Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros obyektlari muammolarini oʻrganish va turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida “Diniy mavzularda ekskursiyalar oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari” mavzusida maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Samarqand shahrida faoliyat koʻrsatuvchi gid va ekskursovodlarning malaka oshirish dasturi doirasida tashkil etilgan tadbirda Markaz direktori, tarix fanlari doktori, dotsent Shovosil Ziyodov, direktor oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Otabek Muhammadiyev hamda boʻlimlar boshliqlari “Islom tarixi”, “Islomdagi soʻfiylik: umumiy tavsif”, “Ziyorat turizmining ayni holati va taraqqiyot istiqbollari” mavzularida maʼruza qildi.
Maʼruzalarda asosiy urgʻu diniy-maʼrifiy sayohatlarni uyushtirishning eʼtiborga molik jihatlari, islom tarixiga oid, islom ilmlari rivojiga munosib hissa qoʻshgan allomalar haqida keng maʼlumot berish, shuningdek, ziyorat turizmi obyektlari bilan bogʻliq masalalar muhokamasiga qaratildi.
Tadbir qizgʻin munozara va savol-javob tarzida oʻtdi.