Home / ALLOMALAR / ABU BAKR AHMAD IBN MUHAMMAD IBN AHMAD IBN XORAZMIY BARQONIY

ABU BAKR AHMAD IBN MUHAMMAD IBN AHMAD IBN XORAZMIY BARQONIY

hadis va faqih alloma
(vaf.425/1034)

Abu Bakr Barqoniy 948 yil Xorazm yaqinida joylashgan Barqon shahrida tugʻilgan. Allomaning toʻliq ismi Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Xorazmiy Barqoniy. U dastlab taʼlimni shahridagi olimlardan olgan. Hadis ilmiga ishtiyoqi yuqori boʻlgan alloma Bagʻdod, Jurjon, Hirot, Isfara, Nishopur, Marv, Damashq, va Misr kabi ilm-fan markazilariga borib, Daraqutniy, Abu Ali Savvof, Abu Bakr Qotiy, Abu Bakr Ismoiliy va boshqa muhaddis allomalardan hadis tinglagan va ulardan hadis rivoyat qilgan. Abu Bakr Barqoniy Bagʻdod shahrida  hadis ilmidan  dars bergan. Uning shogirdlari orasida Xatib Bagʻdodiy, Abu Abdulloh Suriy, Abu Bakr Bayhaqiy, Abu Isʼhoq Sheroziy kabi mashhur muhaddis olimlar chiqqan. Abu Bakr Barqoniy zehni tez, xotirasi kuchli, odob-ahloqli, hadis rivoyat qilganda sinchkov, jiddiy va bagʻrikengligi bilan maqtovga sazovor inson boʻlgan.   U 1034 yil rajab oyining birinchi kuni Bagʻdodda vafot etgan. Mansur masjidi atrofidagi qabristonga dafn etilgan.

Allomaning “Musnadul Xorazmiy” nomli asari boʻlib, unda “Sahihul Buxoriy”, “Sahihul Muslim” da kelgan hadislar yozilgani uchun “al-Jomiʼ baynas sahihayn” ham deb nomlagan. Asarning yagona nusxasi bugungi kunda Haydarobod shahridagi Asafiya kutubxonasida saqlanadi. Abu Bakr Barqoniyning bizgacha yetib kelgan yana bir asari – “At-tahrij li sahihul hadis”dir.  Uning bir nusxasi Dublin shahridagi Chistrbitti kutubxonasida saqlanadi. Hajmi oʻn varaq.

 Shuningdek, alloma “Sualatu Abu Bakr Barqoniy va javabatud Daraqutniy” (“Juzʼ fihi sualatu Abu Bakr Barqoniy”) nomlangan risolasiga mashhur muhaddis allomalar Sufyon Savriy, Ayyub Sahtiyoniy, Shuʼba ibn Hajjoj, Ubaydulloh ibn Umar, Abdumalik, Ibn Umayr, Bayon ibn Bishir, Matar ibn Varroqlarning rivoyat qilgan hadis va ismlarini alohida-alohida bob qilib kiritgan. Abu Bakr Barqoniy muhaddis Misar ibn Qidomiyning ismi va hadislarini kiritish bobiga kelgan mahalida vafot etgan. “Sualatu Abu Bakr Barqoniy va javabatud Daraqutniy”ning bir nusxasi bugungi kunda Istanbul shahridagi Toʻpqopi saroyi muzey kutubxonasida saqlanadi. Allomaning fiqh ilmiga oid asarlari borligi aytib oʻtilgan, ammo manbalarda ular haqida aniq maʼlumotlar keltirilmagan.

I.Daurbekova, D.Halimova,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari.
Turkiya Diyonat vaqfi “Islom ensiklopediyasi”dagi maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …