Dunyo hamjamiyati mamlakatimizda buyuk muhaddis Imom Buxoriy va boshqa mutafakkir allomalar qoldirgan boy maʼnaviy xazinani asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga toʻla-toʻkis yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berayotgani bejiz emas.
Zero, xayrli harakat — buyuk ajdodlarimizning nomlarini yanada ulugʻlash, beqiyos maʼnaviyat xazinalaridan bahramand boʻlish va nomlarini abadiylashtirish borasidagi savobli ishlar zamirida yosh avlodni oʻz Vataniga fidoyi insonlar qilib tarbiyalash, ajdodlaridan faxrlanish hissini kuchaytirishdek oliy maqsadlar mujassam.
2017 yil 21 mart kuni Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolangan edi.
Markaz muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, hadis ilmi sultoni, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning ulkan merosini ilmiy asosda oʻrganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligiga targʻib etish, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlash va ulugʻlash asosida yosh avlodning ruhiy va maʼnaviy olamini boyitish, iymon-eʼtiqodini mustahkamlash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan.
— Markaz tomonidan buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish, keng targʻib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmokda, — deydi markaz direktori Shovosil Ziyodov. — Birgina 2022 yil mobaynida Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya tanlovining xorijiy tadqiqotchilardan iborat 6 nafar gʻolibi markazda ilmiy stajirovka oʻtadi. Shuningdek, markaz Malayziya islom ilmiy universiteti va Turkiyaning Pamukkale universiteti bilan anglashuv memorandumlari imzoladi.
Bular qatoriga xorijdagi hamkorlarimiz bilan tashkil etilgan turli mavzulardagi 8 ta xalqaro ilmiy-amaliy anjumanni ham qoʻshish mumkin.
Bundan tashqari, markaz tashabbusi bilan Shveysariya, Turkiya, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklarida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom sanʼati koʻrgazmasi”, “Islom xattotligi”, “Qurʼoni karimning Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari” kabi mavzularda xalqaro koʻrgazmalar hamda “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzusida islom amaliy sanʼati turlari boʻyicha festival va savdo yarmarkasi tashkil etildi.
— Yurtimiz kitob fondlarida saqlanayotgan islom taʼlimoti, tarixi va madaniyatiga oid qoʻlyozma asarlarni dolzarbligi boʻyicha tasniflash va oʻrganish, Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asarlarini jamlash va tadqiq etish yoʻnalishida aholidan 2 ta qoʻlyozma va 7 ta toshbosma asar hadya sifatida qabul qilib olindi, — deydi tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev. — Markazda jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan islom diniga oid qadimiy, noyob qoʻlyozma asarlarni xarid qilish boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, soʻnggi paytlarda shu asosda islom diniga oid 44 ta qoʻlyozma kitob jamlandi.
Markaz mutaxassislari saʼy-harakati bilan Imom Buxoriyning “Al-jomeʼ as-sahih” asarining xorijiy davlatlar fondlarida saqlanayotgan 220 ta qoʻlyozma nusxasi roʻyxati shakllantirildi. Imom Buxoriyning mahalliy va xorijiy qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan 2 ming 838 ta asari reyestri tuzildi.
Markazning qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan 69 ta kitobning elektron nusxasi tayyorlandi. “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi 35 jilddan iborat kitob-albom olib kelindi. Manbalar xazinasida saqlanayotgan 600 ta qoʻlyozma va 750 ta toshbosma kitob muhrlandi va inventar kitoblarga kiritildi.
— Markazning joriy yilda ham istiqbolli reja va yirik loyihalari salmoqli, — deydi muassasa axborot xizmati rahbari Sherzod Mamatov. — Xorijiy mamlakatlarning arxiv va kutubxona fondlarida saqlanayotgan ajdodlarimiz qalamiga mansub qoʻlyozma asarlarning elektron nusxalarini olish uchun Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik vakolatxonalar orqali fondlar bilan aloqa yoʻlga qoʻyilib, oʻzbekistonlik mutaxassislarning ushbu muassasalarga ilmiy safarlari tashkil etiladi. Markaz huzuridagi muzey yangi eksponatlar bilan boyitiladi.
Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot yoʻnalishida “Imom Buxoriy avlodlari” nomli maqolalar tanlovi oʻtkaziladi. Qozogʻiston, Turkiya, Oʻmon, Jazoir kabi davlatlardagi yangi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan turli yoʻnalishlarda hamkorlik kuchaytiriladi.
Markaz ilmiy xodimlari Oksford islom tadqiqotlari markazida malaka oshirishga yoʻnaltiriladi, shu bilan birga, Turkiyadagi Istanbul Sabahitdin Zaim universiteti va Islomni anglash instituti, Rossiya Federatsiyasidagi Bulgʻor islom akademiyasi bilan xodimlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023 yil 28 mart, 59(848) son