(vaf.286/899)
Alloma Xurosonning Marvarroʻz va Hirot orasidagi Bagʻshoʻr (Bagʻ) shahrida tugʻilgan va shu yerning nomi bilan Bagʻoviy nisbasini olgan. Toʻliq ismi Abu Hasan Ali ibn Abdulaziz Marzubon Bagʻoviy. U dastlab Bagʻshoʻr shahridagi ulamolardan, keyinchalik Basra, Bagʻdod, Shom kabi oʻlkalardagi mashhur muhaddislardan tahsil olgan. Ali ibn Abdulaziz Bagʻoviy ilm talabidagi safarlaridan soʻng Makka shahriga koʻchib oʻtgan va umrining oxiriga qadar shu yerda yashagan. U ustozlari Affon ibn Muslim, Kaʼnabiy, Abu Ubayd Qosim ibn Sallom, Ali ibn Jad kabi muhaddislardan hadis rivoyat qilgan. Ustozi Abu Ubayd Qosim ibn Sallomning unga qiroat ilmidan saboq berganini alohida keltirgan. Ali ibn Abdulaziz Bagʻoviyning jiyani Abulqosim Bagʻoviy, Dalaj ibn Ahmad, Tabaroniy va Makka shahriga kelgan koʻplab muhaddislar, ulamolar undan hadis rivoyat qilgan.
Abu Ubayd Qosim ibn Sallom “Gʻaribul hadis”, “Kitabul tahrir” asarlarida Ali ibn Abdulaziz Bagʻoviyning “Musnad” nomli asari borligini keltiradi, ammo mazkur asar bugunga qadar saqlanmagan.
Muhaddis alloma Abu Ali Hamid ibn Muhammad Naraviy rivoyat qilgan hadislarining bir qismi Abu Ubayd Qosim va Ali ibn Abdulaziz Bagʻoviylarga tegishli ekanini aytib oʻtgan. Alloma haqidagi maʼlumotlar manbalarda yetarli boʻlmasa-da, uning shogirdlari oʻz asarlarida keltirib, ustoziga taʼrif bergan. Ali ibn Abdulaziz Bagʻoviy toʻqson yoshida Makka shahrida vafot etgan va shu yerda dafn qilingan.
I.Daurbekova, D.Halimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi maʼlumotlar asosida tayyorlandi.