Home / MAQOLALAR / ALISHER NAVOIY ASARLARIDA ILM-FANGA ZAMONAVIY YONDASHUV

ALISHER NAVOIY ASARLARIDA ILM-FANGA ZAMONAVIY YONDASHUV

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6097-son farmonida rivojlanayotgan mamlakatlar raqobatbardoshlikni oshirish va mustahkamlash boʻyicha yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va global marketingni faol oʻzlashtirish, ustuvor yoʻnalishlarda oʻz ilmiy maktablarini tashkil etish, tajribali va malakali mutaxassislarni jalb etish, innovatsion salohiyatga ega istiqbolli startaplarni qoʻllab-quvvatlash, uzoq muddatli barqaror rivojlanishning moliyaviy va institutsional asoslarini yaratish asosiy masalalardan biri hisoblanadi.

Odamzod ilmni oʻrganish orqaligina hosil qiladi. Oʻrganish esa kishining tafakkuri, narsa va hodisalarga kuchi yetganicha aniqlik kiritishdir. Ilmni odam bolasi yaratilgandan boshlab toʻxtovsiz ravishda oʻrganadi. Ilm inson vujudining xushmanzara bogʻidir va odamiylik olamining javohirga boy togʻidir. Yumshoq koʻngillilik hodisalar tola dengizdagi kishilik kemasining langari desa boʻladi va insoniyat qadrini oʻlchaydigan tarozining toshiga tenglashtirsa ham boʻladi. Ilm axloqi odamning qimmatbaho libosi va u kiyim turlarining eng chidamli matosidir.

Agar inson ilm nuri bilan oʻz yoʻlini yoritmasa zulmat va nodonlik koʻchasida qoladi. Kishi qalbining nuri, ilmi va maʼrifati bilan baquvvat boʻladi. Ilmdan hali hech kim zarar koʻrgan emas. Ilmni egallab olish esa bir sanʼatdir. Yaxshi tahsil koʻrgan va ilm nuri bilan xulqini yaxshilagan har bir inson har yerda izzat topadi. Ilm-inson uchun ziynat. Aqlini nodonlikdan qoʻrqitgan har bir ayol esa nomus, izzat, ayollik qadrini tushunib yetadi.

Muqaddas Islom dinimizni ham ilmsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Qurʼoni karimda ilm soʻzi va uning shakldoshlari 811 joyda zikr qilingan. Bu esa Alloh taoloning nazdida ilmning naqadar muhimligini koʻrsatadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, dedilar”.

Farz bajarilishi lozim, shart boʻlgan buyruqdir. Demakki, har bir musulmon ilmga ega boʻlib, kishilarni hidoyatga daʼvat qiluvchi shaxs boʻlishga urinmogʻi lozim. Islomda ilm talab qilish beshikdan to qabrgacha farz qilingan. Ilm olishning foydalari beqiyosdir. Shulardan bir nechtasini sanab oʻtamiz:

  1. Ilm orqali Alloh taniladi, unga ibodat qilinadi, va tavhid asosida yashash yoʻlga qoʻyiladi.
  2. Ilm eʼtiqodlar va ibodatlarning asosidir.
  3. Ilm talab qilish ham ibodatdir.
  4. Ilm pastni baland, xorni aziz va singanni butun qiladi.
  5.  Ilm tufayli silai rahm qilinadi va haq-huquqlar ado etiladi.

Ilm xoh diniy xoh dunyoviy boʻlsin. Ikkisini ham ibodatdir. Musulmon kishi har tomonlama yuksak saviyali, kuchli, irodali boʻlishi zarur. Tashqaridan keladigan xurujlarga tayyor turmogʻi darkor. Diniy ham dunyoviy tomondan tushunarli, aniq faktlar orqali javob qaytarib, xurujlarning oldini olishi lozim.

Din taʼlimotlarini yaxshi tushunish banda uchun katta baxt-saodat boʻlib, bu holat Alloh taolo unga yaxshilikni iroda qilganiga dalolat qiladi. Demak, diniy ilmni bandaga Alloh taoloning Oʻzi beradi. Shuning uchun ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam gaplarining davomida: “Albatta, men taqsimlovchiman, xolos. Alloh beradi”, deganlar.

Ilm – eng fazilatli amaldir, chunki u ikki dunyo saodatining kalitidir. Inson ilm va maʼrifat bilangina chinakam hayotdir. Insonning hayotini toʻgʻri yoʻlga solmagan, uning feʼl-atvorida, amalida taʼsiri bilinmagan, Alloh va Uning Rasulining yoʻliga yetaklamagan ilmda yaxshilik, xayr-baraka yoʻqdir. Shuning uchun oʻrganilgan emas, amal qilingan ilm haqiqiy ilm sanaladi. Oʻqigan, bilganiga amal qilmagan odam bu ilmning hammoli boʻladi, xolos. Shuning uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam manfaatsiz ilmdan panoh soʻraganlar. Mavlono Rumiy aytganlaridek, “Jaholat – zulmatdir. Qorongʻida daraxt dev boʻlib, olma esa tosh boʻlib koʻrinadi”. Johil odamga oddiy narsa qoʻrqinchli boʻlib, yaxshi narsa foydasiz boʻlib koʻrinadi. Bu illatning davosi esa talabi ilmdir. Ilm haq bilan botilni farqlashning eng muhim vositalaridan biridir, bitmas-tuganmas xazinadir. Ilmning oʻzi shu qadar fazilatlarga ega ekan, uni oʻrgatgan olimlar, ustozlar, murabbiy va muallimlarning fazli qanchalar ulugʻ boʻladi? Albatta, bizni ilm dengizidan, hikmat sarchashmalaridan bahramand qilgan ustozlarimizning darajotlari benihoya yuksak boʻladi. “Ustoz otangdan ulugʻ” deydi dono xalqimiz.

Har bir insonni, u harchand koʻp ilmga ega boʻlmasin, bir kamtar ustoz oʻqitgan, tarbiyalagan boʻladi. Hech kim oʻz-oʻzidan olim boʻlib qolmaydi. Ilm faqat oʻqib-oʻrganish bilan hosil boʻladi. Bu esa tolibi ilmdan iroda, qatʼiyat, gʻayrat-shijoat talab qilsa, ustozdan mehr, talabchanlik va togʻdek sabr-matonat talab qiladi. Bu fazilatlar bilan neʼmatlantirilgan zotlar Alloh taoloning dargohida eng yuksak darajotlarga ega boʻladilar.

Bizning ajdodlarimiz, bobokalonlarimiz ana shunday tolibi ilm boʻlganlar, ilm oʻrganishni oʻzlariga farz deb bilganlar, ilm oʻrgatishni oʻzlariga burch deb bilganlar, pok niyat bilan ilm ummonidan duru javohirlar qidirganlar. Diyorimiz, ona Vatanimiz Islom nuri ila munavvar boʻlgan davrdan boshlab oʻlkamiz ilmu maʼrifat maskaniga aylandi, son-sanoqsiz masjidu madrasalar bino boʻldi, ulardan ming-minglab buyuk allomalar, ulugʻ zotlar yetishib chiqdi. Xalqimizning chinakam iftixori boʻlmish bu olimu ulamolar, fozilu fuzalolar bashariyatga mudarris boʻldilar, Islom nurini butun olamga taratdilar, butun dunyoni ilmu maʼrifatga, kutubxonalarini kitoblarga toʻldirdilar. Biz ana shunday ulugʻ ajdodlarning avlodimiz, ular qoldirib ketgan bitmas-tuganmas ilmiy merosning, ulkan xazinaning vorislarimiz. Yurtimiz istiqlolga erishganiga chorak asr toʻlgan bugungi dorilomon kunlarda sizu bizning, yoshlarning vazifasi yana ilmga berilish, bugungi kunda inson vazifasi fan-texnika taraqqiyoti tufayli erishgan barcha bilimlarni egallashdir. Zero, yuqorida aytganimizdek, Islom dini insonning ikki dunyo saodatiga erishishi uchun manfaatli boʻlgan har bir bilimni ilm deb hisoblaydi, baʼzilar oʻylaganidek, ilmni diniy yoki dunyoviy deb farqlamaydi. Vatanimizning mustaqilligini mustahkamlashning eng muhim vazifasi har bir sohada oʻz mutaxassislarimizni, olimlarimizni yetishtirishdir. Shunday ekan, ilm-fanning qaysi yoʻnalishi boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzligimizga qaytishimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashimiz, olim bobokalonlarimiz qoldirib ketgan qoʻlyozmalarni oʻqib, oʻrganib, ulardan hayotning bugungi talablariga javob bera oladigan bilim va koʻnikmalar hosil qilishimiz lozim.

Oʻzbek xalqining ulugʻ mutafakkiri, maʼrifatparvari va buyuk shoiri Alisher Navoiy yoshlarni tarbiyalash ishiga alohida eʼtibor berdi. U bolalarni ilm-hunarni, mehnatni sevishga undab, oʻrganilgan ilm va hunarni xalq, vatan yoʻlida sarf qilish zarurligini uqtirdi.

Alisher Navoiy ilm, maʼrifat haqida ajoyib fikrlarni olgʻa surdi. U aql, ilm insonning eng goʻzal va zaruriy fazilatlaridan biri, har bir kishining eng muhim burchi ilm olishdir, deb hisobladi. Navoiyning fikricha, ilm-fanni egallash uchun yoshlikdan boshlab astoydil oʻqish-oʻrganish kerak: “Yoshligingda yigʻgil bilimni, qarigach sarf qilgʻil ani”, degan shoirning oʻzi ham juda yoshligidan taʼlim oladi, oʻqishga beriladi. U yoshligidanoq koʻp sheʼrlarni yod bilgan. Jumladan, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (“Qush nutqi”) asarini bolalik chogʻlaridayoq qayta-qayta oʻqib, yod olgan. Alisher Navoiy keyinchalik maktab va maorif masalalariga katta ahamiyat berdi. U mehnatkash xalq bolalarini oʻqitish va tarbiyalash uchun maktablar ochish va madrasalar qurish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qildi. Alisher Navoiy Astrobodda surgunda yurganida podshoh Husayn Boyqaroga yozgan xatida oʻgʻil va qiz bolalar uchun maktablar ochishni talab qilgani, shaxsan oʻzi madrasalar qurishda tashabbus koʻrsatgani buning yaqqol dalilidir.

Navoiyning fikricha, maktab xalqqa nur keltiradi, unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatadi, bolalarni bilimli qiladi. U oʻzining “Ixlosiya” madrasasi yonida maktab ochib, bolalarni oʻqitish va tarbiyalash uchun zarur sharoit yaratib, buning uchun lozim boʻlgan mablagʻ ajratadi. Navoiy dars beruvchini quyoshga oʻxshatadi va bu quyosh oʻz atrofidagi yulduzlarga nur sochadi, yaʼni hali ilmdan bexabar boʻlgan toliblarga ilm nurini sochadi, maʼrifat beradi, deydi.

Buyuk soʻz sanʼatkori va mutafakkiri oʻzining bir qancha asarlarida bolalar tarbiyasiga oid fikrlarini aytish bilangina kifoyalanib qolmasdan, balki “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi dostonlarining ayrim boblarini shu masalaga bagʻishlaydi. “Hayrat ul-abror” (Yaxshi kishilarning hayratlanishi) falsafiy-taʼlimiy dostondir. Navoiy bu asarida oʻzining falsafiy, ijtimoiy-siyosiy hamda kishilarga taʼlim va oʻgit berish masalalariga katta eʼtibor beradi. Dostonda zolim hukmdorlarni qoralab, ikkiyuzlamachi, riyokor ruhoniylarning sir-asrorlarini keskin fosh etadi. Xususan, shoir saxiylik, odob va kamtarinlik, ota-onaga hurmat, rostgoʻylik va toʻgʻrilik, ilmning foydasi va kambagʻal oʻquvchilarning bu yoʻlda chekkan azoblari haqida batafsil toʻxtalib oʻtadi.

“Hayrat ul-abror” asarining bir necha boblari odob-axloq va taʼlim-tarbiya masalasiga bagʻishlangan. Navoiy bu dostonning oltinchi maqolotida odob va kamtarlikni ulugʻlab, taʼlim-tarbiyaga doir qimmatli fikr-mulohazalarini bayon qilish bilan birga, takabbur va odobsiz kishilarni qattiq qoralaydi. Shoir dostonning bu maqolotida bola tarbiyasi, uni oʻstirish, oʻqitish va balogʻatga yetkazish hamda bu borada ota-onalarning vazifalari haqida batafsil fikr yuritadi. Shoir yoshlarni ota-onaning xizmatini bajarishga, ularni hurmat qilishga, ularga nisbatan hamisha mehr-muhabbatli boʻlishga chaqiradi, ota-onani oy va quyosh deb taʼriflaydi:

Boshni fido ayla ato qoshigʻa,
Jismni qil sadqa ano boshigʻa…
Tun-kunungga aylagali nurposh,
Birisin oy angla, birisin quyosh

Navoiy ilmdan amalda foydalanish zarurligini taʼkidlaydi:

Ilm, Navoiy, senga maqsud bil,
Endiki ilm oʻldi amal aylagil.

Navoiy yomon odat va xulq-atvorlarni shafqatsiz qoralashi, oliyjanob insoniy fazilatlarni qadrlashi, bolalarni oʻqish, oʻrganish va yuksak odobli, aʼlo xulqli boʻlishga chaqirishi katta ahamiyatga ega boʻlib, bolalar adabiyotining shakllanishida juda muhimdir. Uning bir qator axloqiy-taʼlimiy qarashlari hozirgi kunda ham oʻz qadr-qimmatini saqlab kelmoqda.

 “Albatta olimning obidga nisbatan fazilati toʻlin oyning yulduzlarga koʻra fazliga oʻxshaydi”. Ilm talabidagi kishi bilan ibodatdagi obid oralaridagi farq xuddi toʻlin oy ila yulduzlar oʻrtasidagi farqqa oʻxshaydi. Bu oʻxshatishni anglash uchun juda ham chuqur bilim shart emas, chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallam ummatga oʻz oʻgitlarini soddagina qilib tushuntirib beradilar. Bizga ularni tushunish uchun faqatgina eshitish yoki ozgina mutolaa qilish kifoya.

Bugun Yangi Oʻzbekiston hayotining barcha sohalari chuqur islohotlar maydoniga aylangan. Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar haqida toʻlqinlanib soʻzlamaslikning iloji yoʻq. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda taʼlim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar hal qiluvchi bosqichga kirdi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli boʻlib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, koʻplab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tugʻiladi. Shunday ekan, Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi desam, oʻylaymanki, butun xalqimiz bu fikrni qoʻllab-quvvatlaydi”.

Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy qismini, albatta, oliy taʼlim tizimidagi islohotlar tashkil etadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilgʻor taʼlim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi sohadagi yangi islohotlar uchun debocha vazifasini bajarib bermoqda Bugungi kunda jahondagi nufuzli oliy taʼlim muassasalari ilm-fanning yirik oʻchoqlari hisoblanishi hech kimga sir emas. Hozirda yangi-yangi oliy oʻquv yurtlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda. Misol uchun, soʻnggi 5 yilda mamlakatimizda 47 ta yangi oliy taʼlim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarining soni 125 taga etdi. Oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilganligi, oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazilishi oliy taʼlimga qamrab olish koʻlamini yanada kengaytirdi.

Taʼlim tizimidagi eng muhim yangiliklardan biri oliygohlar va taʼlim tizimining quyi boʻgʻinlari oʻrtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy oʻquv yurtlari tasarrufiga oʻtkazilishi, shuningdek, 187 ta texnikum ham oʻz yoʻnalishi boʻyicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktirilishi boʻldi.

Yana bir narsani taʼkidlash lozim bugungi yoshlar qanchalik bilimli, tarbiyali, dunyoqarashi keng, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega vatanparvar boʻlib kamolga yetsa, yangi Oʻzbekistonni qurishga shu qadar kamarbasta boʻladi.

Xulosa qilib aytishimiz lozim. Dunyoga endigina kelgan chaqaloqni goʻyo oppoq, top-toza daftarga tashbeh qilish mumkin. Endi bu daftarga u koʻradigan, eshitadigan, sezadigan barcha narsalar yozila boshlaydi. Demak, inson hayotining ilk lahzalaridan boshlab beixtiyor ilm ola boshlaydi. Ammo “ilm” soʻzi lugʻatda “bilish, anglab, tushuncha hosil qilish, bir narsaning haqiqatini, mohiyatini bilish” kabi maʼnolarni anglatadi. Shuning uchun Islom ulamolari ilmga “haqiqatni xuddi voqeʼlikdagidek idrok qilish ilmdir” deb taʼrif berishgan. Buning maʼnosi shuki, olingan maʼlumot bir narsaning asl mohiyatini toʻgʻri anglatsagina, undan dunyo va oxiratimizga manfaat hosil boʻlsagina chinakam ilm hisoblanadi.

Foydalangan adabiyotlar.
  1. Sh. M. Mirziyoyev 2020 yil 29 oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish”.
  2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Olam va odam, Din va ilm“ 2019.
  3. Alisher Navoiy Mahbubul qulb.
  4. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim vazirligining ilmiy metodik jurnali Til va Adabiyot Talimi.
Internet maʼlumotlari:
Mudassiraxon MUHAMMADIYEVA,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Islomshunoslik fakulteti
Islomshunoslik yoʻnalishi
1-kurs talabasi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …