisni inkor qiluvchilarning daʼvolari va ularga raddiyalar

Hadisni inkor qiluvchilarning daʼvolari va ularga raddiyalar

Hadisni inkor qiluvchilar quyidagi daʼvolarni qiladi.

Birinchi daʼvo.

Qurʼoni karim dinga tegishli barcha ishlar va hukmlarni hech birini chetda qoldirmay hammasini oʻzida qamraydi. Alloh taolo aytadi:

مَا فَرَّطْنَا فِي الْكِتَابِ مِنْ شَيْء

“Kitobda hech narsani qoʻymay yozganmiz” (Anʼom, 38-oyat).

Barcha hukmlarni mukammal tarzda bayon qildi. Alloh taolo bu haqda xabar berib aytadi:

وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ

“Senga Kitobni har bir narsani bayon qilguvchi etib, nozil qildik.” (Nahl, 89-oyat).

Agar hadis va sunnat Qurʼoni karimni bayon qiladi deyilsa Allohning soʻziga toʻgʻri kelmaydigan gap aytilgan boʻladi. Oyatda kelgan maʼnoga teskari fikr tugʻilgan boʻlib chiqadi. Alloh taoloning kalomiga esa hech ham xilof qilib boʻlmaydi.

Birinchi daʼvoga javob.

Haqiqatdan ham Qurʼoni karim din asoslarini va umumiy hukmlar qoidalarini oʻzida mujassam qildi. Ayrimlariga ochiq dalil keltirdi. Boshqalarining bayonini esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qoldirdi. Modomiki, Alloh taolo insonlarga dinlarining hukmlarini bayon qilish uchun paygʻambar yuborar ekan, oʻsha paygʻambar hukmlarni bayon qilishi Allohning Kitobiga bayon boʻladi. Bunda esa Qurʼoni karim va hadisning tarmogʻi boʻlgan ijmo va qiyosdan olingan sharʼiy hukmlar Allohning kitobidan hukm yoki nass (matn) yoki dalolat boʻladi. Bunday holda hadisning hujjatligi va Qurʼoni karimning har bir narsaga bayon boʻlib kelganida oʻzaro ziddiyat yoʻq. Imom Shofeiy rahmatullohi alayh: “Biror kishiga din ishidan biron narsa kelsa, albatta, unga Allohning kitobida koʻrsatma bor”, deganlar. Bu haqda Alloh taolo aytdi:

وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ

Senga Kitobni har bir narsani bayon qilguvchi etib, nozil qildik. (Nahl, 89-oyat)

Bayon  bir necha farʼiy qoidalar jamlanmasining maʼnolarini oʻzida qamragan ism. Alloh taolo bandalarga ibodat qilishni bayon qilishi har-xil jihatlardan boʻlgan.

Shulardan;

  1. Bandalarga nass tarzda bayon qilgan. Masalan, bandalarga namoz, zakot, roʻza va hajning farzligi, fahsh ishlarning zohiri-yu botini haromligi, zino qilish, oʻlimtik yeyish, qon va choʻchqa goʻshti haqidagi nasslar.
  2. Farzligini Qurʼon karim bilan hukm qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqali kayfiyatini bayon qildi. Masalan, namozni necha rakaatligi, namoz vaqti, zakotning hukmlari, miqdori. Ularni Qurʼoni karimda Alloh aytgan, boshqa jihatlarini Nabiy sollallohu alayhi vasallam bayon qildilar.
  3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sunnat boʻlib, unda Alloh taolo tarafidan hukmga nass yoʻq. Alloh taolo Kitobida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilishni, hukmlarda U zotga murojaat qilishni farz qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilgan kishi Alloh taoloning farzi bilan qabul qilgan boʻladi .
  4. Alloh taolo bandalariga ijtihod qilib topishni farz qilgan. Farz qilingan ishlarda bandalarning itoat etishini sinagani kabi ijtihoddagi boʻysunishlarini ham imtihon qildi.

Xulosa oʻrnida aytganda, banda Qurʼoni karimdagi farzlarni Allohdan qabul qiladi. Alloh taolo har bir inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilishni va hukmlariga boʻysunishni farz qildi. Demak inson Alloh taoloning hukmlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqali qabul qiladi. Uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilgan kishi Allohdan qabul qilgan boʻladi. Alloh taoloning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hukmlarni qabul qilish yuzaki qaragandan ikki xil yoʻl. Lekin hukmlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilish ham Alloh taolodan qabul qilish bilan barobar.

Oybek Hoshimov
Hadis ilmi maktabi katta oʻqituvchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …