Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2022 yildagi faoliyati yakunlari va 2023 yildagi istiqbolli rejalari” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda Markaz rahbariyati hamda milliy OAV xodimlari ishtirok etdi.
Direktor Shovosil Ziyodov Markazning 2022 yildagi xalqaro aloqalari va qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasidagi ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.
Direktorning Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev oʻtgan yili Markazda qilingan ilmiy-tadqiqot va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tahlilini keltirdi.
Matbuot xizmati rahbari Sherzod Mamatov Markazning 2023 yildagi istiqbolli reja va yirik loyihalarini tavsiflab berdi.
Matbuot anjumani “UzReport TV” telekanalida hamda ushbu telekanalning Youtube videoxostingi va Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilindi. Bu bilan anjumanni onlayn tarzda kuzatib borish hamda savol, murojaat, ariza yoki shikoyatlarni Milliy matbuot markazining telegram ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasi orqali yoʻllash imkoniyati yaratildi.
Anjuman soʻngida onlayn kuzatuvchilar, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va matbuot sohasi vakillarini qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.