Home / MAQOLALAR / FARZAND TARBIYASI

FARZAND TARBIYASI

Bola tarbiyasi, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, xatolarini toʻgʻrilash nozik va jiddiy masaladir. Bu borada, ayniqsa, texnika taraqqiyoti shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir davrda kelajak avlodga xavf solib turgan tashqi fitnalar, millat va dinimizga yot boʻlgan turli gʻoyalarga qarshi kurashib, “Ommaviy madaniyat” niqobidagi turli xil axborot xurujlaridan ogoh boʻlmogʻimiz darkor. Farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga oʻz vaqtida eʼtibor bersak, shunda kelajagimizni, jamiyatimizni turli maʼnaviy inqirozlardan saqlagan boʻlamiz. Ushbu ishlarga ota-onalar, ustozu murabbiylar va taʼlim sohasidagi tashkilotlar birdek masʼuldir.

Alloh taolo aytadi: “Ey imon keltirganlar! Allohga va Rasulga (buyruqlariga) xiyonat qilmangiz va (bir-biringizdagi qoʻygan) omonatlaringizga (ham) bilib turib xiyonat qilmangiz!” (Anfol surasi, 27-oyat).

Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Har biringiz oʻz qoʻl ostingizdagilarga vasiy va masʼuldirsizlar. Imom oʻz qoʻl ostidagilarga vasiy va masʼuldir. Erkaklar oʻz oila aʼzolariga vasiy va masʼuldirlar, ayollar oʻz erining uyidagi bor narsalarga masʼuldir(Buxoriy va Muslim rivoyati).

Darhaqiqat, Alloh taolo bizga farzand neʼmatini omonat oʻlaroq berdi. Biz shu omonatga xiyonat qilmasdan, Yaratganimizning Oʻzi buyurganidek bolalarimizga taʼlim-tarbiya berishimiz kerak. Aks holda, omonatga xiyonat qilib qoʻysak, buni javobgarligi ham qattiq boʻladi.

Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom aytganlaridek, biz qoʻlimiz ostidagilarga, jumladan, farzandlarimizga masʼulmiz. Ushbu masʼuliyatni chuqur his qilgan holda, bolalarimizning odob-axloqi, taʼlim-tarbiyasiga har kuni vaqt ajratishimiz shart. Koʻpchiligimiz bolaning yaxshi yeb-ichishi, qimmat kiyim-kechagi, xullas, moddiy tomoniga bor eʼtiborimizni qaratamiz, lekin odob-axloqi, ilm olishiga kelganda oqsaymiz. Vaholanki, avvalo ularni ilmga koʻproq qiziqtirishimiz, tarixda oʻtgan ota-bobolarimiz, buyuk ajdodlarimiz ilmi sabab yuksak natijalarga erishganini ibrat qilib koʻrsatishimiz kerak. Maʼrifatparvar, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniyning quyidagi hikmatlari tarbiya borasidagi eng aʼlo taʼrifdir: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”. Shunday ekan har birimiz mazkur hikmatning magʻzini chaqishimish va amal qilishimiz lozim.

Hasan Rasulov
“Muhsinxon Toʻra Eshon” jome masjidi
imom noibi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …