Birlashgan Arab Amirliklarining Bagʻrikenglik vazirligida Shayx Nahayon Muborak Ol Nahayon bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ishtirok etdi.
Suhbat davomida ikki davlat rahbarlari orasida shakllangan iliq va samimiy munosabatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirgan rasmiy tashrifi, ikki yetakchining doimiy muloqotlari hamda buning natijasida davlatlar oʻrtasida hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk allomalar vatani boʻlgan Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik haqida maʼlumotlar berildi.
Oʻz navbatida Shayx Nahayon Muborak Ol Nahayon Oʻzbekiston va uning Rahbariga boʻlgan ehtiromini aytib, diniy-maʼrifiy, millatlararo yoʻnalishda hamkorlik qilishi yangi tajriba ekanligi, bu uchun safarni tashkil etishga koʻrsatma bergan Oʻzbekiston Prezidentiga samimiy minnatdorligini bildirdi.
Shayx Nahayon suhbat asnosida birodarlik va hamkorlik butun insoniyat uchun eng zarur rishta ekani, bashariyat aslida Parvardigor tomonidan Yerni obod qilish uchun yaratilgani, muqaddas islom taʼlimotini asrab-avaylash hozirda har qachongidan ham koʻra dolzarbligini taʼkidladi.
Hozirda davlat diniy tashkilotlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, tayinlanadigan imomlarga ruxsatnoma berish, diniy tashkilotlarning xavfsizligini saqlash zaruratini ham aytib oʻtdi. Aslida bularning barchasi aholi manfaatlari va oʻzaro bagʻrikengligiga katta taʼsir etishini qayd qildi.
2016-yilda tashkil etilgan Vazirlik muloqot va hamjihatlik, innovatsiya va tashabbuslar, tinchlik va xavfsizlik, yaxshilikni dunyoga yoyish kabi yoʻnalishlarni oʻz oldiga maqsad qilib olgan. Suhbatda Shayx Nahayon Oʻzbekistondagi turdosh tashkilotlar bilan hamkorlikka tayyorligini va ushbu muloqot hamkorlikka zamin boʻlishini bildirdi.
Manba: iiau.uz