Home / MAQOLALAR / EKSTRЕMIZM – JAMIYAT UCHUN ZARAR

EKSTRЕMIZM – JAMIYAT UCHUN ZARAR

Ekstremizm – jamiyat uchun anʼanaviy boʻlgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid boʻlgan gʻoyalarni aldov va zoʻrlik bilan targʻib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi.

Ekstremizm va terrorizm bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan yagona jarayonning birin-ketin rivojlanadigan bosqichlaridir.

Ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiysi sababi mutaassib fikr va qarashlarning paydo boʻlishidir. Mutaassiblik muayyan gʻoyalarning toʻgʻri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan ketish, “oʻzgalar” va “oʻzgacha” qarash va gʻoyalarga murosasiz munosabatda boʻlish, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etgan holda, ularni tan olmaslikda namoyon boʻladi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yoʻnalishlar orasida keskin nizo va toʻqnashuvlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan.

Ayni paytda, dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham ekstremistik gʻoyalarning tarqalishiga sabab boʻlishi mumkin.

Yuqorida qayd etilganidek, ekstremistik tashkilotlarning aksariyati oʻz nomini muqaddas islom dini bilan bogʻlashga urinadi. Ular oʻzlarini “najot topgan guruh”, qolgan musulmonlarni esa kofir deb hisoblaydilar.

“Islom” soʻzining lugʻaviy maʼnolaridan biri “tinchlik” boʻlib, u hech qachon buzgʻunchilikka, qotillikka undamagan va undamaydi ham. Zamonaviy terrorchilar esa buzgʻunchilik va qotillik, odamlarni dahshatga solishni oʻzlarining maslaklariga aylantirib olganlar.

Qurʼoni karimda begunoh odamlarning joniga qasd qilish qoralanadi. Jumladan, “Niso” surasining 93-oyatida bunday marhamat qilinadi: “Kimda-kim qasddan bir moʻminni oʻldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh gʻazab qilgay, laʼnatlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qoʻygay”.

Hadislarda ham bu borada koʻplab xabarlar kelgan. Jumladan, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning nazdida bir musulmon kishining nohaq qatl etilishidan koʻra, yorugʻ dunyoning barbod boʻlib ketishi yengilroqdir”, dedilar”.

Olimxon ISAQOV,
Bilim yurti oʻqituvchisi
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …