Home / MAQOLALAR / MAORIF XALQ KOMISSARLIGINING “ILGʻOR” VAZIFALARI

MAORIF XALQ KOMISSARLIGINING “ILGʻOR” VAZIFALARI

Oʻrta asrlardan boshlab Turkiston madaniy hayotida maktab va madrasa alohida ahamiyat kasb etgan. Taʼlim tizimining bu bosqichi yoshlarning ilm-fan oʻrganishida asosiy poydevor vazifasini oʻtagan. Ammo xalqaro savdoning quruqlik orqali tanazzuli, siyosiy parokandalik va XIX asr oʻrtalarida chet el mustamlakachilarning bosqini maorif tizimi rivojiga salbiy taʼsir etdi. Bu holat mamlakatni zamona ilmiy yutuqlaridan orqaga qolib, turmush va oʻlka hayotining tanazzulini boshlab bergan.

XX asr boshlarida taʼlim islohoti masalasida muxolif kuchlar sovetlar tomonidan bosqichma-bosqich magʻlub etildi. Milliy manfaatlarni koʻzlab boshlangan harakatlar bartaraf etilib, shoʻro siyosatiga mos gʻoya va mafkura joriy qilingan. Komunistlar rahnamosi V.I.Lenin: „Siyosiy va harbiy soha kabi madaniy masala tez yechib  boʻlmas jarayon. Tanazzulning kuchayishi davrida bir necha haftada siyosiy gʻalabaga, urush bilan bir necha oyda gʻalaba qilish mumkin. Ammo madaniy sohada bunday davrda gʻalabaga erishib boʻlmaydi. Masalaning mohiyatiga koʻra, bu yerda uzoqroq muddat kerak va inson oʻz ishini hisoblab matonat, qatʼiyat va tizimlilik asnosida uzoqroq davrga moslashishi kerak“[1] – deb yoʻl-yoʻriq berishi bunga dalil. Shu tariqa xalq maorifining 1917-1924 yillarini shoʻro tarixshunosligida quyidagi bosqichlarga boʻlishgan[2]:

  1. Fevral inqilobi davri;
  2. Oktyabr inqilobining dastlabki 3 yillik davri – 1918, 1919 va 1920 yy (harbiy komunizm davri);
  3. Yangi Iqtisodiy siyosatning dastlabki davri (1921-1922 yy);
  4. Tiklanish davri (1923-1924 yy).

Ushbu davrlarda evolyutsion yoʻl bilan sovet boshqaruv hokimiyati vakillari taʼlim tizimini oʻz manfaatlari uchun xizmat qiluvchi sohaga aylantirishgan. Yangi sovet maktablarini tashkil etish, rivojlantirish va barcha xalq taʼlimini ishini yuritish uchun 1917 yil 23 noyabrda Turkiston Markaziy xalq komissarligi tarkibida Oʻlka maorif xalq komissarligi tashkil etilgan. 1918 yil iyun oyi oʻrtalarida Turkiston ASSR tuzilishi asnosida Oʻlka maorif xalq komissarligi TASSR Maorif xalq komissarligi nomi bilan qayta tashkil topdi[3]. 1918 yil 22 avgustda Xalq maorif komissarligi kollegiyasining tashkiliy yigʻilishida Maorif xalq komissarligi boʻlim boshliqlari tasdiqlangan. Maorif xalq komissarligini boshqarish uchun xalq komissari, 2 nafar yordamchi va 2 nafar aʼzodan iborat kollegiya zimmasiga yuklatilgan. Kollegiya tomonidan komissarlik boʻlim boshliqlari va komissiya kotibi ham tayinlangan.

Maorif xalq komissarligi vazifasiga xalq taʼlim tizimini tashkil etishning respublika bosh rejasini ishlab chiqish, joylarda oʻquv-tarbiya ishlarini birlashtirish, respublika smetasini tuzish va taʼlim jarayonida ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash kiritilgan. Shuningdek, Respublikaning barcha viloyat va tumanlaridagi xalq taʼlimi boshqarmalari yagona umum qonunlarda belgilangan tartib asosida ish olib borgan.

Tuman (Uezd) xalq taʼlimi boʻlimlari Maorif xalq komissarligi tomonidan belgilangan qoidalarni amalga oshirish va amaliyotga tatbiq etish, xususan taʼlimni umumiy targʻib qilish uchun barcha choralarni koʻrgan. Tuman xalq taʼlimi maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari boʻlimlarga boʻlingan. Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan viloyat ahamiyatidagi fan, taʼlim va taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish yuzasidan tuman xalq taʼlimi boʻlimlariga koʻrsatma va topshiriqlar berib kelingan. Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi yillik hisob-kitoblarni koʻrib chiqish va tasdiqlash, vaqt-vaqti bilan tuman xalq taʼlimi  boʻlimi vakillarining majlisini va taʼlim xodimlarining viloyat qurultoyini chaqirib turish, viloyatda xalq taʼlimining holati toʻgʻrisida hisobotlar tuzish kabi vazifalarni amalga oshirgan.

Maorif xalq komissarligi tashkil etilgan dastlabki yillarda biror-bir nomga ega boʻlmagan besh boʻlimda shakllantirilgan. 1-boʻlim: a) umumtaʼlim savodxonlik; b) umumtaʼlim maktablarini joriy etish; v) mustaqil sinf tashkilotlariga yordam berish. 2-boʻlim: a) ilmiy-pedagogik kadrlarini tayyorlash; b) oliy taʼlim muassasalari; v) ilm-fan. 3-boʻlim: a) texnikaviy maktablar va siyosiy taʼlim; b) sanʼat; 4-boʻlim: a) maktab tibbiyoti va gigiyena; b) statistika va eksperemental pedagogika; 5-boʻlim: a) maktabgacha tarbiya; b) maktabdan tashqari tarbiya;

1925 yilga kelib Maorif komissarligi faoliyati yangicha mazmun kasb etadi. Komissarlik barcha tashabbusni oʻz qoʻliga olib, mahalliy xalq bilan kelishmasdan taʼlim va maktab masalasida mustaqil qarorlarni qabul qila boshlagan. Masalan: “Oʻzbekistonda xalq maorifi usulining asosiy masalalari” nomli maqolada: “Turkiston jumhuriyatining maorif komissarligi xalq maorifi ishida hech bir vaqt mukammal va asosiy bir usulgʻa molik boʻla olmadi va bu ishgʻa imkoniyati ham yoʻq edi. Chunki Turkiston jumhuriyatidagi yashogʻuvchi xalqlarning madaniy sharoitlari har xilda boʻlgʻonlikdan uni belgilash juda qiyin edi. Oʻzbekiston maorif komissarligi mana shu asosiy masalani bizga qanday ruhdagʻi maktablar kerakligini va ularning oʻzaro qanday munosabatda boʻlishlari lozimligʻini hal qilsa kerakdir. Xalq maorifini asosiy usuli eng kichkinadan olib to eng katta yoshdagʻi oʻqugʻuchilar va tarbiyalanguchilarning madaniy sharoitlarigʻa muvofiq tuzilishini oʻz ichiga olmogʻi tegishdir”[4] – deb vaziyatga xolisona baho berilgan.

Markazdan chiqarilgan qarorlar Ittifoqqa kirgan har bir davlat uchun oʻz nomini qoʻyib qabul qilish anʼanasi kuchaya borgan. Sotsializm gʻoyasi ruhida chiqarilgan qarorlarning ijrosi qatʼiy nazoratga olingan. Masalan: “Marksizm va riyoziyot” nomli maqolada: “proletariat oʻzining sinfiy dushmanlariga jamiyat partizanlariga qarshi kurashganda faqatgina jismoniy olishish bilan qanoatlanib qoʻya qolmaydi. U mafkura maydonida ham tizgisini qoʻldan bermasdan taraqqiyotni, tarix gʻildiragini orqaga surmoqchi boʻlgʻan “qora kuchlar reaksion unsurlari” bilan oʻzining soʻngi gʻolibiyotigʻacha olishodi”[5] – deb baho bergan. Ushbu jumladan boshqaruvni qoʻliga olgan sovet hukumati butun bir jamiyat qatlamini oʻz panjasiga qay yoʻl bilan boʻlmasin, mustahkam nazoratga olgan.

Xullas, Ittifoq markazining barcha idoralari, shu jumladan Maorif xalq komissarligi ham shaklan milliy, mazmunan sotsialistik siyosat yurgizgan. Komissarlik tarkibiga kirgan boshqarmalar markaz manfaati yoʻlida uzoq yillarga moʻljallab “yuqoridan” belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlashgan. 

FOYDALANGAN ADABIYoTLAR
  1. Oʻzbekiston Milliy arxivi. Fond R-34
  2. Serbov P.I., Nikiforov A.D. Narodnoye prosveщyeniye v Uzbekistane. –Samarkand-Tashkent: Uzbekskoye gosudarstvennoye izdatelstvo, 1927.
  3. “Maorif va oʻqitgʻuvchi” ijtimoiy-siyosiy, taʼlim-tarbiyaviy, adabiy,fanniy, ilmiy jurnal. 1-son, mart, –Samarqand shahri, 1925 yil.
  4. “Maorif va oʻqitgʻuvchi” ijtimoiy-siyosiy, taʼlim-tarbiyaviy, adabiy,fanniy, ilmiy jurnal. 7-8-son, iyul-avgust, –Samarqand shahri, 1929 yil.
Suxrob ERGASHЕV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …