Home / MAQOLALAR / “HIZBUT TAHRIR” DAʼVOLARIGA RADDIYALAR (Xalifalik borasida)

“HIZBUT TAHRIR” DAʼVOLARIGA RADDIYALAR (Xalifalik borasida)

Bugungi kunda oʻzlarini ahli sunna val jamoa tarkibida deb daʼvo qilib, islom davlatini barpo etishga va islom dini aqidasiga zid ishlarga daʼvat etayotgan “Hizbut tahrir” oqimi va uning domiga tushib qolganlarda atrofidagilarga nisbatan nafrat tuygʻusi shakllanib qolgan. Ular boshqalarni islomga, imon-eʼtiqodga chaqirishadi-yu, ammo qalblarida oʻzi vaʼz qilayotganlarga nisbatan nafratni saqlaydi. Ularning xatti-harakatlari, daʼvolari va eʼtiqodi ahli sunna val jamoa manhajiga xilof boʻlib, maqsadlari musulmonlarga yaxshilik emas, aksincha ular orasida turli tafriqa va ziddiyatlarni keltirib chiqarish ekanligi koʻpchilikka maʼlum boʻlib turibdi.

“Hizb” arabcha “partiya”, “tahrir” “ozodlik” maʼnolarini anglatadi. Vaqtida Falastin ozodligi daʼvosida bu firqa tuzilgan. Keyin asosiy maqsad bir chetda qolib, olamshumul xayoliy gʻoyani, yaʼni xalifalik qurish dastak qilib olingan. Qaysidir maʼnoda u kommunizm gʻoyasiga oʻxshaydi. Bu gʻoya targʻibotchilari bir vaqtlar “kommunizm jannatga oʻxshash bir hayot, hech bir muammo boʻlmaydi”, deyishardi. Albatta, bu uydirmadan boshqa narsa emas.

Hozirgi paytga kelib “Hizbut tahrir” va unga oʻxshagan boshqa buzgʻunchi tashkilotlar oʻzlarining islomga zid boʻlgan vayronkor gʻoyalarini tarqatish va yoshlarni tuzoqqa ilintirish yoʻlida internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Ular islomga zid daʼvolari, ahli sunna aqidasiga toʻgʻri kelmaydigan qarashlari va oʻz gʻoyalarini islom shiorlari bilan niqoblab, ijtimoiy tarmoqlarda chiroyli suratda maʼruza qilish orqali ayrim ilmsiz kishilarni oʻz domiga tortib bormoqda.

Avvalambor shuni aytish kerakki, Qurʼoni karimda “Dinni barpo qilingiz va unda firqa-firqaga boʻlinmangiz!”[1] degan hukm bor. Ahli sunna val jamoadan ajralib chiqib, boshqa oqimlar yoʻliga kirish hech kimga foyda keltirgan emas, aksincha faqat zarar keltiradi. Agar siz, 10-15 yil avval shu yoʻlga kirgan, bilim va tushunchasi, hayot tajribasi toʻlishgan kishilar bilan hamsuhbat boʻlsangiz, bu xayoliy narsa ekanini, shu narsaga undagan daʼvatchilar esa, boshingga ish tushsa, kuningga yaramasligini, mudom parda ortida turishini aytadi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda bu haqiqatni anglab yetib, “Hizbut tahrir”dan qaytayotgan kishilar koʻpaydi. Ularning aksariyati boshi berk koʻchaga kirib qolganiga iqror boʻlishmoqda.

Alloh taologa beadad hamdu sanolar boʻlsinki, siz bu islom ummatini xatokor, adashgan, dinda chuqur ketgan holatda hech qachon koʻrmaysiz. Ummat orasidan mabodo birortasi shunday holatga tushsa ham, Alloh taolo bunday adashgan musulmonlarni oʻz fazlu inoyati bilan zalolat – xato yoʻldan qaytarib, ularga hidoyat – toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadigan zabardast ulamolarni ham chiqarib qoʻydi.

Biz ham hizbut tahrirning maqsadlarini musulmon birodarlarimizga yanada ochiqroq anglatish uchun quyida bu oqimning islom diniga, ochiqdan ochiq Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislariga zid daʼvolarini keltirib oʻtishni maqsadga muvofiq deb topdik. Shoyad ayrim adashgan kimsalar bu oqimlarning asl maqsadlarini anglab yetsalar.

“Hizbut tahrir” xalifalik davlati oʻrnatishni daʼvo qilishadi. Bu gʻoya ularning asosiy maqsadidir. Aslida musulmonlarga xalifalikni tiklash vojibligiga dalolat qiluvchi biron oyat ham, hadis ham mavjud emas. Aksincha, barcha sharʼiy dalillar tahlil qilinsa, bu daʼvo islom shariatiga zid ekanligi maʼlum boʻladi.

Maʼlumki, islom dini avvalida musulmonlar jamiyatining boshqaruvi bevosita paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqaruvlarida boʻlgan. U zot vafotlaridan soʻng, musulmonlar jamiyati xalifalar boshqaruviga oʻtdi. Keyinchalik islom sarhadlari kengayib, xalifalik ham turli hududlarga boʻlinib ketdi va alaloqibat musulmon oʻlkalarida nomi xalifalik, boshqaruv tuzumi mulkchilikka, maʼlum bir hududlarga asoslangan podshohliklar vujudga keldi. Ular rasman xalifalik deb nomlansa-da, aslida davlat boshqaruvi podshohlik tuzumi edi. Vaqtlar oʻtishi bilan u davlatlar xalifalik deb atalmay, oʻz nomi bilan podshohlik, sultonlik deb yuritila boshlandi. Aslida ham shunday boʻlishi kerak edi. Chunki, aytib oʻtganimizdek, u davlatlardan faqat xalifalik degan nomi qolgan edi, xolos.

Har bir tuzum va har bir jamiyatda boʻlgani kabi keyinchalik bunday davlat boshqaruvlaridan norozi boʻladiganlar paydo boʻla boshladi. Ular oʻz noroziliklarini jamiyatda xalifalik boshqaruvini joriy qilish gʻoyasi asosida izhor qilishdi, hatto bu gʻoya ortiga oʻzlarini gʻarazli maqsadlarini yashirishdi. Ular Islom tarixini eng gullab yashnagan davri xalifalik boshqaruvini yana amalda qayta joriy qilish va shu orqali goʻyoki musulmonlarni yagona bir davlatga birlashtirib, qudratli xalifalik davlati tuzish daʼvolari ostida turli xil fitnali harakatlar, urush va xunrezliklarni amalga oshirdi. Bu daʼvo ostida qanchadan-qancha begunoh insonlar qoni, xossatan tinch aholi, bolalar, ayollar, qariyalar qoni toʻkildi, musulmon xalqlari yashaydigan obod oʻlkalar vayron boʻldi. Bunga yaqin oʻtmish ham guvoh. Shaxsiyati nomaʼlum bir guruh kimsalar tomonidan xalifalik boshqaruviga qaytish daʼvolari, shuni sabab qilib jihodga chorlash, internet sahifalarida hozir ham tez-tez koʻzga tashlanib turadi. Holbuki, xalifalik va u davrga qaytish daʼvolari ayrim toifalarning hokimiyatni egallash yoʻlidagi asosiy gʻoyaviy quroliga aylanib ulgurgan. Ularning bu daʼvolariga qarshi chiqqan har qanday kishi, hatto islom dinining zabardast ulamolari ham hech ikkilanmasdan kofirga chiqarilib, imkon topilganlari oʻldirildi. Holat bu ummatning olimlari, hatto ayollari va bolalari oʻldirilish darajasigacha yetib kelgan boʻlsa-da, hali- hanuz ularning tuzogʻiga tushayotganlar topilmoqda. Holat shu darajaga kelgan boʻlsa-da hali hanuz xalifalik masalasi islom diniga eʼtiqod qiluvchi musulmon xalqlari orasidagi ayrim johil kimsalar uchun bahsli masalalardan biri boʻlib qolmoqda.

“Xilofa, xalifa” – (الخلافة) soʻzi lugʻatda “oʻrinbosar” maʼnosini anglatadi. Ushbu soʻz Qurʼoni karimda quyidagi oyatlarda kelgan:

﴿وَإِذۡ قَالَ رَبُّكَ لِلۡمَلَٰٓئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٞ فِي ٱلۡأَرۡضِ خَلِيفَةٗۖ قَالُوٓاْ أَتَجۡعَلُ فِيهَا مَن يُفۡسِدُ فِيهَا وَيَسۡفِكُ ٱلدِّمَآءَ وَنَحۡنُ نُسَبِّحُ بِحَمۡدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَۖ قَالَ إِنِّيٓ أَعۡلَمُ مَا لَا تَعۡلَمُونَ٣٠﴾

Eslang, (Ey, Muhammad,) Rabbingiz farishtalarga: “Men yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, – deganida, (ular) aytdilar: “Unda (Yerda) buzgʻunchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar toʻkadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: “Men sizlar bilmagan narsani bilaman”[2].

﴿يَٰدَاوُۥدُ إِنَّا جَعَلۡنَٰكَ خَلِيفَةٗ فِي ٱلۡأَرۡضِ فَٱحۡكُم بَيۡنَ ٱلنَّاسِ بِٱلۡحَقِّ وَلَا تَتَّبِعِ ٱلۡهَوَىٰ فَيُضِلَّكَ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱلَّذِينَ يَضِلُّونَ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِ لَهُمۡ عَذَابٞ شَدِيدُۢ بِمَا نَسُواْ يَوۡمَ ٱلۡحِسَابِ٢٦﴾

Ey, Dovud! Darhaqiqat Biz seni yerda xalifa qildik. Bas, sen (nafsu) havoga ergashib ketmagin! Aks holda, u seni Allohning yoʻlidan ozdirur. Albatta, Alloh yoʻlidan ozadigan kimsalar uchun hisob kunini unutib qoʻyganlari sababli qattiq azob bordir[3].

Ushbu suralardagi oyatlar mazmunidan kelib chiqib, xalifa oʻz nafsini jilovlay olgan, yer yuzida buzgʻunchilikni har qanday koʻrinishiga va nohaq qon toʻkishga mutlaqo qarshi boʻlgan kishi, deb ham taʼvil qilish mumkin. Demak, xalifa avvalo oʻzini taqvodorligi bilan xalq orasida tanilgan, Alloh taoloning roziligi yoʻlida yer yuzini isloh etadigan, adolat va haqiqat bilan hukm yurgizadigan, xalqlar orasida ezgulikni tarqatadigan kishidir.

Amalda esa bu soʻz Muhammad sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan soʻng u zotning oʻrniga din va dunyo ishlarini boshqarish uchun saylangan kishiga nisbatan aytiladi[4].

Xalifalikka saylanish uchun quyidagi shartlar topilishi lozim boʻlgan[5]: ilm, adolat, xalqni himoya qilish va dushmanga qarshi turishga qodirlik, ham jismonan, ham maʼnan sogʻlomlik, Quraysh qabilasidan boʻlish[6]. Xalifalikka kelish yuqorida koʻrsatilgan shartlar bilan bir qatorda omma tomonidan saylanish va bayʼat qilish orqali amalga oshirilgan.

Safina roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni: “Mendan soʻng xalifalik oʻttiz yildir. Undan keyin podshohliklar boʻladi”, deb aytayotganlarini eshitdim. Abu Bakr xalifaligi ikki yil, Umarning xalifaligi oʻn yil, Usmon roziyallohu anhuning xalifaligi oʻn ikki yil va Ali roziyallohu anhuning xalifaligi olti yil davom etdi, dedi. Roviylar sanadidagi Ali ibn Jaʼd: Hammod ibn Salamadan: Oxirgi soʻzni Safina aytganmi? deb soʻradim, dedi. Hammod: Ha, deb javob berdi[7].

Hadisda Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam oʻzlaridan soʻng musulmonlarda davlat boshqaruvi xalifalik koʻrinishida oʻttiz yil davom etishi, undan soʻng xalifalik boshqaruvi tugab boshqaruv podshohlik shaklida boʻlishi taʼkidlamoqda hamda davlat tuzumi oʻsha tuzumda boʻlishi maʼqul ekanligiga ishora qilmoqda. Biz eʼtibor qilishimiz lozim boʻlgan yana bir jihat mavjud boʻlib, u bugungi kunda xalifalik davlatini qurishni daʼvo qilayotgan kimsalardir. Ularning bu soʻzlari ushbu hadisga nomuvofiq, aksincha Rasululloh soʻzlariga qarshi soʻzdir.

Bu yerda rostgoʻylarni eng rostgoʻyrogʻi boʻlgan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam “mendan keyin xalifalik oʻttiz yil”, yaʼni undan soʻng hech qanaqa xalifalik boʻlmaydi, deb “yolgʻon” gapirdilarmi yoki xalifalik quramiz deb musulmonlarning qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirayotganlarni daʼvosi botilmi? Oʻz-oʻzidan maʼlumki, paygʻambarimiz hech qachon yolgʻon soʻzlamagan. Ammo shunday boʻlsa-da bu daʼvoni koʻtarib chiqayotgan, taʼbir joiz boʻlsa, Paygʻambarimizni yuqorida aytgan soʻzlarini inkor qilib, u zotni yolgʻonchiga chiqarayotgan kimsalarga ergashayotganlar ham topilib turibdi.

“Hizbut tahrir” partiyasini vujudga kelishidagi yana bir nozik nuqtani diqqat bilan koʻrib chiqamiz. “Hizbut tahrir” partiyasining asoschisi Taqiyuddin Nabahoniy (1909-1979) sotsiolog olim boʻlganligini, “Hizbut tahrir” partiyasi esa diniy emas, siyosiy tashkilot ekanligini ham alohida eʼtiborga olishimiz kerak. Maʼlumki, sotsializm taʼlimotida feodalizm (yoki kapitalizm)dan sotsializmga, sotsializmdan kommunizmga, yaʼni ikki bosqichdan soʻng kommunizm tuzumiga oʻtish gʻoyasi mavjud. Karl Marks va Fridrix Engels gʻoyalari taʼsirida ulgʻaygan Nabahoniy ularning gʻoyasini oʻzi tugʻilib oʻsgan xalqlar orasida targʻib etmoqchi boʻladi. Ammo arablar dahriylikka asoslangan kommunistik mafkurani qabul qilmasligini yaxshi bilgani uchun uni islom diniga moslashtirishga harakat qiladi, qisman buni uddasidan chiqadi, desak yanglishmaymiz. Agar taqqoslab koʻrsak, sotsializm targʻibotchilari, yuqorida aytib oʻtganimizdek, ikki bosqichdan soʻng xalqlarni kommunizmga yetkazish gʻoyasini ishlab chiqqan. Nabahoniy esa mazkur hadisda aytilgan “ikki podshohlik”ni oʻz maqsadi yoʻlida taʼvil qilib, sotsialistlarning gʻoyasiga moslashtiradi va ularning taʼlimotidagi “kommunizm qurish”ni “xalifalik qurish” deya talqin qilgan. Karl Marks va Fridrix Engels gʻoyasi puch gʻoyalardan iborat ekanligi, kommunizm qurish shunchaki choʻpchak ekanligini vaqt koʻrsatib berdi. Muxtasar qilganda, “choʻpchak” taʼsiridan vujudga kelgan hizbchilarning bu gʻoyasiga ergashish ham sahroda sarobga intilish bilan barobardir.

Islom tarixida boʻlgan xavorijlar va undan boshqa adashgan oqimlarda boʻlgani kabi hozirgi davrda ham xalifalik daʼvosini koʻtarib chiqayotgan adashgan oqimlarning asl maqsadlari musulmonlar manfaatidan boshqa narsa ekanligini dunyoning nufuzli ulamolari taʼkidlashmoqda. Har bir moʻmin musulmon kishi ularning botil daʼvolaridan ogoh boʻlib, oʻzi va masʼul boʻlganlarini bunday kimsalar aldoviga ilinib, notoʻgʻri yoʻlga kirib qolishdan saqlash choralarini koʻrishi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.

[1] Shoʻro surasi. 13-oyat.
[2] Baqara surasi. 30-oyat.
[3] Sod surasi. 26-oyat.
[4]Vahba az-Zuhayliy. Fiqhu-l-islomiyi va adillatuhu. Dorul-fikr. Damashq. 8-juz. –B 468.
[5]Imom Saʼduddin at-Taftazoniy soʻzi. Muhammad Rashid ibn ali Rizo. Majallatu-l-minor. 27-juz. –B 208. / Arshifu multaqo ahlil-hadis. 3-juz. –B 337.
[6]Xalifalikka nomzod quraysh qabilasidan boʻlishi kerakligi hadis bilan dalillangan. Ammo ulamolar bu hadisni sahih emas, deyishadi.
[7]Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon. Sahih ibn Hibbon bi tartibi Ibn Bulbon. 15-juz. –B 392. 6943-hadis. Sanadi hasan hadis, Imom Zohid Abu Isʼhoq Saffor Buxoriy. Talxiysul adilla liqvoidit tavhid. Al-Maktabatul azhariyya. 2016. B.756.

T.Evadullayev, N.Qobilov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari

 

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …